Ossuriya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ingliz tilida xaritasi

Ossuriya — Mesopotamiyaning shimolida, Dajla daryosi yuqori oqimi boʻylarida qadimda mavjud boʻlgan davlat (miloddan avvalgi XX-VIIasrlar). Ashshur (Assur) shahardavlati nomidan olingan. Ossuriya aholisi, asosan, somiy-akkad xalqlariga mansub boʻlgan. Miloddan avvalgi XVII asr boshida Ashshur yirik davlatning markazi edi. Keyinchalik Bobil, 16—15-asrlarda Mitanni davlatlari qoʻl ostiga oʻtgan. Ashshur hukmdori Ashshuruballit I (miloddan avvalgi 15-asr oxiri — 14-asrboshi) Mitannining zaiflashganidan foydalanib, mustaqil boʻlib olgan va kuchli davlat tuzgan. U Bobilni ham oʻziga buysun-dirgan. Uning nabirasi Arikdenilu birinchi boʻlib „Ossuriya podshohi“ unvonini olgan. Ossuriya Shimoliy Mesopotamiyaning bu-un hududini hamda Bobilga Furot va Dajla orqali boradigan daryo yoʻlini egallab olishga muvaffaq boʻlgan. Shuningdek, Arrapxa (hozirgi Kirkuk) davlati ham bosib olingan. Miloddan avvalgi 16— 13-asrlar oraligʻida bizning davrimizgacha yetib kelgan Ossuriya sud qarorlari (oilaviy, yer, qarzdorlik huquqiga doir va boshqalar) tuzilgan. 13-asrdan podsho hokimiyati bilan zodagonlar oʻrtasida ziddiyat kuchaya boshlagan. 12-asrda Ossuriya vaqtinchalik zaiflashgan boʻlsada, ammo Tiglatpalasar I davrida (12-asr oxiri — 11-asr boshi) yangidan qudratli davlatga aylangan. U Bobil, Shimoliy Suriya va Finikiyada zafarli urushlar olib borgan. Armanistonga tez-tez yurishlar qilib turgan. Biroq Tiglatpalasar I hukmronligining 2-yarmida oromiy kabilalarining Suriya dashtidan Shimoliy Suriya va Shimoliy Mesopotamiyaga siljishi bilan Ossuriya davlati zaiflashib, parchalanib keta boshlagan. Zodagonlar bilan kurash natijasida Ossuriya podsholarining qarorgohi imtiyozli Ashshur shahridan boshqa shaharlarga — dastlab, Kalxuga (hozirgi Nimrud shahri harobasi), 8 — 7-asrlarda boʻlsa Dur-Sharrukin (Xorso-bod) va Nineviya (Kuyunjik) ga koʻchirilgan. 10-asr oxiri — 9-asrlarda Ossuriya podsholari Shimoliy Mesopotamiya va Ossuriyaning sharqidagi togʻli oʻlkalarda oʻz hokimiyatlarini tiklashga erishganlar. Ossuriya qoʻshinlari bir necha bor Janubga — Bobilga, Shimolga — Urar-tuga, Sharqqa — Midiyaga, Gʻarbga — Suriyaga bostirib kirganlar. 9-asr oxiridan Ossuriyada ijtimoiy-siyosiy tanazzul boshlangan, u urushlar natijasida xo-navayron boʻlgan qishloq xoʻjaligi rayonlari bilan bogʻliq edi. Yirik davlatlar va ittifoqlar, ayniqsa, Urartu bilan boʻlgan kurashda Ossuriya bosib olgan bir qancha viloyatlardan ajralgan. Mamlakat ichkarisida sodir boʻlgan fuqarolar urushi natijasida taxtga Tiglatpalasar III (745—727) oʻtirgan. Uning davrida Ossuriya yana bosqinchilik siyosati yurgizgan. 100-yil mobaynida Gʻarbiy Osiyoning butun hududi (Urartu va baʼzi chekka viloyatlardan tashkari) bosib olingan. Bu hududlardagi xalqlar qirib tashlanmasdan, balki bir rayondan ikkinchi rayonga koʻchirilgan; noyibliklar kichik qismlarga boʻlib tashlangan va noyiblar huquqi cheklangan; davlat tomonidan taʼminlanadigan doimiy armiya tuzilgan. Tiglatpalasar III, oʻgʻli Salmanasar V (727—722), keyinchalik Sinaxerib (705—680) harbiylarga koʻproq yon bosib, oqsuyaklar, kohinlar huquqini cheklagan. 679—672 yillarda Ossuriya Shimolida va Sharqda kimmeriylar, skiflar va midiyaliklar bilan ogʻir urushlar olib borgan. Miloddan avvalgi 8-asr oxiridan boshlab Ossuriyaga qarshi boʻlgan davlatlar (Bobil, Elam, baʼzan Misr, Suriya, Finikiya, Falastin) va kabilalar (xaldey, arab va boshqalar) ittifoqi tuzilgandi. Ashshurbanipal davrida (669—633) bu ittifoqqa qarshi olib borilgan urushlar natijasida Ossuriyada ozod dehqonlar ahvoli ogʻirlashgan, qoʻshinning maʼnaviy-ruhiy ahvoli yomonlashgan. Ossuriyaning harbiytexnikaviy yutuklarini 7-asrga kelib boshqa davlatlar ham oʻzlashtirganlar. Uzoq muddatli urushdan soʻng Bobil va Midiya ittifoqi Ossuriyani tormor keltirgan, uning asosiy shaharlarini vayron qilib, Ossuriya davlatini tugatgan (605). Urush davrida Ossuriya zodagonlari yoppasiga qirib tashlangan, qolgan aholi Mesopotamiya oromiylari bilan aralashib ketgan.

Soyfullo Tursunov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil