Elarslon
Elarslon, Elarslon (? 1172.17.3) — anushteginiylar sulolasidan boʻlgan Xorazmshohlar davlatining Turkman hukmdori (1156—72).
Otsiz xorazmshohning oʻgʻli. Elarslon avval, Sulton Sanjarga itoat etishini bildirib, noma va sovgʻa salomlar yuborgan. Sulton Elarslonni xorazmshoh deb eʼtirof qilgan. Sulton Sanjar vafotidan soʻng saljuqiylar taxti uchun kurash avj olgan. 1163 yil Elarslon saljuqiylar amirlari ichida eng kuchlisi Muayyid OyAboga qarshi Nishopurga yurish qilgan, shaharni uzoq vaqt qamal qilib ololmagan, sulh tuzib Xorazmga qaytgan. E.A. qoʻshinlari Dehistonni egallagan. 1166 yil Elarslon yana Nishopurga qarshi otlangan. Bistom yaqinidagi jangda birlashgan saljuqlar va Otabek Eldegiz qoʻshini bilan Elarslon qoʻshini oʻrtasida jang boʻlib oʻtgan. Har ikki taraf biron natijaga erishmagan. Ammo xorazmshoh qoʻshinlarning bir qismini Bayhaq va Sabzavor shahrilariga joʻnatib, ularni egallagan (1167 yil may). Elarslon Nishopurni zabt etgan. 1167-yil Xorazm qoʻshinlari Raydan oʻtib, Sova shahriga yaqinlashgan, sulton Arslonshoh va Otabek Eldegiz oʻgʻli Jahon Pahlavon yetakchiligidagi saljuq qoʻshinlari bilan jangga kirib, gʻalaba qilgan. Soʻngra Eron Ozarbayjoniga bostirib kirib, Abxor, Zanjon va Qazvinni egallagan. Elarslon, shuningdek, Movarounnahr voqealariga ham aralasha boshlagan. Qoraxitoylar vassali Samarqand hokimi Jaloliddin Ali Chagʻrixon 1158 yil qarluqlarni tormor keltirgan. Qarluqlar yetakchisi Lochinbek bir qism qoʻshini bilan Xorazmga qochib borib, Elarslondan yordam soʻragan. 1158-yil iyulda Elarslon katta qoʻshin bilan Samarqandga yurish qilgan. Zarafshon daryosining boʻylaridagi janglarda xorazmshoh zafar quchgan.
1171-yil qoraxitoylar qoʻshini Amudaryodan oʻtib, Xorazm sarhadlariga kirib kelganda Elarslon toʻgʻonlarni ochib, poytaxt yaqinidagi yoʻllarni suvga bostirishga farmon bergan. Qoraxitoylar xorazmshoh qoʻshinlarini yengib, amir Ayyorbekni asir olib Samarqandga qaytganlar. Xorazmshoh poytaxt Gurganjga qaytgan va xastalikdan vafot etgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bun iyotov 3., Anushtagin Xorazmshohlar davlati (1097-1231), T., 1998.
- Gulyamov Y.G., Istoriya orosheniya Xorezma s drevneyshikh vremen do nashikh dney. Tashkent. 1957
- Istoriya Xorezma. Pod redaktsiyey I. M. Muminova. Tashkent, 1976
- Ibrohim Karimoye, Saʼdulla Otamurodov.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |