Doro

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Doroqadimgi Erondagi ahamoniylar sulolasiga mansub podshohlar: D. I, Darayavauxsh (mil. av. 522—486 yillarda hukmronlik qilgan). Kambiz I oʻlimidan foydalanib hokimiyatni qoʻlga olgan kohin Gaumatapsh oʻldirib, taxtni egallagan. Mil. av. 522—21 yillarda 10 ming kishilik xos qoʻshini yordamida Bobil, Eron, Midiya, Margʻiyona, Elam, Misr, Sattagidiya, Parfiya, Soʻgʻd, Xorazm, Baqtriya va b. mamlakatlardagi qoʻzgʻolonlarni bostirgan. D. I Hindistonning shim.-gʻarbiy qismidagi bir qancha oʻlkalarni ham oʻz davlatiga qoʻshib olgan (mil. av. 518). Qora dengizning shimolidagi skif qabilalari bilan urushib magʻlubiyat bilan qaytgan (mil.av. 514). D. I davrida yunonlar bilan eronliklar oʻrtasida boshlangan urush bir necha yil davom etgan (qarang Yunon-fors urushlari). D. I mamlakatni bir necha harbiy-maʼmuriy viloyatlar (satraplik) ga boʻlib, ularga fors zodagonlaridan hokim (satrap)lar tayinlagan; yangi soliq tizimini joriy qilgan. Mamlakatdagi mavjud karvon yoʻllarining mustahkamlanishi va yangi savdo yoʻllarining ochilishi, Nildan Suvayshgacha boʻlgan kanalning taʼmir qilinishi, oltin tanga (qarang Darik) zarb qilinishi oʻsha davrdagi xalqaro savdoning rivojlanishiga muhim hissa qoʻshdi. D. I davrida ibodatxonalar (Memfisda), qasrlar (Suzada), shoh qarorgohi (Persepolda) qurildi. D. I hukmronlik qilgan yillar axomaniylar davlatining eng yuksalgan davri hisoblanadi. D. I davrida sodir boʻlgan voqealar, xususan Turon qabilalarining milliy ozodlik harakatlari Bihistun kitobalarida aks ettirilgan.

D. II, qad. eroncha Vaxuka, yunoncha Not (mil. av. 423—404 yillarda hukmronlik qilgan). Artakserks I ning oʻgʻli. D. II davrida Midiyada axomaniylar zulmiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarilgan (mil. av. 409), Misr mustaqil viloyat boʻlib ajralib chiqqan (mil. av. 404), Axomaniylar davlatiga tobe boʻlgan boshqa viloyatlarda ham hokimlarning markaziy hukumatga qarshi harakatlari va oʻzaro urushlari kuchaygan.

D. III, Kodoman — axomaniylar sulolasining eng oxirgi podshosi (mil. av. 336—300). Mil. av. 335 yilning oxirida Misrni qayta boʻysundirdi, biroq Iskandar Zulqarnayn qoʻshinidan Iss (mil. av. 333) va Gavgamela jangi (mil. av. 331) da tamoman magʻlubiyatga uchrab, Sharqiy Eronga qochgan. Oʻz amaldori, Baqtriya satrapi Bess tomonidan oʻldirilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil