Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
Turi qonun chiqaruvchi hokimiyat
Maqomi oliy davlat vakillik organi
Maqsadi Qonun chiqarish
Ishga tushgan sanasi 2002-yil 20-yanvar
Joylashuvi Islom Karimov koʻchasi, 6-uy, Toshkent shahri, Oʻzbekiston Respublikasi
Hududiy hizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Rais Tanzila Norboyeva
Bosh mahkamasi Kengash
Aʼzolari 100 nafar aʼzodan iborat
Vebsayti senat.uz
Til(lar)i Oʻzbek, Rus

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasi[1]. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir. Senat aʼzolari (senatorlar) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Senat ishi yalpi majlislarga va uning qoʻmitalari majlislariga toʻplanadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi. Senatda hududiy mansublikka koʻra hamda siyosiy yoki boshqa asosda guruhlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Senat vakolat muddati — besh yil.

Vakolatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida vakolatlari belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudini saylash;
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash;
  5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
  6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
  7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
  8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
  9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish;
  10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
  11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
  12. oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
  13. siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.

Tuzilmasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Senat Kengashi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Senatning faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi. Senat Kengashi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial organdir. Uning tarkibiga Senat Raisi, uning oʻrinbosarlari va qoʻmitalarning raislari kiradi. Senat Kengashiga Senat Raisi rahbarlik qiladi, u Kengashning majlislarini olib boradi va uning qarorlarini imzolaydi. Senat Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi. Senat Kengashi:

  • Senat majlisi kun tartibining loyihasini shakllantiradi;
  • Senat majlislarini chaqiradi;
  • qonunda nazarda tutilgan hollarda Senatning vakolatlariga taalluqli qarorlarni Senatning majlislari oraligʻida qabul qiladi, ushbu qarorlar keyinchalik Senatning majlisida tasdiqlanadi;
  • qoʻmitalarning ishini muvofiqlashtirib boradi;
  • fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi boshlanishidan kamida ikki oy avval saylov oʻtkaziladigan muddatlarni belgilaydi;
  • fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari hamda tartibini belgilaydi;
  • fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi boʻyicha byulletenlar namunalari hamda shakllarini belgilaydi va tasdiqlaydi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining taqdimiga binoan qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqarmasi aʼzolarini tasdiqlaydi;
  • Senat faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qiladi.[2]

Qoʻmitalari va uning raislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi[3]
  2. Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi
  3. Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
  4. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi
  5. Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi
  6. Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi[4]
  7. Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi
  8. Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi
  9. Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi

Senat komissiyalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Senat Komissiyalari Senat muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin. Komissiya Senat majlisida senatorlar orasidan komissiya raisi va aʼzolaridan, zarurat boʻlganda esa komissiya raisining oʻrinbosaridan iborat tarkibda tuziladi. Ayni paytda komissiyani tuzishdan koʻzlangan maqsad va uning vakolatlari belgilanadi. Komissiya tuzilgani toʻgʻrisida Senat qaror qabul qiladi. Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan soʻng, qaysi muddatga tuzilgan boʻlsa, shu muddat oʻtganidan keyin yoki Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari oʻz faoliyatini tugatadi. Komissiyalarni tashkil yetish va ularning faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.

  1. Reglament va odob komissiyasi[5]
  2. Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi

Devoni[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Tashkiliy — nazorat boʻlimi
  2. Yuridik boshqarma
  3. Axborot-tahlil boshqarmasi
  4. Mahaliy ijro etuvchi xokimiyat, prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini tashkil etish boʻlimi
  5. Xalqaro aloqalar boʻlimi
  6. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash boʻlimi
  7. Jamoatchilik bilan aloqalar va tahrir boʻlimi
  8. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi
  9. Moddiy-texnika va taʼminot boʻlimi
  10. Moliya, hisob va hisobot boʻlimi[6]

Senatorlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga saylangan va „Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Senatga tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi senator hisoblanadi.

Senator oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, „Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy printsiplari toʻgʻrisida“gi, „Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida“gi konstitutsiyaviy qonunlar, „Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni va boshqa qonunlarga muvofiq amalga oshiradi. Senator Senatning vakolatlari muddatiga saylanadi (tayinlanadi).

Senatorning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:

  • u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
  • u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
  • u qonunga koʻra senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
  • unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
  • u chaqirib olingan taqdirda;
  • sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan taqdirda;
  • u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
  • u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
  • u vafot etgan taqdirda;
  • palata tarqatib yuborilgan taqdirda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining senator etib saylangan deputati vakolatlarining muddatidan ilgari tugatilishi uning senatorlik vakolatlari tugatilishiga olib keladi. Alohida hollarda Senatorning vakolatlari tegishincha Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Senator degan yuksak nomga dogʻ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani koʻrib chiqish uchun asos boʻlishi mumkin. Senatorning vakolatlarini boshqa shaxsga topshirish mumkin emas.

Senatorning huquqlari:

Senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.

Senator:

  • palataning organlariga saylash va saylanishga;
  • palata majlisida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
  • palata majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi hamda bu masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirishga;
  • qaror loyihalari va ularga tuzatishlar kiritishga;
  • palata tomonidan tuziladigan organlarning shaxsiy tarkibi hamda saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha fikr bildirishga;
  • munozaralarda ishtirok etishga, maʼruzachi va raislik qiluvchiga savollar berishga;
  • soʻrov bilan murojaat etishga;
  • oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan izoh berishga;
  • palata majlisida raislik qiluvchiga palata majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi yoki mulohazasi matnini topshirishga;
  • palata tarkibidagi oʻzi aʼzo boʻlgan tegishli organning qaroriga qoʻshilmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini palata majlisida bayon qilishga yoki bu haqda tegishincha Senat Raisiga yozma ravishda maʼlum qilishga;
  • palataga hisobdor yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini palata majlislarida eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishini, shuningdek palata qarorlarining bajarilishini tekshirish haqida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
  • palata majlislarining stenogrammalari bilan tanishishga;
  • fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonun hujjatlarini buzishning boshqa hollari maʼlum boʻlib qolgan taqdirda ularga darhol chek qoʻyish choralarini koʻrish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli.

Senator qonunlarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Senatorning majburiyatlari:

  • Senator tegishincha Senatning majlislarida, shuningdek palataning qaysi qoʻmitasi, komissiyasi tarkibiga, kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan boʻlsa, shu qoʻmita, komissiyaning majlislarida qatnashishi, ovoz berishda Senatning reglamentlarida belgilangan tartibda shaxsan ishtirok etishi shart.
  • Senat, qoʻmita, komissiya, kelishuv komissiyasi majlisida ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda deputat, senator bu haqda tegishincha Senat Raisiga, qoʻmita, komissiya raisiga, kelishuv komissiyasining tegishli palatadan saylangan hamraisiga oldindan xabar qilishi shart. [7]

Raislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]