Voqif

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Voqif

Voqif (taxallusi; asl ismi Panoh Mehdi oʻgʻli) (1717-1797) — ozarbayjon shoiri, davlat arbobi. Arab va fors tillarini yaxshi bilgan. V. Qoraboqqa kelib (1759), Shusha sh.da maktabdorlik, soʻngra Qorabogʻ hukmdori Ibrohimxon saroyida 27 yil vazirlik qiladi. Mamadbek Javonshir hokimiyatni egallagach (1797), V. va uning oʻgʻli Alibekni qatl etadi. V.ning ilk sheʼrlar toʻplami 1856 yilda nashr etilgan. M. F. Oxundov V. sheʼrlarini toʻplagan va bularni nemis olimi Adolf Berje Leypsigda nashr etgan (1867). Nisbatan toʻliq hisoblangan saylanmasi 1945 yilda tayyorlangan. "Binafsha", "Men haqiqatni qidirdim", "Kuylaydirman ikki goʻzalni" singari sheʼrlari xalq oʻrtasida mashhur boʻlgan. V. ozarbayjon yozma adabiyotiga oshiq (baxshi)larning "qoʻshma" janrini olib kirdi, gʻazal va muhammaslarning goʻzal namunalarini yaratdi, badiiy ijodni xalq ommasiga yaqinlashtirdi. Uning ijodi chuqur liriklik, falsafiy mushohada, yurtparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan. V. asarlari oqin va xonandalar repertuaridan keng oʻrin olgan. "Tanlangan sheʼrlar"i oʻzbek tilida nashr etilgan (1969). Samad Vurgʻun V. hayotining soʻnggi davrini aks ettiruvchi "Voqif" dramasini yozdi (1937).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil