Bayoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bayoz (arab. — oq, oqlik) — sheʼrlar toʻplami. B.lar ikki va undan ortiq shoirlar sheʼrlaridan tuziladi. Ilk B.lar, asosan, mashhur shoirlarning gʻazallaridan tuzilgan, keyinchalik bunga rioya qilinmagan. B.lar deyarli lirik janrdagi asarlardan tashkil topadi, unga nasriy parchalar ayrim hollardagina kiritiladi. B.lar biror gʻoya yoki maʼlum davr dunyoqarashini targʻib qilmaydi, umuman saylab olingan asarlarda davriylik ham boʻlmaydi, ular qatʼiy bob va boʻlimga ajratilmaydi, mualliflar ijodi sharhlanmaydi. Kimning sheʼridan qancha kiritish tuzuvchi xohishiga bogʻliq. B.lar sarbayoz (soʻz boshi), lirik sheʼrlar (asosiy qism), xotima va ilovadan tashkil topadi. Ayrim B.larda sheʼrlari keltirilgan shoirlar nomi mundarija sifatida beriladi. Baʼzan B.larga xalq ogʻzaki ijodi namunalari: oʻlan, latifa, mutoyiba, maqol, musiqiy asarlar (Buxoro shashmaqomi, Xorazm maqomlari, FargʻonaToshkent maqom yoʻllari, ashula va katta ashulalar) ham kiritiladi. Ilk B.lar arab sheʼriyati rivojlangan davr (7501O55)da yuzaga kelgan (qarang Tammom, Saolibiy). Turkistonda bayozchilik 1015-asrlar sheʼriyati taʼsirida vujudga keladi. 1819-asrlarga kelib ular mundarija va mazmun jihatdan ancha boyidi. Ayniqsa, Bedil ijodiyoti taʼsirida B. tuzish anʼanaviy tus oldi. Rasmiy va norasmiy B.lar bor. Rasmiy B. maxsus kotib, naqqosh, sahhof tomonidan buyurtmaga yoki muayyan shaxs talabiga mos tarzda tuziladi. Norasmiy B.da bezak va matnlarning joylashishida muayyan tartib boʻlmaydi. Bundaylari oʻz navbatida yana ikkiga boʻlinadi: a) shoir yoki kotib oʻziga maʼqul shoirlarning asarlaridan tanlab tuzadi; b) tuzuvchining oʻz sheʼriy toʻplamiga boshqa shoirlar asarlaridan namunalar kiritiladi (mas, "Bayozi Miriy", "Bayozi Roziy", "Bayozi Nodim", "Bayozi Kamiy" va boshqalar).

Adabiy taraqqiyot jarayonida B.lar adabiyot namunasigina boʻlib qolmay, haqiqiy sanʼat asariga ham aylandi, oʻziga xos maktablar paydo boʻldi. Fargʻona, Buxoro, Xorazm, Toshkent maktablariga mansub B.lar asosan ikki tilda — oʻzbek va fors tillarida tuzilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz) tashabbusi bilan rasmiy B.lar tuzish rivoj topdi, yuzlab naqshdor B.lar tuzildi va noyoblaridan nusxalar koʻchirildi. 19-asr oxirlarida Turkistonda matbaa ishlarining rivojlanishi bilan qoʻlyozma B.lar tuzish davom etgani holda, Toshkent va Xivada toshbosma B.lar chop etish yoʻlga qoʻyildi. B. Turkiston xalqlari adabiyoti tarixini va devon tuzmagan shoirlar ijodini oʻrganishda muhim manbadir.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Hamidova M., Qoʻlyozma bayozlar — adabiy manba, T., 1981.