Nuruosmaniye masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Nuruosmaniye masjidi
turkcha: Nuruosmaniye Camii
Mamlakat  Turkiya
Istanbul Fotih tumani, Çemberlitaş mahallasi
Koordinatalar 41°00′37″N 28°58′14″E / 41.010234°N 28.970540°E / 41.010234; 28.970540 G OKoordinatalari: 41°00′37″N 28°58′14″E / 41.010234°N 28.970540°E / 41.010234; 28.970540 G O
Yoʻnalishi sunniy
Masjid turi Masjid
Meʼmoriy uslub Usmonli meʼmorchiligining barokko uslubi
Meʼmor Simeon Kalfa
Binokorlik 17481755
Balandligi 43.5 metres (143 feet)
Gumbaz yoʻgʻonligi 25 metres (82 feet)
Minoralar soni 2
Holati amaldagi

Nuruosmaniye masjidi (turkcha: Nuruosmaniye Camii) – XVIII asrga oid Usmonli masjidi, Turkiyaning Istanbul shahri, Fotih tumani, Çemberlitaş mahallasida joylashgan, 2016-yilda Turkiyadagi Jahon merosi obyektlarining taxminiy roʻyxatiga kiritilgan[1].

Nuruosmaniye masjidi loyihasi Simeon Kalfa [tr] ismli yunon millatiga mansub, musulmon boʻlmagan meʼmor tomonidan ishlab chiqilgan. Masjid Yevropa arxitekturasining barokko va neoklassik uslublarini oʻzida mujassam etgan ilk monumental Usmonli binosi hisoblanadi[2][3]. Masjidning bezaklari va kavisli hovlisida barokko uslubi aks ettirilgan namunalarni koʻrish mumkin. Nuruosmaniye masjidi gumbazi Istanbuldagi eng katta gumbazlardan biri hisoblanadi. Masjid oʻzidan kattaroq hajmda bunyod etilgan diniy majmuaning bir qismi boʻlib, mahalla uchun madaniyat, din va taʼlim markazi vazifasini bajaradi.

Konstantinopolda Nuruosmaniye masjidining hududi Konstantin forumiga yaqin boʻlgan, u yerda Konstantin ustuni (turkcha: Çemberlitaş Sütunu) boʻlib, bu ustun bugungi kunga kelib ham mavjud. Masjid atrofida Istanbulning Katta bozori (turkcha: Kapalıçarşı) bor. Ahmadiya masjidi qurilgandan keyin Nuruosmaniye masjidi keyingi 100 yil ichida qurilgan birinchi imperator masjidi boʻlgan[4].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1870-yillardagi masjid surati

Masjid majmuasining qurilishi sulton Mahmud I buyrugʻi bilan 1748-yilda boshlanib, uning ukasi va vorisi Sulton Usmon III davrida 1755-yilda yakunlangan. Masjid Usmon III sharafiga „Usmon nuri“ degan maʼnoni anglatuvchi Nuruosmaniye nomi bilan atalgan[4].

Nuruosmaniye masjidi Ahmadiya masjididan keyingi (XVII asr boshlarida) ilk Usmonli imperiyasi sultoni tomonidan qurilgan masjidi boʻlgan, avvallari imperiyaning har bir sultoni uchun masjid qurish anʼanaga aylangan. Mahmud I tomonidan Nuruosmaniye masjidining qurdirilishi ushbu anʼananing qaytishiga sabab boʻlgan[4]. Masjid, shuningdek, Yevropa meʼmorchiligining zamonaviy barokko uslubidan taʼsirlanib yaratilgan yangi Usmonli barokko uslubiga namuna boʻluvchi ilk monumental Usmonli binosidir[4][5][3]. Mamlakat binolarini qurishda Usmonli meʼmorchiliging klassik uslubidan chetlashgan holda bunday yangi usuldan foydalanish Istanbul shahrini qayta shakllantirishga katta yordam bergan[6][4].

Majmua Istanbulning ikkinchi tepaligida bunyod etilgan. Masjid qurilishida ishtirok etgan Usmonli kotibi Ahmad afandining soʻzlariga koʻra, bu joyda ilgari Fatma Hatun tomonidan asos solingan kichikroq masjid joylashgan[4]. XVIII asrga kelib bu masjid yaroqsiz holga kelib qolgan va mahalliy aholi sulton Ahmad III ga uni taʼmirlashni soʻrab murojaat qilishgan, ammo bundan hech qanday natija boʻlmagan. Mahmud I ga yana qayta ariza yuborilgach, sulton tekshiruv ishlari uchun bir amaldor tayinlaydi va masjidning vaqfi daromad keltirmay qolganligi aniqlanadi. Usmonli sultoni uni taʼmirlash uchun mablagʻ ajratish oʻrniga vaqfni oʻzlashtirib, bu joydan yangi masjid qurish uchun foydalanishga qaror qiladi[4]. Biroq ancha katta hajmga ega boʻlgan qurilish ishlari atrofdagi hududlarda joylashgan bir nechta mulklarni sotib olishni talab qiladi, bu esa dastlab mulk egalarining noroziligiga sabab boʻladi[4].

Masjidning darvoza va sevili, 1903-yil

Sulton Mahmud I meʼmorchilik sanʼatiga qiziqishi bilan mashhur boʻlgan, Ahmad afandining asarlarida sultonning loyihaga nisbatan hurmat va sadoqat bildirganligini hamda taqvodorligi taʼkidlanganligini oʻqish mumkin[4]. Ahmad afandi oʻz rivoyatida, shuningdek, Mahmud I qurilish maydonchasida boʻlib turganida bir donishmandga duch kelganligi haqida yozadi. Donishmand uni masjid qurgani va mahallaga shodlik keltirgani uchun maqtab, sultonning bunday savob ishni davom ettirishini soʻrab duo qiladi va uni loyihani davom ettirishga undaydi[4][7]. Ahmad afandi tomonidan keltirilgan sulton haqidagi hikoya va rivoyatlar maqtov koʻrinishida bitilgan boʻlishiga qaramay, sulton va uning atrofidagilar masjid qurilishiga ilohiy bir hodisa sifatida qarashgan va loyiha atrofida maʼlum diniy aura targʻib qilingan[4]. XVIII asrning boshqa bir qator Usmonli yozuvchilari ham masjid qurib bitkazilganidan keyin uni maqtab, binoning oʻsha paytdagi ahamiyatini koʻrsatishgan. Ularning bir qanchasi, jumladan, Ahmad afandi gumbazning kattaligini juda yuqori baholagan boʻlsalar-da, binoning yangi meʼmoriy uslubi haqida aniq fikr bildirishmagan[8][4].

Masjid yunon millatiga mansub, musulmon boʻlmagan Simeon Kalfa [tr] ismli meʼmor tomonidan loyihalashtirilgan[5][3][9][4]. Simeon Kalfa Usmonli imperiyasi tomonidan amalga oshirilgan yirik qurilish uchun mas’ul etib taʼyinlangan ilk musulmon boʻlmagan meʼmor edi[8]. Meʼmorning bosh yordamchisi Kozma ismli shaxs, shuningdek, uning qoʻl ostidagi quruvchilarning aksariyati nasroniylar boʻlgan. Masjidning ochilish marosimida katta vazir tomonidan Simeonga ham, Kozmaga ham faxriy liboslar kiydirilgan[4]. Olim Ünver Rüstemning taʼkidlashicha, bu rasman ilk marotaba nasroniy meʼmorlar taqdirlangan masjid ochilish marosimi boʻlishi mumkin, bu esa oʻsha davrda Usmonli meʼmorchiligida nasroniy hunarmandlar mavqeining oʻsib borayotganligidan dalolat bergan[4].

Arxitekturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid[tahrir | manbasini tahrirlash]

Cornelius Gurlitt tomonidan 1912-yilda nashr etilgan masjidning boʻlimi va rejasi

Namoz oʻqish zali gumbazining diametri 25.4 metr (83 ft)[8] boʻlib, pol sathidan 43.5 metr (143 ft) balandlikda qurilgan[10]. Bunday oʻlchamlar Nuruosmaniye masjidi gumbazini Istanbuldagi Sofiya ibodatxonasi va Sulaymoniya masjididan keyin uchinchi eng katta tarixiy gumbazga aylantirgan[8][lower-alpha 1]. Masjidni qurishda poldan, devorlardan va gumbazning shiftiga qadar choʻzilgan temir panjaralardan foydalanilgan[11]. Qurilish materiallari sifatida kesma tosh va marmar ishlatilgan[4].

Tashqi tomondan, gumbaz ichki qismni yorugʻlik bilan taʼminlab turuvchi koʻplab derazalar qoʻyilgan ulkan peshtoq ustida joylashgan. Klassik Usmonli arxitekturasida shunga oʻxshash dizaynga ega mashhur namunalardan biri Istanbulning Edirnekapi mahallasida joylashgan Mihrimah Sulton masjididir[6][4]. Masjid mehrobini oʻz ichiga oluvchi proyektli apsida ham Edirnedagi Salimiye masjidiga qiyos qilinadi[6]. Majmuada har biri ikkita balkonga ega ikkita minora mavjud. Hovlisi Usmonli masjidlarida misli koʻrilmagan taqa shaklida yaratilgan[5].

Nuruosmaniye masjidi, Usmonli barokko uslubida bezatilgan ichki qismi

Masjidning bezaklari va detallarini yaratishda oʻsha paytda yangi boʻlgan Usmonli barokko uslubidan foydalanilgan[4][6]. Hovlining markaziy eshigi tepasida toshga oʻyilgan nur sochuvchi quyosh naqshlari oʻyib ishlangan, boshqa eshiklarda esa anʼanaviy muqarnaslar oʻrniga koʻp qatorli naqshlarga oʻxshash frizlar va boshqa naqshlar oʻyilgan piramida shaklidagi yarim gumbazlar joylashgan. Bu uslub Usmonli meʼmorchiligida ham, Yevropa meʼmorchiligida ham uchramaydi[4].

Ichkarida, masjidning namoz oʻqish zali, asosiy perimetri tashqarisida ikki qavat qilib simmetrik joylashgan galereyalar bilan yonma-yon qurilgan. Barokko uslubida ishlangan oʻymakorlik naqshlari, masalan, nay va oʻrama shakllarni minbarda uchratish mumkin[4]. Namoz oʻqish zalida Qur’on oyatlari tillarangda bitilgan boʻlib, gumbazning bagʻallarida Alloh va Muhammadning nomlari yozilgan medalyonlar mavjud.

Majmuaning boshqa qismlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid majmuasi, shuningdek, diniy va xayriya maqsadlarida foydalaniladigan boshqa koʻplab qismlarni oʻz ichiga oladi, bino har tomondan koʻchalar bilan chegaralangan, tartibsiz qilib qurilgan uchastkalar bilan oʻralgan[10]. Masjidning sharqiy va gʻarbiy ikkita darvozasi bor. Gʻarbiy darvoza Katta bozorning chetiga qarab ochiladi[4]. Kompleksning boshqa tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:

  • Sevil (favvora) binoning gʻarbiy kirish eshigi yonida bunyod etilgan. Favvoradan anʼanaviy ravishda odamlarga suv tarqatish va namozdan oldin tahorat olish maqsadida foydalanilgan. Hozirda binoning ushbu hududidan gilam doʻkoni sifatida foydalanilmoqda. Devor bilan bezatilgan favvora ham doʻkonga yaqin joyda, kirish qismining narigi tomonida joylashgan[4].
  • Madrasa (islom kolleji), gumbazli xonalar bilan oʻralgan hovlidan iborat boʻlib, majmuaning janubiy tomonida joylashgan[4].
  • Madrasaning gʻarbiy tomonida imaret yoki umumiy oshxona mavjud[4].
  • Kutubxona uchastkaning shimoliy-sharqiy burchagida joylashgan[4] boʻlib, kitob oʻqish va kitob saqlash xonasini oʻz ichiga oladi. Kutubxona ilk marotaba ochilgan vaqtda u yerda dastlab 5031 jilddan iborat kolleksiya boʻlgan. Garchi XX asr boshlarida 152 ta kitob yoʻqolgan boʻlishiga qaramay, yillar davomida bu raqam sezilarli darajada oʻzgarib borgan. 1923-yilda 34 ta tarixiy jild Turk va islom sanʼati muzeyiga topshirilgan. Bugungi kunda toʻplam 5048 kitobni, shu jumladan, soʻnggi shaxsiy xayriyalarni[12] ham oʻz ichiga oladi.
  • Kutubxonaning janubiy tomonida sulton Usmon III ning onasi Shahsuvar Sultonning qabri qoldiqlari joylashgan türbe (maqbara) mavjud[6][4].
  • Hünkâr kasrı uch qavatli, L shaklidagi bino boʻlib, sulton va uning oilasi uchun masjidga kirish huquqini beradi. Bu yerdan sulton toʻgʻridan-toʻgʻri namozxona ichidagi hunkor mahfiliga oʻtishi mumkin boʻlgan[4][1]. Bunday uslub XVII asrning baʼzi oldingi imperator masjidlarida ham mavjud boʻlgan, ammo Nuruosmaniye majmuasida koʻproq koʻzga tashlanadi[6][4].

Manzili[tahrir | manbasini tahrirlash]

Istanbul markazidagi katta bozor yonidagi Nuruosmaniye masjidi, oltin shox va boshqa ulugʻ masjidlar ushbu suratda koʻrinad

Masjid Istanbulning ikkinchi tepaligida joylashgan. Majmuaning joylashgan joyi koʻplab doʻkonlar, korxonalar va Katta bozor bilan oʻralgan. Majmua, shuningdek, Katta bozorga kirish joylaridan birining roʻparasida joylashgan. Konstantin ustuni, tarixiy Gazi Atik Ali posho masjidi va zamonaviy Çemberlitaş tramvay bekati masjidning janubiy qismida joylashgan.

Usmonlilar sultoni obod va tijoriy jihatdan faol hudud boʻlgan bu yer musulmonlarning namozga borishlari uchun qulay joy boʻlishini bilar edi. Shuningdek, siyosiy va iqtisodiy inqiroz davrida masjidning mavjudligi davlat va sultonning borligi haqida xalqqa eslatma boʻlib xizmat qilgan.

Qayta tiklash (2010–2012)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Majmua bir necha bor qayta ishlangan, ammo atrof-muhit omillari, texnik xizmat koʻrsatilmasligi, havoning ifloslanishi va dastlabki qurilish kamchiliklari majmuaning holatini sezilarli darajada yomonlashtirdi. Natijada, 2010–2012-yillarda FOM guruhi arxitektorlari tomonidan 20 million lira (3,5 million AQSh dollari)[13] taʼmirlash ishlari uchun ajratiladi. Majmuaning eng jiddiy muammosi suv bilan bogʻliq edi. Masjidning marmar, yogʻoch, temir va shisha kabi boshqa qismlari kesilgan, jiddiy darajada buzilgan qismlari yangisiga almashtirilgan.

Masjidni qayta tiklash ishlari davomida unga arxitekturaviy tarixiy yodgorlik sifatidagi maqomini oshiruvchi bir qancha qoʻshimchalar kiritildi:

  • Qadimgi eskirgan plastinka shaklidagi bezaklarni qirib tashlash jarayonida eski qoʻlda chizilgan bezaklar topilgan va ular saqlab qolgan holda ommaga namoyish etilgan.
  • Masjid ostida faol sardoba topilgan. Istanbul viloyati Vaqflar direktori İbrahim Özekincining soʻzlariga koʻra, sardobadan 420 yuk mashinasiga teng shilimshiq moddani olib tashlashga toʻgʻri kelgan. Shilimchiq modda olib tashlangach, uning tagidan oʻziga xos galereya, sardoba va suv oʻlchagich topilgan. Usmonlilar oʻsha davrda zamonaviy zilzilalarni oʻlchash qoidalariga muvofiq tizimdan foydalangan[14]. Sardoba 2,242 kvadrat metr maydonni egallagan, 825 kvadrat metr (8,880 kv.ft.) foydali maydonga ega boʻlib, ushbu hudud kelajakda muzey uchun joy sifatida koʻrib chiqilmoqda.
  • Maʼlum boʻlishicha, masjid qoziq poydevori yordamida qurilgan. Qayta tiklash jarayonlarida turk meʼmorchiligida qoʻllanilgan eng qadimgi uslublardan biri yaʼni poydevor oʻrnatishda foydalaniladigan ana shunday qoziqlar ham topilgan[15].

Bugungi kundagi ahamiyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Istanbul turizmining tarixiy va diqqatga sazovor maskanlaridan biri boʻlgan Nuruosmaniye masjidiga har kuni namoz oʻqish uchun tashrif buyurishadi. 2018-yilda Turkiya prezidenti Recep Tayyip Erdoğan maʼmuriyati ostida tashkil etilgan Yeditepe Biennial sanʼat koʻrgazmasi[16] anʼanaviy va zamonaviy turk sanʼatini namoyish etuvchi asarlarni namoyish qilish uchun majmua sardobasidan foydalangan[17].

Eslatmalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. According to Ahmed Efendi, the dome of the original Fatih Mosque at the time was also larger.[8]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqtiboslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 „Nuruosmaniye Complex“. UNESCO World Heritage Centre. UNESCO. Qaraldi: 2018-yil 8-iyun. „Nuruosmaniye Complex“. UNESCO World Heritage Centre. UNESCO. Retrieved 8 June 2018.
  2. „Nuruosmaniye Complex“ (en). whc.unesco.org. UNESCO. Qaraldi: 2023-yil 27-aprel.
  3. 3,0 3,1 3,2 Freely, John. Inside the Seraglio: Private Lives of the Sultans in Istanbul (en). Penguin Books, 2000 — 211 bet. ISBN 978-0-14-027056-3. Freely, John (2000). Inside the Seraglio: Private Lives of the Sultans in Istanbul. Penguin Books. p. 211. ISBN 978-0-14-027056-3.
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 4,17 4,18 4,19 4,20 4,21 4,22 4,23 4,24 4,25 4,26 4,27 Rüstem 2019.
  5. 5,0 5,1 5,2 Goodwin 1971.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 Kuban 2010.
  7. Efendi, Ahmed. Târih-i Câmi'-i Şerif-i Nûr-i Osmani (en). Istanbul: Hilāl Matbaası [18th century], 1919. 
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 Suman, Selva (2011). "Questioning an "Icon of Change": The Nuruosmaniye Complex and the Writing of Ottoman Architectural History". METU Journal of the Faculty of Architecture: 145–166. doi:10.4305/METU.JFA.2011.2.7. http://jfa.arch.metu.edu.tr/archive/0258-5316/2011/cilt28/sayi_2/145-166.pdf. Suman, Selva (2011). "Questioning an „Icon of Change“: The Nuruosmaniye Complex and the Writing of Ottoman Architectural History" (PDF). METU Journal of the Faculty of Architecture: 145–166. doi:10.4305/METU.JFA.2011.2.7.
  9. Freely, John. The Companion Guide to Istanbul and Around the Marmara (en). Boydell & Brewer, 2000 — 104 bet. ISBN 978-1-900639-31-6. Freely, John; Glyn, Anthony (2000). The Companion Guide to Istanbul and Around the Marmara. Boydell & Brewer. p. 104. ISBN 978-1-900639-31-6.
  10. 10,0 10,1 „Nuruosmaniye Külliyesi“. Archnet. Qaraldi: 2019-yil 9-dekabr. „Nuruosmaniye Külliyesi“. Archnet. Retrieved 2019-12-09.
  11. Saliba, Nada (2019). "The Significance and Representation of the Nuruosmaniye Mosque as a Baroque Monument". Chronos 21: 167–186. doi:10.31377/chr.v21i0.486. 
  12. Erünsal. „NURUOSMANİYE KÜTÜPHANESİ“ (tr). TDV İslâm Ansiklopedisi (2007). Qaraldi: 2023-yil 28-aprel.
  13. „Still-active cistern beneath Istanbul mosque“ (en). Hürriyet Daily News. Qaraldi: 2019-yil 22-noyabr.
  14. „Still-active cistern beneath Istanbul mosque“ (en). Hürriyet Daily News. Qaraldi: 2019-yil 23-noyabr.
  15. „Structure similar to Basilica Cistern found under mosque“ (tr). worldbulletin.net/. Qaraldi: 2019-yil 24-noyabr.
  16. „T.C.CUMHURBAŞKANLIĞI : "Son 15 yılda diğer birçok alanda olduğu gibi kültür ve sanat alanında da tabuları yıktık"“. www.tccb.gov.tr. Qaraldi: 2019-yil 4-dekabr.
  17. „Biennial | Yeditepe Bienali“. www.yeditepebienali.com. 2020-yil 17-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 4-dekabr.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]