Surnay

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Surnay

Surnay (fors. sur — toʻy, bayram va nay; toʻyda chalinadigan nay) — puflab chalinadigan cholgʻu asbobi. Oʻzbek, tojik, turk, Kavkaz, Eron xalqlari orasida keng tarqalgan. Shakli naynikiga oʻxshaydi. Surnayning yuqori tomoni ingichka, pastki tomoni esa konussimondir. Oʻzbekistonda tarqalgan surnaylarning uzunligi 45-55 sm dir. Oʻzbekiston va Tojikistonda surnay karnay, nogʻora, va doira bilan anʼanaviy maxsus ansambllarda keng qoʻllaniladi. Surnayning Xitoyda ishlatiladigan turi sona, Kavkazorti xalqlarida ishlatilgan turi zurna deb ataladi.

Tuzilishi va yasalishi[tahrir]

Nayning asosiy tanasi 400—550 mm uzunlikdagi mevali daraxt (oʻrik, tut, yongʻoq) yogʻochidan, ichki tomoni silindr, baʼzida konus shaklida, karnaychasi kengaytirilgan holda yasaladi. Barmoq bilan bosiladigan 8 ta teshigi bor: 7 tasi yuza (ustki), 1 tasi orqa (pastki) tomonida joylashgan. Surnayning tilchasi (naypachoq, dudik) oddiy qamishdan pachoqlanib ip bilan qattiq boʻgʻilib, bir-biriga qapishtirib yasaladi va mil(nil)iga kiygiziladi.

Mil cholgʻu tanasiga oʻrnatilgan bachka (fors. bacha — bola soʻzidan) surnayning tanasiga nisbatan boshqacha yogʻochdan ishlangan silindrga kiygiziladi. Milga esa ijrochi labiga tiralib, uning nafasini tashqariga chiqishidan muhofazalab turadigan ellips shaklidagi (hayvon shoxi, suyak, sadaf yoki metalldan ishlangan) halqa — sadaf oʻrnatiladi.

Diapazoni[tahrir]

Nayning diapazoni birinchi oktava „re“ dan ikkinchi oktava „si“ gacha va undan ham yuqori boʻladi.

Tovushi[tahrir]

Surnayning tovushi jarangdor, kuchli va juda oʻtkir. Fargʻona, Andijon, Toshkentda surnayning menzurasi (ichki teshigi diametri) kengroq boʻlganligi sababli tovushi mayinroq va nolali, Xorazm surnayi tovushi keskin va chiyildoq. Surnayda tovush hosil qilish murakkab boʻlib, sozandaning uzluksiz nafas olish jarayoniga asoslanadi. Mazkur ijro turi Oʻzbekistonda „qaytarma nafas“ (Xorazmda „dam aylantirish“) deyiladi. Bunda ijrochi lunjini shishirgan holda zaxira havoni ogʻzida saqlaydi va burundan nafas olayotgan paytida zaxiradagi xavoni chakka mushaklari yordamida surnay naychasiga yoʻllaydi. Natijada surnayga havo yuborilishida tovush uzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Taniqli oʻzbek surnaychilar[tahrir]

Oʻzbekistonda surnay ijrochiligida, asosan, ikki (Fargʻona-Toshkent va Xorazm) yoʻnalishi mashhur boʻlib, bir necha mahalliy markazlar mavjud boʻlgan; Andijon (Buloqboshi)dan Hojimat mehtar, Rustam mehtar Yusufalizoda, Ashurali mehtar, Odilbek Rustamov va boshqalar, Fargʻonadan Otajon surnaychi, Qoʻqondan Hamroqul surnaychi, Ahmadjon Qoʻshnay va boshqalar, Toshkentdan Ubaydullayevlar, Mirzayevlar, Sobirovlar sulolalari va boshqalar, Xivadan Sariq mehtar, Bobojon surnaychi, Xudoybergan Qurbon, keyingi paytda Y. Tojiyev, M. Matyoqubov va boshqalar tanilgan.

Ishlatilishi[tahrir]

Surnay karnay, nogʻora yoki doyra joʻrligida ommaviylashgan maxsus ansamblni tashkil qilib, milliy anʼanaviy tomoshalarda, („Surnay yor-yori“), dorboz, qoʻgʻirchoqboz oʻyinlarida („Duchava“, „Dor oʻyin“, „Ufarlar“, Xorazmda „Qum pishigʻi“, „Toʻrgʻay“, „Zuvoniy“, „Rotollo“ va boshqalar), turli marosim, yigʻin va sayillarda, raqslarda („Shodiyona“, „Katta oʻyin“, „Dilxiroj“, „Tanavor“, „Munojot“, Xorazmda „Orazibon“, „Norimnorim“, „Yelpasalandi“ va, ayniqsa, „Surnay lazgisi“) keng qoʻllaniladi. Surnay yakkanavoz cholgʻu sifatida ham mashhur. Ijro imkoniyatlarining boyligi va oʻziga xos xususiyatlarga egaligi tufayli unda chalinadigan kuylar alohida ajralib turadi. Shashmaqomdagi Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlari shoʻbalari asosida yaratilgan surnay yoʻllari „Surnay Buzrugi“, „Surnay Navosi“, „Surnay Orazi“, „Surnay Dugohi“ (savt va ufari bilan) gʻoyat sevimlidir. „Mushkiloti Segoh va Ufari“, „Surnay Irogʻi“ kabi kuylarning koʻpchiligi yirik turkumli asarlardir. Ayniqsa, Navo maqomining surnay yoʻllari keng tarqalgan boʻlib, asosan, nikoh toʻylarida ijro etiladi. Xorazmda surnay uchun maxsus surnay maqomlari mavjud boʻlib, ular Tanbur chizigʻida oʻz aksini topgan („Muhammasi Rost“, Navo maqomidan „Peshrav zanjiri“, „Ufari Navo“ va boshqalar), lily yerda, shuningdek, maqom yoʻllari negizida yaratilgan mumtoz kuylari ham mashhur („Nadramaddin“, „Birollayim“ va boshqalar).

Surnay hozirda anʼanaviy va baʼzi milliy estrada ansambllari, xalq cholgʻu asboblari orkestrlarida ishlatilmoqda. Oʻzbekiston kompozitorlaridan Aleksey Kozlovskiy („Lola“ suitasi), Sayfi Jalil (1 simfoniyasi), M. Tojiyev (4 va boshqa simfoniyalari) va boshqalar surnayning oʻziga xos tembrini simfonik orkestri vositalari yordamida yetuk badiiy mavqeda ifoda etganlar. Surnayga yaqin sozlar Kavkaz (ozarbayjon, arman va boshqa) xalqlari va turklarda zurna, Xitoyda sona, Hindistonda shexnay deb ataladi.

Havolalar[tahrir]