Hind

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hind (sanskritcha Sindxu, pushtu tilida Abba-Sin — daryolar otasi) — Xitoy, Hindiston va Pokistondagi daryo. Uz. 3180 km, havzasining mayd. 980 ming km2. Kaylas tizmasi (Tibet togʻligi)dan, 5300 m balandlikdan boshlanadi. Yuqori oqimida chuqur tektonik vodiyda qoyali daralar hosil qilib, oʻrta va quyi qismida Hindgang tekisligining gʻarbiy qismidagi keng vodiyda irmoqlarga boʻlinib oqadi va Arabiston dengiziga delta (mayd. 8 ming km2) hosil qilib quyiladi. Asosiy irmoqlari: oʻngdan — Gilgit va Kobul, chapdan — Satlaj. H. togʻlarda erigan qor-muzlik suvlaridan, qolgan qismida musson yomgʻirlaridan toʻyinadi. Bahor va yozgi toʻlinsuv davrida suv sathi toglarda 10—15 m, tekisliklarda 5— 7 m gacha koʻtariladi. Suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida daryo oʻzani katta masofada marzalar bilan oʻralgan. Haydarobod sh. yaqinida suv sarfi 3850 mUsek., eng yuqorisi 30 ming m3/sek. dan ziyod. Quyi oqimida sugorishga koʻp suv sarflanishi va bugʻlanishi natijasida suvi kamayadi. Qurgʻoqchil yillar quyi oqimida Arabiston dengizigacha yetib bormay, baʼzan qurib qoladi. Daryo yiliga 450 mln. t oqiziq keltiradi. H. havzasida 11 mln. ga yer sugʻoriladi. Koʻplab toʻgʻon va b. irrigatsiya inshootlari qurilgan. Kobul daryosi quyilgan joydan boshlab vaqt-vaqti bilan kema qatnaydi. H. boʻyida Haydarobod, Sukkur sh.lari, deltasi yaqinida Karochi dengiz porti joylashgan.