Maxdumi Aʼzam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Maxdumi Aʼzam (asl ismi Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediy; 1463/64, Kosonsoy shahri — 1542) — movarounnahrlik alloma, yirik diniy arbob, naqshbandiylik rahnamosi.

Ilk taʼlimni Koson shahrida olgan. Madrasani bitirgach, Shayx Mir Sayyid Aliga shogird tushadi, soʻng Toshkentga kelib, Xoja Axrorning shogirdi Muhammad Qozi (1516-yil v.e.)ga xalifa boʻladi. Ustozi bilan Hirotga safar qiladi, Abdurahmon Jomiy bilan uchrashadi. 1503-yil Buxoroga koʻchib keladi. Bir oz vaqt oʻtgach, Axsikatga borib naqshbandiylik tariqatini targʻib eta boshlaydi.

Samarqand viloyatidagi Maxdumi Aʼzam Dahbedi ziyoratgohi

Muhammad Qozi vafotidan soʻng tariqat shayxlari Maxdumi Aʼzamni oʻz peshvolari sifatida eʼtirof etishdi va uning shuhrati Movarounnahr hamda uning atrofidagi mamlakatlarga yoyildi. Bobur Maxdumi Aʼzamga bagʻishlab ruboiylar yozdi. Maxdumi Aʼzam ham shoir haqidagi „Boburiya“ risolasini yozib, Hindistonga joʻnatgan. Shayboniy sultonlari va hokimlari Maxdumi Aʼzamni oʻzlarining piri deb bilganlar.

Maxdumi Aʼzam tasavvuf nazariyasi va amaliyoti, xususan, naqshbandiylik taʼlimotini rivojlantirdi. Uning „Asror unnikoh“ („Nikoh sirlari“), „Ganjnoma“ („Boylik haqida risola“), „Risolat unsamʼiyyatun“ („Samoʻ risolasi“), „Bayoni zikr“ („Zikr bayoni“), „Risola-i silsila-i Xoʻjagon“ („Xoʻjagon silsilasiga oid risola“), „Meʼroj-uloshiqiyn“ („Oshiqlar meʼroji“), „Murshidu-solikiyn“ („Soliklar murshidi“), „Risola-i Naqshbandiyya“, „Risolat un-vujudiyyatun“ („Vujudlar haqida risola“) kabi 30 dan ortiq risolasi bor. Bu asarlarida ulamolar, sufiy shayxlar va davlat arboblari orasidagi munosabatlarga toʻxtalgan. Tariqat odobu qoidalarida murid va shayx munosabatlari oʻzaro hurmat-izzat asosida qurilmogʻi lozimligini uqtirgan. Maxdumi Aʼzam fikricha, tariqat aʼzolari xalqqa yaqin boʻlib, uning dardlari va ehtiyojlariga qaygʻudosh boʻlsa, bu ham tariqatga, ham xalqqa foydalidir. Maxdumi Aʼzam asarlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • DeWeese, Devin. 1996. "The Mashā’ikh-i Turk and the Khojagān: Rethinking the Links between the Yasavī and Naqshbandī Sufi Traditions, " Journal of Islamic Studies, 7(2), pp. 180—207.
  • Gardner, Victoria R. 2006. "The Written Representation of a Central Asian Ṣūfī Shaykh: Aḥmad ibn Mawlānā Jalāl al-Dīn Khwājagī Kāsānī ʻMakhdūm-i Aʻẓam’ (d. 1542), " unpublished PhD Dissertation, The University of Michigan.
  • Schimmel, Annemaire. 1972. «Nur ein störrisches Pferd…,» in Ex Orbe Religionum: Festschrift für Geo Widengren, Leiden: Brill. vol. 2, pp. 98-107.