Shoh yoʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shoh yo‘lidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

"SHOH YOʻLI" — mil. av. 6-asrning soʻnggi choragida, Doro I hukmronligi davrida qurilgan tranzit aloqa yoʻli. Mil. av 1-ming yillik oʻrtalarida, Axomaniylar davlati tarkibiga kiritilgan Oʻrta Osiyoning qadimiy xalqlari va viloyatlari ham oʻsha davrning harbiysiyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida katta iz qoldirgan xalqaro aloqalar tizimida faol ishtiroq eta boshladilar. Axomaniy hukmdorlar va mahalliy hokimlarsatraplar bu aloqalarda katta oʻrin tutgan aloqasavdo yoʻllari faoliyatiga alohida eʼtibor berishgan. Yunon tarixchisi Gerodot oʻzining "Tarix" asarida bu yoʻl haqida muhim maʼlumotlar qoldirgan. Unga koʻra, bu yoʻl dastlab axomaniylarning yirik savdo va maʼmuriy markazlaridan boʻlgan Suza shahrini Kichik Osiyo va Oʻrta dengiz boʻyidagi shaharlar bilan bogʻlagan. 2400 km ga choʻzilgan bu yoʻlning har 24—25 km masofasida, yaʼni bir kunlik yoʻlda maxsus bekatlar qurilgan. Bu bekatlarda elchilik missiyasi aʼzolari, choparlar, savdo karvonlari dam olishi uchun sharoitlar yaratilgan boʻlib, maxsus xizmatdagi kishilar uchun doimo chopqir otlar yetarli miqdorda mavjud boʻlgan. Shoshilinch xabar olib ketayotgan chopar bu bekatlarda otni almashtirishi yoki xabar va xatni bu bekatlardagi boshqa maxsus choparlarga berishi mumkin boʻlgan. Shu tariqa shoshilinch xabar va maʼlumotlar ulkan imperiyaning turli burchaklaridan poytaxt shaharga juda qisqa muddatda yetkazib berilgan. Soʻnggi arxeologik tadqiqotlarning koʻrsatishicha, "SH.y."ning bir tarmogʻi shim.sharqqa yoʻnaltirilgan boʻlib, Margʻiyona va Baqtriya hududlari orqali Hindistongacha yetib borgan. Bu davrda Oʻrta Osiyoning jan. hududlarida ham bir kunlik yoʻl masofasida, yaʼni har 24—25 km da maxsus bekatlar barpo etila boshlaganligi haqida maʼlumotlar mavjud. Bu bekatlar, odatda, mustahkamlangan istehkom shaklidagi rabotlar koʻrinishida boʻlib, karvon yoʻllarini qoʻriqlash vazifasini bajaruvchi kichik harbiy qismlar ham shu yerda joylashtirilgan edi. Bu rabotlar, oʻz navbatida, Oʻrta Osiyodagi qadimiy karvonsaroylar vazifasini ham bajarib kelar edi. Ularda davlat xizmatchilari, choparlar, savdo karvonlari, harbiy qismlar, sayyohlar va boshqalarga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan edi.

Shu tariqa mil. av. 54-asrlarda Oʻrta Osiyoning jan. hududlarida ham Axomaniylar saltanatining markaziy viloyatlarida faoliyat koʻrsatuvchi yoʻllarga monand aloqa yoʻllari tizimi, pochtaaloqa xizmati barpo etila boshlangan. Doro I tomonidan barpo etilgan "SH.y." faoliyati 4-asrning soʻnggi choragida Aleksandrning harbiy istilolari natijasida tugatilgan, lekin Oʻrta Osiyodagi aloqa yoʻllari tizimi va aloqapochta xizmati oʻz ahamiyatini saqlab qolgan va rivojlangan.

Oʻktam Mavlonov.