Karpat togʻlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Karpat togʻlari - Oʻrta Yevropaning sharqiy qismidagi togʻ sistemasi. Vengriya, Chexiya, Slovakiya, Polsha, Ruminiya, Moldaviya va Ukraina hududlarida; Uz. 1500 km. Bratislava sh. yonidan Dunay daryosi vodiysidagi Temir Darvoza (tangi)gacha davom etgan. Qavariq to-moni shim.-sharq va sharqqa qaragan yoy shaklida. Eni shim.-gʻarbida qariyb 250 km, oʻrta qismida 120 km, jan.-sharqida 430 km gacha.

K.t. boʻylama va koʻndalang vodiylar bilan ajralgan turli yoʻnalishdagi tizmalardan iborat. Orografik jihatdan Gʻarbiy, Sharqiy va Jan. qismlarga boʻlinadi. Gʻarbiy Ruminiya togʻlari (eng baland choʻqqisi — Bixor togʻi, 1848 m) va Transilvaniya platosi (bal. 600– 800 m) ham K.t. tarkibida. K.t. koʻp qismining bal. 800–1200 m, eng baland joyi — Baland Tatra togʻlaridagi GerlaxovskiShtit choʻqqisi (2655 m). K.t. yoyining qavariq tomonidagi togʻ oldi qismi (kengligi 40–60 km) neogen davrining gʻovak jinslaridan, markaziy qismidagi tizmalari kristalli jinslar (granit, gneys) va ohaktoshlardan tuzilgan. K.t. Alp burmalanishi davrida vujudga kelgan. Foydali qazilmalardan neft, yonuvchi gaz, ozokerit, kaliy, tosh va osh tuzlari, qurilish materiallari (marmar), shifobaxsh mineral suvlar, simob (Zakarpatyeda), polimetall konlari, koʻmir va qoʻngʻir koʻmir, temir va marganets rudalari, rangli va nodir metall konlari bor. Iqlimi moʻʼtadil. Yanv.ning oʻrtacha t-rasi shim. va sharqida —5 dan —4° gacha, jan.da —3 dan —2° gacha, togʻ tepalarida —9°, —10°. Iyulning oʻrtacha t-rasi togʻ etaklarida 17—20°, togʻ tepalarida 5—4°. Yillik yogʻin K.t.yoyining qavariq tomonida 600–800 mm. Gʻarbiy Ruminiya togʻlarida 800–1000 mm. Togʻ tepalarida 1200–2000 mm. Yogʻinning aksari qismi yozda yogʻadi. Qor togʻ yon bagʻirlarida 5—7 oy saklanadi. Doimiy muzlik va abadiy qorlar yoʻq.

K.t. — Yevropadagi eng katta suvayirgʻichlardan biri. Visla va Odra daryolari Boltiq dengiziga quyiladi. Koʻpgina daryolari Dunay va Dnestr havzasiga mansub. Togʻ etaklaridagi qad. oʻrmon-dasht va oʻrmonlar oʻrnida bogʻ va tokzorlar barpo etilgan, ekinzorlar bor. Togʻ yon bagʻirlaridagi togʻ-oʻrmon qoʻngʻir tuproqli yerlarda dub, qoraqaragʻay, togʻ-podzol tuproqli, yerlarda qaragʻay oʻrmonlari, togʻ tepalarida subalp butazorlari va alp oʻtloqlari bor. Hayvonlardan tiyin, quyon, ayiq, boʻri, silovsin, suvsar, bugʻu, qobon, karqur, boyqush, kakku va b. mavjud. K.t.da aholi, asosan, togʻ oldilarida va togʻ oralaridagi vodiylarda zich yashaydi. Asosiy mashgʻuloti — dehqonchilik, tokchilik va bogʻdorchilik. Togʻ tepalarida aholi siyrak, chorvachilik va oʻrmon xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Kurort koʻp. Turizm, alpinizm rivojlangan. Sportning qishki turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazib turiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil