Suyak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Suyak — odam va umurtqali hayvonlar skeletining asosiy qismi. Suyak toʻqimasi biriktiruvchi toʻqimaning bir xili. S. boʻgʻimlar, boylamlar, muskullar va oʻziga birikkan paylar bilan birga tayanchharakat apparatini hosil qiladi. S. hujayralar (osteotsitlar, osteoklastlar) va hujayralar oraligʻi mineral moddalardan tarkib topgan. Osteotsitlar hujayralar oraligʻi moddasi bilan oʻralgan; oʻsimtalar yordamida oʻzaro tutashgan; S. toʻqimasida moddalar (oqsil, suv, ion) almashinuvini, osteoblastlar esa S.lar hosil boʻlishini, ularning soʻrilish (rezorbsiya) jarayonini taʼminlaydi. Osteoblastlar va osteoklastlarning birgalikda taʼsiri S. ning oʻsishi va funksional zoʻriqishi oʻzgarishining asosini tashkil etadi. Hujayralararo modda kollagen (ossein) tolalar va asosiy moddadan iborat, bu moddalar S.ning pishiq va mustahkam boʻlishini taʼminlaydi. Suya k toʻqimasi kollageni oʻziga xos polipeptidlarning koʻpligi bilan togʻaydan farq qiladi. Asosiy modda glikoproteidlar va proteoglikanlardan tashkil topgan. Mineral komponenta apatit, sulfat va kalsiy karbonat kristallaridan iborat. S. embrional rivojlanish davrida biriktiruvchi toʻqima — mezenximadan hosil boʻladi. Birlamchi S. ichki togʻay skeletning suyaklanishidan (yelka, son va b.), ikkilamchi S. teri osti tangachalaridan (peshona, tepa va b. S.) vujudga keladi.

S. tuzilishi va shakliga koʻra uzun, yaʼni naysimon (son, boldir va b.), yassi, yaʼni serbar (toʻsh va b.) va kalta (umurtqalar va b.) buladi. Naysimon S.larning urta qismi (diafiz) va ikki uchi (epifiz) bor. Diafiz zich moddadan, epifiz va yassi hamda kalta S.lar tanasi gʻovak moddadan iborat. Diafiz boʻshligʻida va epifiz gʻovak moddasi oraligʻida ilik buladi. S. sirti biriktiruvchi toʻqimadan tashkil topgan suyak usti pardasi — periost, ichki ilik boʻshligʻi tomondan xuddi shunga oʻxshash endost bilan qoplangan. Diafiz 4—15 mkm kalinlikdagi plastinkalardan iborat boʻlib, ular orqali qon tomirlari va nervlar oʻtadi.

S. — kalsiy va fosfor deposi hisoblanadi. Paratgormon va kalsiotonin gormonlari kon plazmasida kalsiy mikdorini va osteoklastlarning soʻrilish faolligini boshkarib turadi. S. toʻqimasi juda faol regeneratsiya xususiyatiga ega boʻlib, organizmda toʻxtovsiz yangilanib turadi. Shu sababdan S.ning mexanik xossalari ham organizmga tushadigan yukka mos ravishda oʻzgarib boradi. Odam skeleti S. tarkibi umr davomida yangilanib turadi (yana q. Suyak sinishi, Suyak chiqishi, Skelet).