Tripolye madaniyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tripolye madaniyati - eneolit davriga oid arxeologik madaniyat. Kiyev yaqinidagi Tripolye qishlogʻi nomi bilan atalgan. Sharqiy Karpat yoni va Oʻrta Dnepr boʻylarida tarqalgan. Ruminiyada Kukuteni madaniyati deb yuritiladi. Tripolye madaniyati yodgorliklarini 19-asrning oxirida arxeolog V. V. Xvoyko ochgan. Arxeolog T.S. Passekning davrlashtirishi boʻyicha Tripolye madaniyati 3 ta bosqichga: ilk (mil. av. 4ming yillik), oʻrta (mil. av. 4ming yillik oxiri —3ming yillikning 1yarmi), sunggi (mil. av. 3ming yillikning 2yarmi)ga boʻlinadi. Tripolye madaniyati qishloqlari doyra yoki tuxumsimon shaklda joylashgan boʻlib, markazida qolgan ochiq joy mollar uchun qoʻton vazifasini oʻtagan. Turar joylar koʻndalang toʻsiqlar bilan alohida xonalarga ajratilgan. Xonalardan don yanchayotgan ayol haykalchasi, yorgʻuchoq, bugʻu shoxidan yasalgan motiga (ketmonsimon asbob), yirik xumlar, tandir va boshqa xoʻjalik anjomlari, naqsh solingan sopol idishlar, mis buyumlar (bolta, toʻrt qirrali bigiz, qarmoq, xanjar) topilgan. Tripolye madaniyati vakillari misni Bolqon ya.odan olib kelishgan. Tripolye madaniyati vakillari, asosan, chorvachilik, dehqonchilik, shuningdek, ovchilik va baliq ovlash bilan shugullangan.