Dahbed

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dahbed
shaharcha
39.762191°0′0″N 66.915784°0′0″E / 39.76219°N 66.91578°E / 39.76219; 66.91578 G OKoordinatalari: 39.762191°0′0″N 66.915784°0′0″E / 39.76219°N 66.91578°E / 39.76219; 66.91578 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Samarqand
Shahar Oqdaryo
Rasmiy til(lar)i oʻzbek
Dahbed xaritada
Dahbed
Dahbed

Dahbed – Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi shaharcha (1978-yildan). Dahbed Miyonqolning sharqida, Oqdaryoning chap sohilida joylashgan. Dahbed nomi fors. dah – oʻn, bed – tol dan deb talqin qilinadi. Dahbed yaqin temir yoʻl stansiyasi – Zarafshondan 9 km. Aholisi 7400 kishi (2000). Paxta qabul qilish punkti, MTP, xususiy tikuvchilik korxonasi, mexanizatsiyalashgan koʻchma qurilish korxonasi bor. Dahbedni Katta Oʻzbekiston trakti kesib oʻtgan. Dahbedda tarixiy obidalardan Maxdumi Aʼzam majmuasi (16-asr; 1996—1998-yillarda taʼmirlangan) saqlangan. 3 umumiy taʼlim maktabi, Samarqand mexanika iqtisodiyot kolleji, kasb-hunar maktabi, 2 kutubxona, madaniyat markazi mavjud[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shayboniyxon hukmronligi (1500-1510) davrida Dahbed nomi ilk bor Ofarinkent tumanidagi qishloq sifatida tilga olinadi. Dahbedning paydo boʻlishi XVI asrning birinchi yarmida Fargʻona vodiysining Kosonsoy shahrida yashagan Sayid Ahmad Jaloliddin Kosoniyning (1461–1542) nomi bilan bogʻliq. Jaloliddin Kosoniy Samarqand hukmdorlaridan boʻlgan shayboniy Jonibek Sultonning taklifiga koʻra Miyonqolga koʻchib oʻtadi. Kosoniy bu hududda dastlab oʻn dona tol ekkan. Natijada u zot yashagan mavze „Dahbed“ (forschadan tarjima qilganda „oʻnta tol“ degani) nomi bilan atala boshlagan. Fargʻona vodiysining Koson qishlogʻidan shayx Mahdumi Aʼzamning Dahbedga koʻchib kelishi bilan ushbu joy mashhur boʻlib ketadi. Mahdumi Aʼzamning qabri ham Dahbedda boʻlib, keyinchalik Samarqand hokimi Yalangtoʻsh Bahodir Mahdumi Aʼzam qabri yaqinida xonaqoh qurdirgan. Mangʻitlar hukmronligi davrida pishiq gʻishtdan masjid va darsxonadan iborat 34 hujrali madrasa barpo etilgan. Shayboniylar davrida Dahbedning bir necha darvozasi boʻlgan. Mavze devor bilan oʻralgan va ular orasida Juq mozori nomli darvoza mashhur edi. Dahbedning shimoliy tomonida joylashgan bu darvozaga yaqin joyda Safeduk qishlogʻi boʻlgan. Qishloqni keyinchalik daryo yuvib ketgan. Qishloqda shayx Xoʻja Is’hoqning qabri va xonaqosi boʻlgan. Mozorni Oqdaryo suvlari yuvib ketishi xavfi tugʻilgach, Xoʻja Is’hoqning mozori Bogʻi Balandga koʻchirilgan[2]. Shayboniylar, ashtarxoniylar, mangʻitlar hukmronligi davrida atrofdagi yerlar Kichik Soʻgʻd deb ham atalgan, uning markazi Dahbed boʻlgan. Manbalarga koʻra, XIX asrda Dahbed va uning atrofida 1206 ta xonadon va 45 ta masjid boʻlgan. Dahbed kichik boʻlishiga qaramay, XVI asrda Mahdumi Aʼzamiyon boshchilik qilgan soʻfiylik – naqshbandiyaning markazi hisoblangan.

Dahbed oʻz tarixida juda koʻp turli xil voqealarni boshdan kechirgan. Masalan, Ashtarxoniy Abdulazizxon davrida (1645—1680) qoʻzgʻolonchilarning markazi boʻlgan. 1892—1893-yillarda Dahbed qishlogʻida Sartarosh, Shaxob, Safeduk, Tongotar, Achidoqar, Oynaqoʻrgʻon, Beshtut, Kattaqoʻrgʻon, Xonaqoh, Temirchi, Kattasolin, Qozi, Kichiksolin, Kichikqoʻrgʻoncha, Bozorjoy, Dehqon, Soʻfi kabi guzarlar boʻlgan. Hozirgi kunda Dahbed qishlogʻida Ulugʻbek, Navoiy 1, Navoiy 2, Ibn Sino mahallalari mavjud[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Dahbed" OʻzME. D-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Вяткин В.Л. Материалы к исторической географии Самаркандского вилайета. СКСО, вып. VII. 1902 — 60 bet. 
  3. Xudoyberganov R. O‘zbеkiston joy nomlarining izohli lug‘ati. Toshkent: Donishmand ziyosi, 2022 — 95 bet. ISBN 978-9943-7673-7-9.