Kontent qismiga oʻtish

Tahorat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tahorat — namoz oʻqish, ibodat oldidan yuvinish, poklanish jarayoni. Xususiy shakli sifatida tayammum koʻriladi. Islomda tahoratning ikki turi mavjud: vuzuʼ — kichik tahorat — qoʻloyoq va yuzni yuvish; gʻusul — katta tahorat — toʻla yuvinish, choʻmilish. Tahoratning 4 ta farzi bor; yuzni yuvmoq; ikki qoʻlni tirsak ila qoʻshib yuvmoq; ikki oyoqni toʻpigʻi ila qoʻshib yuvmoq, boshning toʻrtdan bir qismiga mas’h tortish — ikki qoʻlni hoʻllab surtmoq. Bu farzlardan birortasi bajarilmasa, tahorat haqiqiy boʻlmaydi. Tahoratning farzlaridan boshqa uning sunnat va vojiblari ham boʻladi. Tahorat oladigan har bir kimsa suvni keragidan ortiq ham, oz ham sarf qilmasligi; suvni yuzga shapillatib sochmasligi; tahorat qilayotganda oʻrinsiz gaplashmasligi; iflos yerda tahorat olmasligi kerak. Tahorat qilish uchun suv topilmasa tayammum qilinadi. Tahorati bor kishida quyidagi holatlardan biri yuz bersa tahorati buzilgan hisoblanadi: vujudning biron yeridan qon, yiring, suv chiqsa; ogʻzi toʻlib qussa; tupurgan vaqt tupugini yarmidan koʻpi qon boʻlsa; kichik va katta hojatga borsa va orqadan yel chiqarsa; bexush yoki mast boʻlsa; namoz vaqtida kulsa; uxlasa. Tahoratni buzadigan holatlar roʻy bersa, tahoratni boshqatdan qilish lozim boʻladi[1][2].

Tahoratning oʻzi ham ibodat sanaladi, shuning uchun kishi tahoratni mukammal qilishga harakat qilishi kerak. Tahoratda suvni extiyojdan ortiqcha ishlatish qatʼiyan man qilinadi, bu borada hadis ham mavjud: Bir kuni Paygʻambar Alayhissalom, Saad r.a oldidan oʻtayotganlarida Saad r.a koʻp-koʻp suv ishlatib tahorat olayotgan edi. Shunda paygʻambarimiz unga qarata: „Ey Saad bu nima isrofgarchilik“, deya tanbeh berdilar, shunda Saad r.a: „Yo Rasululloh tahoratda ham isrof bormi?“, dedi. Shunda paygʻambar Alayhissalom: „Ha oqib turgan daryoning oldida boʻlsang ham suvni extiyojdan ortiqcha ishlatma“, dedilar.

Tahorat uchun suv hozirlagandan keyin:

  1. Qibla tomonga qarab, ichida „Tahorat olishni niyat qildim“ deyiladi.
  2. „Auzu billahi minash-shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym“, deyiladi.
  3. Qoʻllar bandigacha 3 marta yuviladi.
  4. Oʻng qoʻlda suv olinib, ogʻiz 3 marta gʻargʻara qilib chayiladi va misvok qilinadi.
  5. Burunga oʻng qoʻl bilan 3 marta suv tortilib, chap qoʻl bilan qoqib tozalanadi.
  6. Yuz 3 marta yuviladi.
  7. Avval oʻng qoʻl tirsaklar bilan qoʻshib ishqalab yuviladi, soʻngra chap qoʻl.
  8. Hovuchga suv olib, toʻkib tashlab, hoʻli bilan boshning hamma qismiga masx tortiladi.
  9. Koʻrsatkich barmoq bilan quloqlarning ichi, bosh barmoqlar bilan esa quloq orqasi masx qilinadi.
  10. Ikkala kaftning orqasi bilan boʻyin masx qilinadi.
  11. Chap qoʻl bilan oʻng oyoqni oshiq qismi bilan qoʻshib, barmoqlar orasini ishqalab 3 marta yuviladi, keyin chap oyoq.
  12. Qibla tomonga qarab, ichida „Ashhadu an La ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh“ deyiladi.