Kontent qismiga oʻtish

Mulla Abdusamad madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mulla Abdusamad madrasasi
Joylashuv Buxoro
Turi madrasa
Xarita

Mulla Abdusamad madrasasi Hovuzi arbob guzarida joylashgan bo‘lib, uning uchta vaqf hujjati saqlanib qolgan. Ulardan ikkitasi Amir Shohmurodbiy tomonidan qayta ko‘chirtirilgan. Unda yozilishicha, fazilat shior oxund mulla Abdusamad valadi mulla Avaz Boqi xarob holga tushib qolgan qadimiy masjidni ta'mirlagan. U ilgari mulla Yorihaddod nomi bilan atalgan. Madrasa binosi unga qo‘shilib ketgan.

G‘arbida mazkur masjidning Bobo ibn Abdulloh tasarrufidagi vaqf yerlari hamda Xoja Mulla ibn mulla Boqi yeri, shimolida ko‘cha, janubida Bibi Arab binti mulla So‘figa tegishli vaqf yeri bo‘lgan. 8-qatorda hujjat yirtilib qog‘oz uzilgan, satrlarga zarar yetgan. Voqif ushbu madrasa va masjid uchun Poyirud tumanida 192 tanob mulki xolis yer va o‘sha joyda bitta tegirmon, mevali va mevasiz daraxtli rabot, Shofirkonda 500 tanob mulki xolis yerini vaqf qiladi. Mutavalli voqifning o‘zi, so‘ngra bu vazifani uning avlodlari davom ettirgan. Ular qolmasa, voqif otasining avlodlari, ular ham qolmasa, qozikalon madrasa vazifadorlaridan munosibini tayinlagan. Vaqf mulki bir kishiga 3 yildan ortiq ijaraga berilmagan. Barcha hosil 10 qismga bo‘lingan. Uning 4 hissasi ijarada ishlovchilarga berilgan. So‘ngra mutavalli ushr olgan. Qolgani masjid va madrasa imorati ehtiyojiga sarflangan. Ortgani 3 qismga ajratilgan. Uning 1 hissasi voqif avlodlari tasarrufiga o‘tkazilgan. Ular qolmasa, bu mablag‘ voqif otasining avlodlariga tegishli bo‘lgan. Ular ham qolmasa, madrasa vazifadorlari haqqiga qo‘shilgan. 3 hissaning qolgan 2 qismi 10 bo‘lakka bo‘linib, mudarrisga 1, ramazon va qurbon oylarida masjidda e'tikof o‘tiruvchilar uchun osh, non tayyorlashga 1 hissa sarflangan. Masnaviyxon va juma kunlari ma'ruza qiluvchiga 1 hissa berilgan. Yana 1 hissa to‘rtga bo‘linib, undan imom 1, muazzin 1, har juma maqsuraxonlik qiluvchi 4 nafar hofizga 2 hissa haq taqsimlangan.[1]

  1. Buxoro ta'lim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. Toshkent: Akademnashr, 2017. – B. 370.