Baqtriya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Baqtriyadagi qadimgi shaharlar

Baqtriya, Baqtriyona, Baxtar zamin Baktriya — Amudaryoning yuqori va oʻrta oqimidagi va Hindukush tog'laridan shimolda joylashgan tarixiy davlat va hudud.[1] Baqtriya shuningdek So'g'd davlatidan janubda va Pomir tog'larining g'arbida joylashgan. Asosan hozirgi Oʻzbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlari hamda Afgʻonistonning shimoliy qismini oʻz ichiga olgan. Shimolda Sugʻd, janubda va janubi-sharqda Araxosiya, Gandhara, gʻarbda Margʻiyona bilan chegaralangan. Hududni uch tomondan o'rab turgan (shimolda Pomir, janubda Hindukush, sharqda Qoraqurum) tog' tizmalari davlat uchun himoya "devorlari" vazifasini bajargan.

Avestoda "bayroqlar bilan o'ralgan ko'rkam Baqtriya" deb atalga ushbu hudud Zardushtiylik dinida oliy xudo Ahura Mazda yaratgan "o'n olti mukammal zaminlar"dan biri sifatida tilga olinadi. Qadimda Baqtriya ko'chmanchi turonliklarning bosqinlariga qarshi turgan kichik, mustaqil podsholik bo'lgan.[2] Zardushtiylikning qadimgi markazlaridan biri va afsonaviy Kayoniylar sulolasining poytaxti hisoblangan Baqtriya Doro I tomonidan bitilgan Behistun bitiklarida ham Ahamoniylar davlatining satrapliklaridan biri sifatida tilga olinadi; o'sha davrda Baqtriya maxsus satraplik bo'lib, u shahanshoh vorisi tomonidan boshqarilgan.[1] Miloddan avvalgi IV asrda Ahamoniylar davlatining qulashidan keyin Baqtriya eroniylarning Aleksandr bosqiniga qarshi kurashi markaziga aylanadi, biroq oxir oqibatda Aleksandr qo'shinlariga taslim bo'ladi. Aleksandr o'limidan keyin Baqtriya Aleksandrning sarkardalaridan biri Selevk I qo'li ostiga o'tadi.[3]

Satrap Diodot I mustaqillik e'lon qilishi bilan Baqtriya ham Salavkiylar davlati tarkibidan chiqadi va shundan keyin Yunon-Baqtriya, keyinchalik esa Hind-Yunon podsholiklari davri boshlanadi. Miloddan avvalgi II asrga kelib Baqtriya Parfiya imperiyasi tomonidan bosib olinadi va milodiy I asr boshida Baqtriya hududida Yuyechji qabilalari tomonidan Kushonlar imperiyasiga asos solinadi. Erondagi ikkinchi Sosoniy shahanshoh Shopur I Kushon imperiyasining g'arbiy qismlarini istilo qiladi va Kushon-Sosoniy podsholigi tuziladi. Sosoniylar Baqtriyani IV asrda qo'ldan boy berib, VI asrda yana qayta bosib oladi. Antik davrda va ilk o'rta asrlarda sharqiy eroniy tillardan bo'lmish Baqtiya tili (mahalliy tilda oriyo deb nomlangan) Baqtriya va qo'shni hududlarda keng tarqalgan til hisoblangan.

VII asrda Eronning musulmonlar tomonidan istilo qilinishi bilan Baqtriyaning ham islomiylashuvi boshlanadi. Hududning markaziy shahri Baqtra VIII-IX asrlardagi Eron Uyg'onishi hodisasining ham markazi edi va aynan shu hududda yangi fors tili mustaqil adabiy til sifatida shakllandi. Sharqiy Eron va Markaziy Osiyodagi Somoniylar imperiyasiga ham baqtriyalik Somonxudot avlodlari tomonidan asos solingan va bu bilan hududda baqtriya tili unutilib, fors tili tarqalishni boshlagan.

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hudud dastlab Avestoda Bahdi nomi bilan ataladi. Bahdi - eski fors tilidagi so'zdir. Keyinchalik bu Bāxtriš (o'rta fors) va Baxl (yangi fors) ko'rinishlariga o'zgargan.[4] Bugungi "Baqtriya" nomi qadimgi yunoncha Βακτριανή (Baktrianē) nomidan olingan.

Geografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baqtriya Oʻrta Osiyo xaritasida

Baqtriya tekisliklari shimolda Amudaryo, janubda va sharqda Hindukush tog' tizmasi bilan chegaralangan. G'arbda esa ushbu mintaqa Karmon cho'li va Marg'iyona tekisliklari bilan tutashgan.[5] Amudaryo va Shirin Tagob, Saripul, Balx va Qunduz kabi kichikroq daryolar mingyillar davomida sug'orma dehqonchilikka asos bo'lgan. Zamin hosildorligi bilan tanilgan bo'lib, Antik davr dehqonchilik mahsulotlarining (zaytundan tashqari) barchasini yetishtira olgan.[6]

Pierre Leriche yozadi:

Baqtra manzilgohi poytaxti hisoblanmish Baqtriya dastavval Amudaryo janubida joylashgan bo'lib, Balh, Toshqo'rg'on, Qunduz, Saripul va Shirin Tagob daryolari vohalaridagi kichik dehqonchilik manzilgohlaridan iborat bo'lgan. Hudud Markaziy Osiyo tarixida o'ta muhim o'rin tutadi. Ba'zan Baqtriya davlatining siyosiy chegaralari Baqtriya tekisligi geografik doirasidan ancha tashqariga ham chiqqan.[7]

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bronza davri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hayvonlar tasviri tushirilgan qadimgi kosa, Baqtriya, m.avv. III-II mingyillik.

Baqtriya-Marg'iyona Arxeologik majmuasi ("Oks sivilizatsiyasi" deb ham yuritiladi) Markaziy Osiyodagi Bronza davriga oid arxeologik manzilgoh bo'lib, tahminan miloddan avvalgi 2200-1700-yillarga tegishli ushbu manzilgohlar sharqiy Turkmaniston, shimoliy Afg'oniston, janubiy O'zbekiston va g'arbiy Tojikistonda joylashgan. Asosan manzilgohlar Amudaryoning (qadimgi yunonlar Oks deb atashgan) yuqori oqimi atrofida joylashgan bo'lib, Baqtriya hududi ham aynan shu joyga to'g'ri keladi. Undagi manzilgohlar Sovet arxeologi Viktor Sarianidi tomonidan 1976-yilda aniqlangan va nomlangan. Baqtriya eski forscha Bāxtriš nomining yunoncha o'zgargan shakli bo'lsa,[8] Marg'iyona Margu satrapligining yunoncha atalishidir. Baqtriya so'zi poytaxt Baqtra (Shimoliy Afg'onistondagi bugungi Balx shahri) so'zidan olingan bo'lsa, Marg'iyona hududining poytaxti bugungi kunda Turkmanistonda joylashgan Marv shahridir.

Iloha haykalchasi. "Baqtriya malikasi" turkumidagi haykalchalardan biri. Bronza davri Baqtriyasi. Baqtriya-Marg'iyona Arxeologik majmuasi, tahminan m.avv. 2000-yillar. Xlorit va ohaktosh. Miho muzeyi, Markaziy Osiyo san'ati bo'limi.[9][10]

Tahminan miloddan avvalgi 400-yillarda yashagan qadimgi yunon tarixchisi Ktesiy, undan keyin Sitsiliyalik Diodor, afsonaviy Ossuriya podshosi Nin Oksyart nomi bilan atalgan Baqtriya podshosini m.avv. 2140-yilda, yoki Troya urushidan tahminan 1000 yil oldin mag'lub etganini yozadi. Biroq XIX asrda mixxat yozuvi tarjima qilinishi bilan Ossuriya lavhalarini o'qish va tushunish imkoni paydo bo'ldi va tarixchilar yunonlarning asarlariga kamroq e'tibor bera boshladilar.

Ba'zi mualliflar fikricha Baqtriya oriylarning dastlabki vatani bo'lib, keyinchalik ular miloddan avvalgi 2500-2000-yillar atrofida janubi-g'arbdagi Eronga va Hindiston yarim orolining shimoli-g'arbiga aynan shu hududdan kirib borishgan. Keyinchalik viloyat Ahamoniylar davlatining Markaziy Osiyodagi shimoliy satrapliklaridan biriga aylandi.[11] Turon botig'i bilan o'ralgan aynan shu tog'li o'lkaning mahsuldor zaminida payg'ambar Zardusht dunyoga kelgan va o'zining birinchi izdoshlarini orttirgani aytiladi. Zardushtiylar Avestosining eng eski qismlari bitilgan Avesto tili eski eroniy tillardan biri bo'lib, sharqiy eroniy tillarning eng qadimiysidir.

Ahamoniylar davlati tarkibida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kserks I maqbarasi, Baqtriyalik askar, m.avv. 470-yil.

Ernst Herzfeld fikricha avvaliga Baqtriya Midiya tarkibida bo'lgan[12] va undan keyin m.avv. VI asrda Kir II tomonidan Ahamoniylar davlatiga qo'shib olingan va Marg'iyona bilan birgalikda Ahamoniylar davlatining o'n ikkinchi satrapligini hosil qilgan. Shoh Doro III Aleksandr tomonidan mag'lub etilganidan keyin Baqtriya satrapi Bess milliy ozodlik harakatini uyushtirishga uringan, biroq boshqa sarkardalar tomonidan ushlanib, Aleksandr huzuriga keltirilgan va qiynalib o'ldirilgan.[13][14]

Forslar hokimiyati ostida ko'plab yunonlar Baqtriyaga ko'chirib yuborilgan va bu hududda yunon jamoalari va tilining shakllanishiga olib keldi. Doro I hokimiyati davrida yunonlarning Kirenaikadagi Barka shahrida yashovchi fuqarolari yollanma qotillarni topshirishdan bosh tortgani uchun Baqtriyaga surgun qilingan.[15] Qolaversa, Kserks ham "Branxiadlarni" Baqtriyaga o'rganishiga ijozat bergan; ular bir vaqtlar Didima yaqinida (g'arbiy Anatoliya) yashagan va ibodatxonani unga topshirgan yunon kohinlarining avlodlari edi.[16] Gerodot ham qo'zg'olon ko'targan Ioniyaliklarning qizlarini qul qilib, Baqtriyaga surgun qilish bilan tahdid qilgan fors qo'mondoni haqida yozadi.[17] Keyinchalik forslar (undan keyin Aleksandr ham) Baqtriyada yashovchi ushbu yunonlardan o'z qo'shiniga askar sifatida foydalangan.

Makedoniyalik Aleksandr[tahrir | manbasini tahrirlash]

Salavkiylardan oldingi Baqtriyadan topilgan Afina ukkisiga taqlidan bosilgan tanga.

Aleksandr So'g'diyonani istilo qilgan. Janubda, Oksdan narida u kuchli qarshilikka duch kelgan, biroq oxir-oqibatda harbiy kuch va diplomatiyani ishga solgan holda hududni istilo qilib, Baqtriyaning mag'lub satrapi Oksiartning qizi Roksanaga (Ruxshona) uylanadi. U Baqtriyada ikki yunon shaharlariga asos soladi va ulardan biri Aleksandr imperiyasining eng sharqiy nuqtasida joylashgan Aleksandriya Esxata (Olisdagi Aleksandriya; hozirgi Xo'jand shahri) shahri edi.

Aleksandr o'limidan keyin Sitsiliyalik Diodor yozishicha Filip Baqtriyaga ega chiqadi, lekin Yustin yozishicha Amintas ushbu lavozimga ega bo'lgan. Sitsiliyalik Diodor va Arrianning yozishicha Triparadis shartnomasidan keyin satrap Stasanor Baqtriya hokimiyatiga keladi. Oxir-oqibatda Aleksandr saltanati qo'shin sarkardalari orasida bo'lib olinadi. Baqtriya esa Salavkiylar imperiyasi tarkibiga kiradi.

Salavkiylar imperiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Makedoniyaliklar, ayniqsa Salavk I va uning o'g'li Antiox I Salavkiylar imperiyasiga asos soladi va bir necha yunon shaharlarini barpo etadi. Bir muddat hududda yunon tili hukmron mavqega ega bo'ladi.

Yunonistonga ancha yaqin joylardan ko'ra Baqtriyada yunon tilining kengroq tarqalgani jumbog'ini o'tmishda yunonlarning Baqtriyaga ko'chirib keltirilgani bilan izohlash mumkin.[18] Aleksandr qo'shinlari Baqtriyaga kelganda ular yunoncha so'zlashuvchi odamlarni uchratgan va aftidan bu odamlar o'tmishda forslar tomonidan shu joyga ko'chirib o'tkazilgan.

Yunon-Baqtriya podsholigi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Salavkiy podsholari bilan bog'liq ichki muammolar va Fir'avn Ptolemey II Filadelf tomonidan hujumlardan foydalanib, Baqtriya satrapi Diodot I tahminan m.avv. 245-yilda mustaqillik e'lon qiladi va So'g'dni ham o'z davlatiga qo'shib oladi. Shunday qilib, u Yunon-Baqtriya podsholigiga asos soladi. Diodot va uning vorislari Salavkiylar hujumlaridan, ayniqsa Antiox III hujumlaridan o'zlarini himoya qilishga muvaffaq bo'ladi va Antiox III oxir-oqibatda m.avv. 190-yilda rimliklar tomonidan mag'lub etiladi.

Yunon-Baqtriya podsholigi shu qadar qudratli bo'lganki, ular o'z hududlarini janubiy Osiyoga qadar kengaytira olgan:

Baqtriyaga keladigan bo'lsak, uning bir qismi shimolda Aria bilan tutashgan, lekin uning katta qismi Ariadan narida, sharqda joylashgan. Davlatda yog'dan tashqari barcha narsa yetishtiriladi. Baqtriyani qo'zg'olonga boshlagan yunonlar shu qadar qudratli ediki, zaminning hosildorligi tufayli ular nafaqat mustaqillikka erishib, Baqtriya va atroflarni (Oriyona) o'z qo'llari ostida birlashtirdi, balki Hindiston ustidan ham hokimiyat o'rgatdi. Artemitalik Apollodor yozadi: "ular Aleksandrdan ham ko'ra ko'proq qabilalarni bo'ysundirdi..."[19]

Yunon-Baqtriyaliklar yunon tilidan boshqaruv tili sifatida foydalanishgan. Mahalliy Baqtriya tili ham yunonlashgan va tilga yunon alifbosining va yunon so'zlarining kirib kelishi shundan dalolat beradi. O'z navbatida, bu so'zlarning ba'zilari bugungi kunda pushtu tiliga ham kirib kelgan.

Hind-Yunon podsholigi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baqtriya podshosi Yevtidem I va uning o'g'li Demetriy I Hindukush tog'larini oshib o'tib, Hind vodiysini istilo qilishni boshlaydi. Qisqa muddat ular qo'lida o'ta buyuk qudrat to'plandi va buyuk yunon saltanati uzoq Sharqda paydo bo'lgandek bo'ldi. Biroq bu imperiya ichki nizolar va tinimsiz fitnalar ichida qolgandi. Demetriy Hind vodiysidan sharqqa olislab ketishi bilan uning sarkardalaridan biri, Yevkratid o'zini Baqtriya podshosi deb e'lon qildi va tezda har bir viloyatda fitnachilar bosh ko'tardi, o'zlarini podsho deb e'lon qilib, bir-biri bilan urusha ketdi.

Ularning ko'pchiligini faqatgina tangalari orqali bilamiz va bugungi Afg'onistonda bunday tangalar ko'plab topiladi. Bu urushlar yunonlarning hududdagi maqomini ancha kuchsizlantirib qo'ydi. Demetriy va Yevkratiddan keyin podsholar tanga bosib chiqarishda Attika standartidan voz kechib, mahalliy standartni qabul qilishdi va shubhasiz bu mahalliy aholining qo'llab-quvvatlashiga erishish maqsadida qilingandi.

Bu jarayonlar Hind vodiysida yanada ko'rpoq aks etgandi. Buyuk istilochi sifatida tanilgan Hind-Yunon podshosi Menander I (janubiy Osiyoda Milanda sifatida tanilgan) buddizmni qabul qildi. Uning avlodlari ham hokimiyatni o'z qo'llarida saqlab qolishga urinishdi va eng oxirgi ma'lum hind-yunon podshosi Strato II m.avv. 55-yilga qadar Panjob hududlarini boshqardi.[20] Boshqa manbalar Strato II hokimiyati yakunlanishi yilini milodiy 10-yil deb ham ko'rsatishadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Mukhidinov, Saydali (2018). „Ancestral Home of Indo-Aryan Peoples and Migration of Iranian Tribes to Southeastern Europe“. SHS Web of Conferences. doi:10.1051/shsconf/20185001237.
  2. J., K. (1913). „Bactria: the History of a Forgotten Empire. By H. G. Rawlinson, M.A., I.E.S. Probsthain's Oriental Series“. Journal of the Royal Asiatic Society. 45 (3)-jild. 733–735-bet. doi:10.1017/s0035869x00045470. ISSN 1356-1863.
  3. Kushokov, Safarali Yusupovich (2020). „The Emergence Of Religious Views Is Exemplified By The Southern Regions“. The American Journal of Social Science and Education Innovations. 02 (10)-jild. 143–145-bet. doi:10.37547/tajssei/volume02issue10-22. ISSN 2689-100X.
  4. Eduljee, Ed. "Aryan Homeland, Airyana Vaeja, in the Avesta. Aryan lands and Zoroastrianism". www.heritageinstitute.com. Qaraldi: 2024-05-07
  5. Higham, Charles F. W.. Encyclopedia of Ancient Asian Civilizations. Facts On File, Inc., 2004 — 31 bet. ISBN 0-8160-4640-9. 
  6. Rawlinson, H. G.. Bactria: The History of a Forgotten Empire. London: Probstain & co., 1912. 
  7. P. Leriche, "Bactria, Pre-Islamic period", Encyclopaedia Iranica, vol. 3, 1998.
  8. David Testen „Old Persian and Avestan Phonology“,. Phonologies of Asia and Africa. Winona Lake, Indiana: Eisenbrauns, 1997 — 583 bet. 
  9. Inagaki, Hajime. Galleries and Works of the MIHO MUSEUM. Miho Museum. p. 45.
  10. Tarzi, Zémaryalaï (2009). „Les représentations portraitistes des donateurs laïcs dans l'imagerie bouddhique“. KTEMA. 34 (1)-jild.
  11. Arthur Cotterell. The Pimlico Dictionary Of Classical Civilizations. Pimlico, 1998 — 58 bet. 
  12. Herzfeld, Ernst. The Persian Empire: Studies in geography and ethnography of the ancient Near East. F. Steiner, 1968 — 344 bet. 
  13. Frank L. Holt. Into the Land of Bones: Alexander the Great in Afghanistan. University of California Press, 2005 — 41–43 bet. 
  14. Chisholm, Hugh, ed. (1911). "Bactria" . Encyclopædia Britannica. Vol. 3 (11th ed.). Cambridge University Press. pp. 180–181.
  15. Herodotus, 4.200–204
  16. Strabo, 11.11.4
  17. Herodotus 6.9.4
  18. Walbank, F.W.. The Hellenistic World. Fontana Press, 1981. ISBN 0-006-86104-0. 
  19. Strabo "Geography, Book 11, chapter 11, section 1".
  20. Bernard, Paul „The Greek Kingdoms of Central Asia“,. History of civilizations of Central Asia, Volume II. The development of sedentary and nomadic civilizations: 700 B.C. to A.D. 250 Harmatta, János: . Paris: UNESCO Publishing, 1994 — 126 bet.