Archazor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Archazor, archazor oʻrmonlar – asosan, archa daraxtidan tashkil topgan oʻrmonlar. A.lar 600 – 700 yil (ayrimlari 2000-yilgacha) yashaydi, togʻlarda suv toʻplash, tuproq eroziyasi oldini olish, sel toshqinlarini bartaraf etish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Asosan Yer yuzining Shimoliy yarim sharidagi togʻli hududlarda – Oʻrta Amerika, Osiyo va Afrikada oʻsadi. Oʻrta Osiyo, Qrim, Oltoy-Sayan, Uzoq Sharqdagi togʻlarda 700 ming ga maydonni egallaydi, uning 665 ming ga dan koʻprogʻi (93,5%) Markaziy Osiyo davlatlarida joylashgan. Oʻzbekiston davlat oʻrmon fondi hisobida 190 ming ga A. bor (1999). Oʻzbekistonda asosan, Tyanshan, Turkiston, Chatqol, Hisor togʻlarida katta-katta A.lar mavjud. Ular si Irak va mahsuldorligi kam A.ga kiradi (qalinligi 0,3 – 0,5), ammo shunga qaramay juda katta tabiiy va iqgisodiy ahamiyatga ega. A. 800 – 3100 m balandlikda togʻ yon bagʻirlarida joylashgan va uch mintaqaga boʻlinadi: togʻlarning pastki qismida (800–2000 m balandlikda) qora archa yoki Zarafshon archasi, oʻrta qismida (1400–2500 m) sovur archa, yuqori qismida (2500– 3100 m) oʻrik archa yoki Turkiston archasi oʻsadi. Togʻlarning eng yuqori qismidagi archalar siyrak, boʻyi past, tanasi qiyshiq, ser-shox boʻlib, koʻpincha yer bagʻirlab oʻsadi. Eng yaxshi A. unumdor, sernam, tuproqli, yassi togʻ yon bagʻirlarida uchraydi va ularning yillik fitomahsuldorligi 220 t/ga ni tashkil etadi. Ilgari A. muhofaza qilinmaganligi va ulardan qurilish materiali hamda oʻtin sifatida ayovsiz foydalanish natijasida A. maydonlari kamayib, archalari siyraklashib ketgan. 20-asrning 50-yillaridan boshlab Oʻzbekistonda Alarni tabiiy ravishda qayta tiklash va ekma A.ni barpo qilish ishlari boshlandi va Oʻrta Osiyo (hozirgi Oʻzbekiston) Oʻrmonchilik ilmiy tadqiqot institutida uning ilmiy asoslari ishlab chiqildi (U. N. Nigʻmatov, Ye. V. Mixaylova, V. M. Saxatskiy, Yo. Yu. Musayev). Oʻrmonchilik xoʻjaliklari A.ni qoʻriqlash, parvarishlash, tabiiy va sun’iy yoʻllar orqali koʻpaytirish ishlari bilan shugʻullanadi (qarang Oʻrmon xoʻjaligi).Abduxalil Qayimov, Anvar Tagirov.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil