Tabariy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Tabariy, Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy [839, Tabariston (Eron)ning Amul sh. — 923.16.2, Bag'dod] — tarixchi, faqih va filolog . Mahalliy zodagon oilasida tug'ilgan. Amul shаhrida dastlabki ta'limni olgan. Rayda mashhur muhaddis va faqihlar qo'lida uz bilimini oshirgan. So'ngra Bag'dod, Basra, Kufaga borib, zamonasining mashhur ulamolariga shogird tushgan. 867 yil Misrga borganida yetuk olim sifatida e'tirof etilgan. U Bag'dodga qaytgach, "Al-Jaririyya" deb atalgan o'zining fiqh (huquq) maktabiga asos solgan. Uning tarafdorlari Ibn Xanbal qarashlarini tanqid qilishgan. Ahmad bin Komil Abu Bakr, Abdulaziz bin Muhammad at-Tabariy, Abdulloh bin Ahmad al-Farg'oniy uning yetuk shogirdlari edi.

Tabariy fiqh va tarix ilmlarini mukammal egallab, bu ilmlar va Qur'on, hadislar bo'yicha arab tilida 20 dan ortiq asarlar yozgan. "Kitob ixtilof alfuqaho" ("Faqihlarning ixtiloflari haqida kitob") asari turli maktablarga mansub faqihlar dunyoqarashining taxliliga bag'ishlangan. Qur'oni karim tafsiriga bag'ishlangan "Tafsir al-Qur'on" (20 jild, 30 jild qilib nashr etilgan) asari uni musulmon olamiga tanitgan. "Tarix arrusul valmuluk" ("Payg'ambarlar, podshoxlar va xalifalar tarixi", "Tarixi Tabariy" nomi bilan mashhur) asarida kad. Eron podshoxlari, Rim va Vizantiya imperatorlari, xalifalik hududidagi yurtlar (xususan, Xuroson va Movarounnahr)ning 915 y.gacha bo'lgan tarixi o'z ifodasini topgan.

Asarda Turkiston xalklarining arab bosqinchilariga qarshi kurashi va qo'zg'olonlar (Buxoro, Vardona, Samarqand va Farg'onadagi janglar; Abu Muslim harakati, Muqanna qo'zg'oloni, Rofe ibn Lays qo'zg'oloni va h.k.) ham ko'rsatilgan. "Tarixi Tabariy" asari bizgacha to'liq yetib kelmagan. Uning arab tilidagi mavjud matni M.Ya. de Guye (1836—1909) tarafidan Leydenda 15 jild qilib nashr etilgan (1879—1901). Bu asarni Bal'amiy qayta ishlab va yangi ma'lumotlar bilan boyitib, fors tiliga tarjima qilgan. Bal'amiy asari ("Tabariy — Bal'amiy tarixi" nomi bilan ham mashhur)ni T. Zotenberg fransuz tiliga (1874), Muhammad Yusuf Bayoniy oʻzbek tiliga (1882) tarjima qilishgan.

"Tarixi Tabariy" V.I. Belyayev tomonidan arabchadan rus tiliga qisqartirilgan qolda tarjima qilingan va Toshkentda nashr etilgan (1987). Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik inti fondlarida bu asarning Muhammad Sodiq Koshg'ariy (18-asr) tomonidan uyg'ur, Bayoniy (19-asr) tomonidan oʻzbek tiliga qilingan tarjimasi saqlanadi.

Manbalar[tahrir]

  • Istoriya at-Tabari, Izbrannie otrivki (Perevod s arabskogo V.I.Belyayeva), T., 1987.