Qizilboshlilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qizilboshlardan yoʻnaltirildi)

Qizilboshlilar, Qizilboshlar — Erondagi koʻchmanchi turk qabilalari birlashmasi. Safaviylar davlatida shoh Ismoil I ning asosiy harbiy kuchi. Qizilboshlilar Kichik Osiyo, Suriya va Ozarbayjonda ham boʻlgan. Ular 12 shia imomi sharafiga 12 qizil yoʻllik matodan salla oʻrab yurishgan. Qizilboshlilar shialikdagi safaviya tariqatining asosiy harbiy tayanchi boʻlib, safaviya shayxlari boshchiligida qoʻshni, musulmon boʻlmagan mamlakatlarga (Gruziya, Trapezund imperiyasi va boshqalar) hujumlar qilib turishgan. 1502 yil ular Ismoil 1 Safaviy rahbarligida Oq qoʻyunlilar davlatini tormor qilib, Ismoilni shoh deb eʼlon qilishgan. Safaviylar davlatida Qizilboshlilar qisqa vaqt davlatni boshqarganlar. Saroy amaldorlari, viloyat noiblari va harbiy boshliqlar Qizilboshlilar zodagonlaridan tayinlangan, yirikyirik yerlar Qizilboshlilarga qaragan. Shoh Abbos I oʻtkazgan harbiy islohotlar (16-asr oxirida muntazam qoʻshin tuzilgan) dan soʻng Qizilboshlarning siyosiy mavqei pasaygan.