Valimuhammad (? — 1611.27.8) — Buxoro xoni (1605—11), oʻzbeklarning Ashtarxoniylar sulolasidan.
Vali Muhammadxon
Akasi Boqi Muhammad davrida Balx noibi (1599—1605). Boqi Muhammad vafotidan soʻng Buxoro taxtiga oʻtqazilgan. V. M.dan soʻng Balx hokimi boʻlgan Nodir Muhammadxon boshliq mahalliy amaldorlar Imomqulixonni Buxoro taxtiga oʻtqazish uchun V. M.ga qarshi fitna uyushtirganlar. 1611 yil bahorida V. M. Imomquli va Nadr Muhammadxonlar bilan boʻlgan kurashda yengilgach, Imomqulixon Buxoro xoni deb eʼlon qilingan. V. M. esa Eron shohi Abbos huzuriga qochib borgan. U shoh Abbos yordamida Movarounnahrni qaytarib olishga harakat qilgan. Tarixchi Muhammad Yusuf munshiy (17-asr) „Tarixi Muqimxoniy“ asarida yozishicha, shoh Abbos Imomqulixonga qarshi kurashish uchun V. M.ga 80 ming kishilik qizilboshlilar qoʻshinini bergan. Biroq Samarqand atrofidagi Bogʻishamolda boʻlgan jang (1611 yil avgust)da Imomqulixon gʻalaba qozongan, V. M. asir olinib, qatl etilgan.
Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982;Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv. (Pismennie pamyatniki), T., 1985.