Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniOʻzbekiston Respublikasi prezidentining axborot-tahlil va tashkiliy-nazorat organi hisoblanadi.[1] Devon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi, unga boʻysunadi va bevosita unga hisobdordir. Devon oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, sud hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.

Devonning asosiy vazifalari[tahrir]

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlash;
  • aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlari soʻzsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kadrlarga oid davlat siyosatini, shuningdek davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini taʼminlash;
  • davlatning ichki va tashqi siyosati asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetini muhofaza qilish, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
  • oliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining bahamjihat ishlashini taʼminlashda koʻmaklashish;
  • mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini taʼminlashda koʻmaklashish;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi, ularga oʻz ustavlarida belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirishlariga teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilishi kafolatlarini taʼminlash, *fuqarolik jamiyati institutlari bilan ularning demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurishdagi rolini oshirish borasida samarali hamkorlik qilish;
  • davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati hamda tendensiyasini tahlil qilish, uning natijalari boʻyicha samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosatini oʻtkazish, ilm-fanni, madaniyatni, taʼlimni, sogʻliqni saqlashni, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tuzilmalarning, shuningdek uning vakolatlarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi maslahat va kengash organlarining faoliyatini tashkil etish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy hamda protokol jihatidan taʼminlash;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini tashkil etish va ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Devon tuzilmasi[tahrir]

Devon rahbariyati[tahrir]

Zaynilobiddin Shaxobbidinovich Nizomiddinov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari;
Aziz Yuldashevich Magrupov — Prezident yordamchisi — Prezident Administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari;
Alisherbek Azizovich Paygʻamov — Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari;
Komil Ismoilovich Allamjonov — Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari - Prezident matbuot kotibi;
Xayriddin Madriddinovich Sultonov — Prezident maslahatchisi — Spichrayteri;
Sherzod Davlatovich Qudbiyev — Prezidentning davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Alisher Zafarovich Saʼdullayev — Prezidentning davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari;
Umar Sapayevich Ismoilov — Prezidentning davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari boʻyicha maslahatchisining oʻrinbosari;
Rustam Rasulevich Inoyatov — Prezidentning islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Bekzot Mardonovich Mavlonov — Prezidentning islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari;
Mansurbek Polvonzoda Olloyorov — Prezidentning islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;
Nozimbek Mansurbekovich Rustambekov — Prezidentning islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;
Tursinxan Aydarovich Xudaybergenov — Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Ulugʻbek Islomovich Muxammadiev — Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari;
Alisher Usmanov — Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;
Abdujabbor Abdusattarovich Abduvohidov — Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi;
 — Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari;
Asqarali Davlatovich Daminov — Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;
Rustam Sobirovich Qosimov — Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori;
Olim Odilovich Soliev — Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari.[2][3][4]
Zelimxon Haydarov — Prezident Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamenti rahbari;
Gʻulomov Ravshan Ayubovich — Prezidentning iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Galina Karimovna Saidova — Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari;
Suhrob Rustamovich Xolmurodov — Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;
Nodir Sobirovich Otajonov — Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;

Tashkiliy-kadrlar xizmati[tahrir]

  • kadrlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarni shakllantirish, davlat xizmati institutini takomillashtirish va maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Devon nomenklaturasiga kiruvchi kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek ushbu lavozimlarga kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshiradi;
  • davlat hokimiyati, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlarning boshqaruv kadrlari faoliyati samaradorligi monitoringini oʻtkazadi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, shuningdek boshqaruv kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha boshqa muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash boʻyicha konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirilishiga koʻmaklashadi, geraldika sohasidagi yagona davlat siyosatini yuritilishini taʼminlaydi.

Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati[tahrir]

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy masalalar boʻyicha faoliyatini taʼminlaydi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonun ijodkorligi sohasidagi konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
  • qonunchilik normalarining ijro etilishi amaliyotini joylarga chiqqan holda tahlil qilinishi va oʻrganilishini tashkil etadi, uning natijalari boʻyicha qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
  • parlament, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, joylardagi davlat hokimiyati vakillik organlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlaydi;
  • sud hokimiyati organlarining mustaqilligi, erkinligini yanada mustahkamlash, uning inson, tadbirkorlik subʼektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilinishini taʼminlashda mavqeini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibot, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash ahvoli toʻgʻrisida xabardor qiladi;
  • adliya organlari, prokuratura va ichki ishlar organlarining ularga yuklatilgan vazifalarni bajarilishi boʻyicha faoliyatlarini samarali muvofiqlashtirishni taʼminlaydi, ular faoliyatining tizimli monitoringini oʻtkazadi, ular tomonidan huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik va ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni koʻradi;
  • sudlarda, adliya, prokuratura va ichki ishlar organlarida kadrlarga oid davlat siyosatini oʻtkazilishini taʼminlaydi, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, siyosiy boshpana berish, amnistiya, Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan sudlangan shaxslarni afv etishga oid masalalariga doir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati[tahrir]

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etadi va muvofiqlashtiradi, shuningdek ularning faoliyatini meʼyoriy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi;
  • davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyatini, shu jumladan joylarga sayyor chiqishlarni tashkil etishi hamda kelib tushayotgan murojaatlar boʻyicha tezkorlik bilan tegishli chora-tadbirlarni koʻrish orqali nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
  • Xalq qabulxonalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish, qayta ishlash, koʻrib chiqish va ular boʻyicha qarorlar qabul qilinishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshiradi;
  • mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi, aybdor shaxslar javobgarligining muqarrarligini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
  • murojaatlarga asos boʻlgan tizimli qonun buzilishlarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash yuzasidan doimiy tahlillar oʻtkazadi, murojaatlarni koʻrib chiqishda aniqlangan tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan huquqni qoʻllash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
  • murojaatlar bilan ishlashni yanada takomillashtirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati[tahrir]

  • mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati va tendensiyasining chuqur va kompleks tahlilini, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar dinamikasi, iqtisodiyot, uning tarmoqlari, ijtimoiy soha va respublika hududlarida sifat koʻrsatkichlarining tizimli monitoringini amalga oshiradi;
  • makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga, iqtisodiyotning yuqori surʼatlar bilan oʻsishini saqlab qolishga, tarkibiy oʻzgartirishlarni chuqurlashtirishga, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni isloh qilish va rivojlantirishning muhim ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
  • bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarida institutsional oʻzgarishlarni amalga oshirish, zamonaviy bozor infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
  • iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini strategik va iqtisodiy jihatdan asoslangan miqdorlargacha qisqartirish, xususiylashtirish va aksiyalashtirish, xususiy mulkning ustuvor mavqeini taʼminlash, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish va fond bozorini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishini muvofiqlashtiradi;
  • iqtisodiyotning real sohalarini diversifikatsiyalash, modernizatsiya qilish va texnik yangilash, xom ashyoni toʻliq qayta ishlash hamda raqobatdosh, ichki va tashqi bozorlarda talabgir boʻlgan, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega, import oʻrnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, import oʻrnini bosish va mahsulot ishlab chiqarishni chuqur mahalliylashtirish, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani jadal yangilash boʻyicha maqsadli dasturlarni hamda investitsiya dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi;
  • investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, xorijiy, birinchi navbatda, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish, aprobatsiya qilingan ilgʻor xorijiy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro moliya institutlari, nufuzli xorijiy kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
  • tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, tashqi savdo aylanmasi mutanosibligini mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini oshirish va undan maksimal foydalanish, eksport tarkibi va geografiyasini yanada diversifikatsiyalash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
  • hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning tabiiy va iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, mintaqalar iqtisodiyotini izchil rivojlantirish va modernizatsiyalashni taʼminlash, uning tarkibini diversifikatsiyalash va mavjud nomutanosiblikni bartaraf etish, mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash, aholi punktlari qiyofasini tubdan oʻzgartirish, qulay uy-joy qurish, shu asosda shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi;
  • moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish, investitsiya jarayonlari va tadbirkorlikka moliyaviy koʻmak koʻrsatishda banklarning rolini oshirish, bankdan tashqari moliya institutlari va moliya bozori infratuzilmasini keng rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi;
  • ijtimoiy siyosatni amalga oshirish sohasidagi ishlar ahvolini, aholining moddiy farovonligi va eng muhim ehtiyojlarining qondirilishi darajasini, zarur hollarda, joylarga chiqqan holda tizimli tahlili va oʻrganilishini amalga oshiradi, aholi bandligini taʼminlash, xizmat koʻrsatish sohasini jadal rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va manzilli boʻlishini kuchaytirish hamda shu asosda aholi turmush darajasi va sifatini oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi.

Ommaviy axborot vositalari, maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat, sanʼat va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati[tahrir]

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyati, davlat rahbarining oliy darajadagi uchrashuvlari va rasmiy qabullari milliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida xolis, sifatli va tezkor yoritilishini taʼminlaydi, xalqaro va etakchi milliy ekspert-tahlil muassasalarning vakillari ishtirokidagi matbuot-konferensiya, intervyu va boshqa tadbirlarni tashkillashtiradi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga va mamlakatimiz boʻyicha tashriflarini yuksak darajada yoritish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • ommaviy axborot vositalarining davlat va jamiyat hayotini demokratlashtirish va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi rolini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
  • mustaqillikning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlar, anʼana va urf-odatlarni asrash, yosh avlodning qalbi va ongida Vatanga muhabbat, mustaqillik gʻoyalariga sadoqatni chuqur singdirish, ularni istiqlolimizga, mamlakatimizning tinch va osoyishta hayotiga xavf soluvchi turli axborot va mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • Oʻzbekiston xalqining madaniy merosini saqlash va koʻpaytirish, aholining madaniy va estetik talablarini qanoatlantirish, teatr, kinematografiya, musiqa, xoreografiya, estrada, tasviriy sanʼat, sirk, xalq amaliy sanʼat hamda sanʼatning boshqa yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
  • mamlakatning ijodiy tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, ijodkor ziyolilar – adabiyot, madaniyat va sanʼat arboblarini milliy mustaqilligimiz gʻoyalarini keng targʻib etish, maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi ishlarga faol jalb qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maʼruza va chiqishlari, tabrik va xatlari loyihalarini tayyorlashni tashkil qiladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining asarlari, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotidagi muhim sanalar munosabati bilan yubiley foto-albomlari va kitoblari chop etilishini taʼminlaydi.

Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmati[tahrir]

  • nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini qurishdagi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
  • qatʼiy hayotiy pozitsiya va mustahkam maʼnaviy immunitetga ega boʻlgan, jamiyat hayotida munosib oʻrinni egallashga va mamlakatimizning hal etuvchi kuchi va tayanchi boʻlishga qodir barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
  • mahalla institutini, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarni yanada takomillashtirish, fuqarolar yigʻinlarining xalq bilan muloqot qilishda, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, oilalar va mahallalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishda, yoshlarni tarbiyalashda, aholini manzilli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va uning boshqa dolzarb masalalarini hal qilishdagi roli va ahamiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, Oʻzbekiston Respublikasidagi turli millat va elat vakillari oʻrtasidagi oʻzaro teng huquqli hamkorlikni yanada mustahkamlashga koʻmaklashadi, davlat organlarining milliy madaniy markazlar va Doʻstlik jamiyatlari kengashi bilan samarali hamkorligini taʼminlaydi;
  • mamlakatimizdagi diniy vaziyatni, vijdon va eʼtiqod erkinligi boʻyicha qonunchilikka rioya etilishining tizimli monitoringini amalga oshiradi, jamiyatda diniy bagʻrikenglik muhitini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi, diniy-maʼrifiy merosni saqlash, diniy ekstremizm gʻoyalari va missionerlik faoliyatining tarqalishiga qarshi kurash ishlarining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.

Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati[tahrir]

  • taʼlimning uzluksizligini taʼminlashga va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalda samarali ijro etilishi boʻyicha ishlarni tashkil qiladi;
  • mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari, zamonaviy fan yutuqlarini hisobga olgan holda ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-texnik taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini iqtisodiyot, ijtimoiy, taʼlim va boshqa amaliy faoliyat sohalariga joriy qilishni kengaytirish, ilmiy kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishini taʼminlaydi;
  • sogʻliqni saqlash va sport sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash va yaxshilash, sogʻlom avlodni tarbiyalash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng ommalashtirish, Olimpiya oʻyinlarida, jahon birinchiliklarida, Osiyo chempionatlarida, xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston terma jamoalari sportchilarining natijadorligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Ishlar boshqarmasi[tahrir]

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan tadbirlarni moliyaviy, moddiy-texnik va boshqa jihatlardan taʼminlaydi, shuningdek Devon faoliyatini moddiy-texnika jihatidan taʼminlashni amalga oshiradi;
  • Devonda ish yuritishni tashkil etadi;
  • Devon faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishini taʼminlaydi;
  • Ishlar boshqarmasi boʻysunuvidagi tarkibiy boʻlinmalarga rahbarlik qiladi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi, Ishlar boshqarmasiga qarashli boʻlgan binolar, inshootlar va boshqa obʼektlarni talab darajasida saqlaydi.

Ijro etuvchi apparat[tahrir]

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatini tashkiliy-texnikaviy, axborot-tahliliy hamda protokol jihatidan taʼminlashni amalga oshiradi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berish uchun tushayotgan yozishmalar, maʼlumotlar, tahliliy va boshqa materiallarni qayta ishlash, tizimlashtirish va tahlil qilishni taʼminlaydi, shuningdek, ular boʻyicha berilgan topshiriqlarning bajarilishini nazorat qiladi;
  • mamlakatni rivojlantirish va isloh qilish, shuningdek, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy materiallar va maʼruzalar tayyorlanishini taʼminlaydi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan yigʻilish va muzokaralarga oid, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Vazirlar Mahkamasi rahbarlari va aʼzolarining, xoʻjalik birlashmalarining, barcha darajadagi hokimlarning hisobotlarini eshitishga doir maʼlumotlarni tayyorlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanadigan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomiga yuboriladigan tabrik xatlari va telegrammalar loyihalarini tayyorlashni taʼminlaydi.

Devonning huquqlari va javobgarligi[tahrir]

Devon oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlardan koʻrib chiqilayotgan masalalarni tahlil qilish va qayta ishlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
  • zarurat boʻlganda, axborot-tahliliy materiallar, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarini jalb qilish, shu maqsadlarda ishchi komissiyalar va guruhlar tuzish;
  • qonunchilikka muvofiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar faoliyatini ular tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari bajarilishi holatini oʻrganish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlariga oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha materiallarni aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun yuborish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlardan ular tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, boshqa hujjatlar loyihalarini qayta ishlashni belgilangan tartibda talab qilish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlariga Devonga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar majlislarida qatnashish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish.
  • oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif va masalalarni kiritishda ularning ekspert jihatdan sifatli ishlanishini tashkillashtirish, milliy va davlat manfaatlarini taʼminlash;
  • ijro intizomini taʼminlash.
  • Devon faoliyatini tashkil qilish

Ish faoliyati[tahrir]

Devonning ish faoliyati mazkur Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, shuningdek, Devon tarkibiy tuzilmalarining ish rejalari asosida tashkil qilinadi. Devon va uning boʻlinmalari tuzilmalari, Devon va uning boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Devonning boshqaruv xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Yordamchi xodimlar Devonning Ishlar boshqaruvchisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Devon xodimlarining funksional majburiyatlari Devonning tegishli tuzilmalari rahbarlari tomonidan belgilanadi. Devon xodimlari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun qoʻshimcha toʻlov va ustamalar saqlab qolinadi. Devon xodimlari avvalgi ish joyida xodimlar uchun belgilangan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida amalda boʻlgan mehnat sharoitlarini hisobga olgan va lavozim maoshi hamda boshqa toʻlovlar saqlangan holda, foydalanadi. Devonda ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi. Devonda ishlangan davrda harbiy va maxsus unvonlarni berish tegishli harbiy va maxsus unvonlarni olish uchun zarur boʻlgan vaqt oʻtgandan soʻng avvalgi ish joyida belgilangan tartibda Devonning tegishli tarkibiy tuzilmasi rahbarining tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi. Devon xodimlariga ularning mehnat faoliyati tugatilgandan soʻng, avvalgi ish joyida egallagan lavozimi yoki shunga teng lavozim taqdim etilishi kafolatlari taʼminlanadi, bundan xodimning malakasi etarli boʻlmaganligi yoki sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlib qolganligi yoxud mehnat vazifalarini buzganligi uchun mehnat faoliyati tugatilgan hollar mustasno. Devon yuridik shaxs boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega.

Manbalar[tahrir]