Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi — Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hududidagi qoʻriqxona. Zarafshon togʻ tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqlari, Jinnidaryoning soʻl qirgogʻi va Qoratogʻning shimoliyyon bagʻrida, Kitob shahridan 45 km sharqda joylashgan. Maydoni 5378 ga. Yerning geologik tarixiga oid tabiiy-ilmiy yodgorliklar boʻlmish noyob paleontologik-stratigrafik obʼyektlarni reja asosida oʻrganish va muhofazalash maqsadida 1979 yilda tashkil etilgan. Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasig .q.da oʻrta ordovik davridan boshlab devon va karbon davrlarining chegara qatlamlarigacha boʻlgan dengiz choʻkindi hosilalari paleozoy qatlami jinslarining yotish yoʻnalishini kundalangiga kesib oʻtgan bir kancha soy vodiylarida barqaror izchillikda kuzatiladi. Ular 16 ta turli guruhlarga mansub boʻlgan hayvonot va nabotot olamini ifodalovchi turli paleontologik krldiklar bilan tavsiflanadi[1].

Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi manzarasi
Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi
geologiya qoʻriqxonasi
Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi tabiati

Qoʻriqxonaning mutlaq balandligi 1300- 2650 m, nisbiy balandligi 500 m dan 1500 m gacha. Relyefi qoyali, baland togʻli qismida keskin boʻlingan, oʻrta balandlikdagi qismida birmuncha tekis. Obisafed, Xoʻjaqoʻrgʻon, Zinzilbon, Novabak soylarining togʻ tizmalarini chuqur kesib oʻtishi natijasida manzarali togʻ daralari vujudga kelgan. Qoʻriqxo-na hududidagi Zinzilbon kesimida devon sistemasining xalqaro stratigrafik etalonlaridan biri, 1989-yilda devon stratigrafiyasi boʻyicha xalqaro kichik komissiyasi tomonidan tanlangan va 1996-yilda Geologiya fanlari Xalqaro uyushmasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ems yarusining quyi chegarasi stratotipi joylashgan. Shunga binoan, Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasig .q. jahon stratigrafiya etaloni quyi devon ems yarusi quyi chegarasi standarti yoki — „Global Stratotipe and Point“ global stratotip chegarasi nuqtasining sohibi va saqlovchisi sifatida tan olindi. Uning kesimlari qoʻriqxonaga xalqaro maqom berilishiga asos boʻldi. Qoʻriqxona hududidagi oʻrta ordovikdan quyi karbon davrigacha boʻlgan muddatda dengizning choʻkindi hosilalaridan tashkil topgan kesimlar, asosan, umumiy qalinligi 4000 m dan ziyod karbonatli va kamroq terrigen va vulkanogen jinslardan tuzilgan. Ularning aksariyati yotqiziqlarning yoshi va korrelyasiyasini aniqlash, u yoki bu yotqiziqlarning shakllanish sharoitlarini tushunib olish hamda oʻrganilayotgan rayonlarning geologik toʻzilishini asosli izohdash uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan mikroskopik hamda makroskopik qoldiqlar koʻrinishidagi turli paleontologik toshqotgan jinslardan iborat.

Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi
Kitob davlat geologiya qoʻriqxonasi

Qoʻriqxona xilma xil jonli tabiat dunyosiga boy. Bu yerdagi 800 tur oʻsimlikdan 212 tasi, jumladan, ajoyib yunona, „buyuk“, „Turkiston“, foster va korolkov lolalari, fisherning gladiolus va shtenbergiyasi, chayqaluvchan allaxroʻza, muskusli ferula, chinor, eremurus, choʻl pioni, korolkov shafrani, kiselring savrinjoni, poyasimon piyoz va boshqa oʻsimliklar Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.

Qoʻriqxona tashkil etilganidan boshlab uning bazasida hayvonot olamining turli guruhlari boʻyicha xalqaro anju-manlar, kolokviumlar, ekskursiyalar, turli paleontologik-stratigrafik tadqiqot ishlari oʻtkaziladi.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Kitob davlat geologiya qo'riqxonasi“. Uzbekistan.Travel.uz. Qaraldi: 14-noyabr 2023-yil. [sayt ishlamaydi]
  2. Isahojiyev, Baxtiyor. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil