Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Turi qonun chiqaruvchi hokimiyat
Maqomi oliy davlat vakillik organi
Ishga tushgan sanasi 2002-yil 20-yanvar
Joylashuvi Toshkent shahri, Bunyodkor shoh koʻchasi, 1-uy
Hududiy hizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Spiker Nurdinjon Ismoilov
Bosh mahkamasi Kengash
Aʼzolari 150 nafar aʼzodan iborat
Vebsayti parliament.gov.uz
Til(lar)i Oʻzbek, Rus

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasi.[1]

Vakolatlari[tahrir]

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 79-moddasida vakolatlari berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlariga:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
  3. oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
  4. siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.

Spikeri[tahrir]

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻz tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʻrinbosarlarini saylaydi. Spiker va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi. Spiker yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:

  1. Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
  2. Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
  3. Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
  4. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
  5. parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
  6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va oʻzga tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish koʻradi;
  7. Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi;
  8. ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
  9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi.

Tuzilmasi[tahrir]

Qoʻmitalar[tahrir]

  1. Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi
  2. Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi
  3. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi
  4. Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qoʻmitasi
  5. Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi
  6. Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi
  7. Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi
  8. Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi
  9. Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi
  10. Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi
  11. Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi
  12. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi[2]

Komissiyalar[tahrir]

Qonunchilik palatasi muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.

Komissiya Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar orasidan komissiya raisi va a’zolaridan, zarurat bo‘lganida esa, shuningdek komissiya raisining o‘rinbosaridan iborat tarkibda tuziladi.

Komissiya tuzilgani to‘g‘risida Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi.

Qonunchilik palatasining komissiya tuzilgani to‘g‘risidagi qarorida komissiyaning nomi, maqsadi va vazifalari, uning miqdoriy va shaxsiy tarkibi, komissiyaning raisi, komissiyaning faoliyat ko‘rsatish muddati (oldindan belgilangan muddatga yoki muayyan vazifalarni bajarish muddatiga), komissiyaning vakolatlari, komissiya ishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar belgilangan bo‘lishi kerak.

Ayrim masalalarni tayyorlash uchun komissiya davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning vakillari orasidan ishchi guruhlari tuzishga haqlidir.

Qonunchilik palatasida quyidagi qo'mitalar faoliyat yuritadi:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi
  2. Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi Kengash
  4. Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya
  5. Oila va ayollar masalalari boʻyicha komissiya[3]

Devon[tahrir]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi organi bo‘lib, Qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlar faoliyatining tashkiliy, huquqiy, axborot, tahliliy, moddiy-texnika va moliyaviy ta’minotini amalga oshiradi.

Qonunchilik palatasi Devoni o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Qonunchilik palatasi, uning Kengashi qarorlariga, Qonunchilik palatasi Spikerining farmoyishlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.

Qonunchilik palatasi Devoni o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining devonlari, ijro etuvchi hokimiyat va sud hokimiyati organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Qonunchilik palatasi Devoni Qonunchilik palatasi Spikerining va Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining bevosita rahbarligi ostida ishlaydi.

Qonunchilik palatasi Devoniga Qonunchilik palatasi Devonining rahbari boshchilik qiladi.

Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining o‘rinbosari bo‘ladi, u Qonunchilik palatasi Devoni tuzilmaviy bo‘linmalarining qonun ijodkorligi faoliyati sohasidagi ishini muvofiqlashtirib boradi, Qonunchilik palatasi Devoni rahbari yo‘qligida uning vazifalarini bajaradi, shuningdek o‘ziga topshirilgan ish uchastkalariga rahbarlik qiladi.

Qonunchilik palatasi Devoni quyidagi tuzilmaviy bo‘linmalarni o‘z ichiga oladi:

Qonunchilik palatasining qo‘mitalari huzuridagi kotibiyat;

Qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqishni tashkil etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh;

Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limi;

Yuridik bo‘lim;

Matbuot va tahririyat bo‘limi;

Xalqaro aloqalar bo‘limi;

Matbuot xizmati;

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi;

Xatlar va fuqarolarni qabul qilish bo‘limi;

Umumiy bo‘lim;

Moliya, hisob va hisobot bo‘limi;

Moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi.

Qonunchilik palatasi Devoni bo‘limlari tarkibida sektorlar, guruhlar va boshqa tuzilmaviy bo‘linmalar tuzilishi mumkin.

Qonunchilik palatasining qo‘mitalari huzuridagi kotibiyatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

qo‘mitalarning qonun ijodkorligiga doir faoliyatini tashkiliy, uslubiy, axborot va ilmiy-maslahat jihatidan ta’minlash;

qo‘mitalarga maslahat, uslubiy va axborotga oid yordam ko‘rsatish, ularga tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ko‘maklashish;

qonun loyihalarini tayyorlash uchun ishchi guruhlarni shakllantirishda qo‘mitalarga ko‘maklashish va ularning ishida ishtirok etish;

qo‘mitalarda ish yuritishni tashkil etish va olib borish, hujjatlarning o‘z vaqtida o‘tishi va Qonunchilik palatasi rahbariyatining topshiriqlari o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan nazorat olib borish.

Muvofiqlashtiruvchi guruhning asosiy vazifasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarining va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ko‘rib chiqilishini tashkil etish hamda bu loyihalarni Qonunchilik palatasida tayyorlash, ko‘rib chiqish, shuningdek qabul qilishning yoki bekor qilishning barcha bosqichlarida kuzatib borishdan iborat.

Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlari faoliyatini tashkiliy, axborot-tahliliy va maslahat jihatidan ta’minlash;

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bajarilishini monitoring qilish va har tomonlama tahlil etishni amalga oshirish, ushbu yo‘nalishlar samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

qonun ijodkorligi jarayonining keng ko‘lamli tahlilini amalga oshirish, qonunlarni ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Qonunchilik palatasining deputatlari, qo‘mitalari va deputatlar birlashmalariga ular tomonidan nazoratga oid vakolatlarini amalga oshirishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish.

Yuridik bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonunlar, qarorlar loyihalarining, Qonunchilik palatasida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini amalga oshirish;

normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek huquqiy tusdagi ma’lumot va axborot materiallarini tayyorlash;

Qonunchilik palatasi rahbariyatiga, Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga (komissiyalariga), deputatlariga va Qonunchilik palatasi Devonining boshqa tuzilmaviy bo‘linmalariga axborot-huquqiy jihatdan ko‘maklashish;

qo‘mitalarning faoliyatiga axborot-huquqiy jihatdan ko‘maklashish, yuridik-maslahat yordami ko‘rsatish;

Qonunchilik palatasiga kelib tushayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olishni amalga oshirish va tizimlashtirish.

Matbuot va tahririyat bo‘limining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

qonunlar, qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning o‘z mazmuniga muvofiq bir xil hamda to‘g‘ri qo‘llanilishini, adabiy til qoidalari va normalarining, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarning talablariga aniq rioya etilishini ta’minlash;

Qonunchilik palatasining matbuot organlari faoliyatini muvofiqlashtirishda ishtirok etish;

Qonunchilik palatasining, uning Kengashining, shuningdek Qonunchilik palatasi Devonining faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni tahrir va tarjima qilishni amalga oshirish.

Xalqaro aloqalar bo‘limining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

xalqaro munosabatlarni amalga oshirishda Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkiliy, axborot, tahliliy va maslahat jihatidan ta’minlash;

Qonunchilik palatasining, uning qo‘mitalarining (komissiyalarining), parlamentlararo guruhlarning xalqaro va parlamentlararo aloqalarini ta’minlash, bu aloqalarni rivojlantirish va kengaytirishga ko‘maklashish, shuningdek chet el diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi boshqa chet el vakolatxonalari bilan Bo‘limning vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan amaliy aloqalar bog‘lab turish;

qo‘mitalarga xalqaro munosabatlar, parlamentlararo aloqalar masalalari bo‘yicha axborot-huquqiy jihatdan ko‘maklashish, maslahat yordami ko‘rsatish;

Qonunchilik palatasida xorijiy parlament delegatsiyalarining, boshqa delegatsiyalarning va chet ellik mehmonlarning tashriflarini, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlarining, uning Devoni xodimlarining tashriflarini, xizmat safarlarini tashkil etishga doir tadbirlarni amalga oshirish.

Matbuot xizmatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xolisona xabardor etish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni tashkil etish;

Qonunchilik palatasining faoliyati to‘g‘risida rasmiy xabarlarni tayyorlash hamda ommaviy axborot vositalarida va Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida tezkorlik bilan tarqatish.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda qo‘llash sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish va «Elektron parlament» tizimini joriy etishga doir kompleks dasturni takomillashtirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya tizimini, shu jumladan elektron ovoz berish tizimini shakllantirish, rivojlantirish va undan foydalanish;

Qonunchilik palatasining, uning Kengashining, qo‘mitalarining (komissiyalarining), Qonunchilik palatasi deputatlarining va Devoni xodimlarining faoliyatiga axborot-texnik jihatdan xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash;

Qonunchilik palatasi deputatlariga va uning Devoni xodimlariga qonun loyihalarini ko‘rib chiqishda, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa masalalarni hal etishda ko‘maklashish.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi o‘z zimmasiga Devon rahbari tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Xatlar va fuqarolarni qabul qilish bo‘limining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Qonunchilik palatasiga kelib tushayotgan va undan chiqib ketayotgan xatlarga doir ishlarni tashkil etish;

jismoniy va yuridik shaxslarning Qonunchilik palatasiga kelib tushayotgan murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish.

Umumiy bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Qonunchilik palatasi, uning Kengashi majlislariga tashkiliy-texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash;

ish yuritishni olib borishda Qonunchilik palatasining qo‘mitalariga (komissiyalariga), deputatlar birlashmalariga va Qonunchilik palatasi Devonining tuzilmaviy bo‘linmalariga uslubiy yordam ko‘rsatish;

Qonunchilik palatasida ish yuritishni tashkil etish va ta’minlash;

Qonunchilik palatasi, uning Kengashi majlislarining va Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan boshqa tadbirlarning stenogrammalari hamda bayonnomalari o‘z vaqtida yuritilishi va rasmiylashtirilishini tashkil etish;

Qonunchilik palatasi kutubxonasining ishini tashkil etish.[4]

Manbalar[tahrir]