Pay

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Hissadan yoʻnaltirildi)

Pay — biriktiruvchi toʻqimadan iborat pishiq tuzilma. Shakli va uzunligi (lenta yoki plastinka) har xil; muskullar P. yordamida suyaklarga birikadi. P.ning pishiq yoki choʻziluvchanligi, qayishqokligi u paydo boʻlgan biriktiruvchi toʻqimaga bogʻliq. P. shunchalik pishiqki, koʻndalang kesimining 1 mm2 10 kg, chanoqni bel suyagiga biriktirib turadigan P.lar 350 kg, oyoq tagidagi uzun P.lar esa 200 kg cha yuk koʻtara oladi. Bolalar payi juda nozik va egiluvchan boʻlib, yosh ulgʻaygan sari hatto suyaklanib ketadi. P.lar, asosan, boʻgʻim oldida joylashgani uchun turli tomonga harakat qilish imkonini beradi.

P.larning bir qismi statik funksiyalar (gavdani tik saqlash va boshqalar)ni bajarishda ishtirok etadi. Keskin harakat qilganda P.da turli oʻzgarishlar roʻy beradi, unga biror shikast yetishi natijasida P. haddan tashqari choʻzilib ketganda (qarang Pay choʻzilishi), odatda, suyak toʻqimasi bilan birga uziladi. Koʻproq boldir va oyoq panjasi boʻgʻimi P.lari, baʼzan tizza, tirsak boʻgʻimi P.lari shikastlanadi; bunda shikastlangan boʻgʻim qattiq ogʻriydi, shishadi, harakat qiyinlashadi. P. shikastlanganda darxrl vrachga murojaat qilish, u kelguncha boʻgʻimni bint bilan siqib bogʻlab boʻgʻimga orom berish, uni qimirlatmaslik kerak.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil