Oshiq Erkin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oshiq Erkin
Asl ismi Erkin Madrahimov
Tavalludi 7-may 1937-yil
Vafoti 24-fevral 2023-yil(2023-02-24)
(85 yoshda)
Taxallusi Oshiq Erkin
Fuqaroligi Sovet IttifoqiOʻzbekiston
Yoʻnalish Jurnalist, yozuvchi, shoir
Faoliyat yillari 1956—2023
Mukofotlari

Oshiq Erkin (Erkin Madrahimov) (1937-yil 7-may, Xiva, Xorazm, UzSSR — 2023-yil 24-fevral Xorazm, Oʻzbekiston[1]) — oʻzbek shoiri, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Bolaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1937-yilning 7-may kuni Xorazm viloyatining ko‘hna Xiva shahrida xizmatchi oilasida tavallud topgan.

Taʼlim[tahrir | manbasini tahrirlash]

U o‘rta maktabni tugallagach, mehnat faoliyatining 1956-yilning birinchi yanvaridan „Xorazm haqiqati“ ro‘znomasi tahririyatida musahhih yordamchisi maqomida boshlagan. Shu yili Toshkent Davlat universiteti (sobiq O‘rta Osiyo universiteti)ning filologiya fakultetiga jurnalistika yo‘nalishida o‘qishga kirdi. Uchinchi kurs talabasi paytida (1959-yil) o‘qishdan ajralmagan holda „O‘rta Osiyo universiteti“ — keyinchalik „Toshkent universiteti“ deb nom olgan qo‘p nus’hali gazetasi maʼsul kotibi vazifasida ham mehnat qildi. Gazeta muharriri ustozi, taniqli adabiyotshunos olim, keyinchalik mustaqillik sharofati bilan „O‘zbekiston Qahramoni“ degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan Ozod aka Sharafiddinov edi.

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘qishni tugallaganidan keyin u 1961—1962-yillarda „Qizil O‘zbekiston“ (hozirgi „O‘zbekiston ovozi“) gazetasi taxririyatida adabiy xodim, 1962 yilning oktabr’ oyidan boshlab 1971-yilgacha O‘zbekiston radiosining Xorazm viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri, 1972—1974-yillar davomida Xorazm viloyatining Bog‘ot tumani ro‘znomasi muharriri, O‘zbeksiton radiosining „Yoshlik“ redaksiyasi katta muharriri, 1974—1986-yillar maboynida „Qishloq haqiqati“ (hozirgi „Qishloq hayoti“) va „Sel’skaya pravda“ gazetalarining Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyati bo‘yicha mahsus muhbiri, 1986-yil iyunidan 2010-yilgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyati bo‘limi rahbari vazifasida mehnat qildi[2].

Ijodiy faoliati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oshiq Erkinning turli yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va sanʼat, „Yosh gvardiya“ — hozirgi „Yangi asr avlodi“, „Sanʼat“, „O‘zbekiston“, „Xorazm“ va „Xorazm yoshlari“ nashriyotlarida „Iqbol“, „Ohular“, „Yilga tatigan bir kun“, „Chaqmoq“, „Ko‘ngil gavhari“, „Qo‘ymadingiz-qo‘ymadingiz“, „Tuyamo‘yin tongi“, „Yolg‘onning umri qisqa“, „Po‘lat va uning bobosi hikoyalari“, „Tilla qush“, „Bir hikmat bor muhabbatda“, "Ishqingda yondim, " „Olmahon Hayitova“, „Hizr chashmasi“, „Azim daryo“, „Jayhun jilovdori“, „O‘lguncha sizni derman“, „Mujgoningga sallamno“, „Mehring tushdi yurakka“, „Yuragimdan joy beraman“, „Ishqingda yondim“, „Bunyodkor“, „Shunqor“, „Qoraqalpoq qasidasi“, „O‘n sakkiz yoshindadir“ (Hazrat Navoiy g‘azallariga muhammaslar) „Iftixor“ va boshqa sheʼr, doston va nasriy kitoblari nashr etilgan[1].

Oshiq Erkinning ona-Vatan, mustaqillik, do‘stlik va qardoshlik, umuman ijtimoiy hayot haqidagi sheʼr va g‘azallari 4 ta kitobda jamlanib „Xorazm“ va „Xorazm yoshlari“ nashriyotlarida umumiy nomda „Yurakdagi Vatan“ deya atalib, ularning birinchi jildi 2014-yilda, qolgan jildlari 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga sovg‘a maqomida chop etilganligini alohida qayd etish kerak. „Yurakdagi Vatan“ning beshinchi kitobi ham nashrga tayyor bo‘lib turibdi[3].

Oshiq Erkin 1985-yildayoq yana bir xayrli ishga — hazrat Alisher Navoiy g‘azallariga bir necha mumtoz shoirlarimizning ham turli yillarda bog‘lagan muhammaslarini to‘plashga kirishgan edi. Nihoyat, bu to‘plamning yangi muhammaslar tanlab olinib, bir necha yangi nomlar qo‘shilgan holda 2021 yilda „Yangi asr avlodi“ nashriyotida, ikkinchi kitobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat jamg‘armasi (rahbari  taniqli adabiyotshunos Olimjon Davlatov) tomonidan „Avvalgilarga o‘xshamas“ nomi ostida bu kitob ham 2021-yilda „Yosh kuch“ nashriyotida chop qilindi.

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oshiq Erkinning ayrim ijod namunalari, jumladan ishchilar sinfi mavzusida yozilgan eng yaxshi ocherklar tanlovida 1972 yilda o‘tkazilgan tadbirda „Tuyamo‘yin tonggi“ deb nomlangan ocherki Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Respublika Kengashining uchinchi darajali mukofotiga, „Opa-singillar“ nomli bir pardali pesasi esa 1978-yilda Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Yoshlar Ittifoqi o‘tkazgan ko‘rik-tanlovda rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘lgan.

Oshiq Erkin qo‘shiqnavis shoir, muhabbat va sadoqat, mehru vafo, sehrgar ishq kuychisi. Uning mingdan ortiq sheʼr va g‘azallariga kuylar bastalangan. Qo‘shiqlarini mashhur sanʼatkorlardan Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, Olmaxon Hayitova, Bobomurod Hamdamov, G‘ulomjon Yoqubov, Og‘abek Sobirov, aka-uka G‘ofur va G‘ulom Eshjanovlar, Farhod Davlatov, Rahmatjon Qurbonov, Sobirjon Mo‘minov, Ravshan Matyoqubov, Bunyod Saidov, Karimboy Rahmonov, Bobojon Safoev, Ro‘za Odamboeva, Aziza Niyozmetova, jahonga mashhur sanʼatkorlardan ozarboyjonlik Zaynab Xonlarova, tojikistonlik Jo‘rabek Murodov, Jo‘rabek Nabiev va boshqalar necha o‘nlab taniqli artistlar ijro qilishgan. Birgina O‘zbekiston, Turkmaniston, Tatariston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Davlat mukofoti sohibi Otajon Xudoyshukurov uning 50 ga yaqin, O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov esa 100 ga yaqin qo‘shiqlarini sanʼat shinavandalari eʼtiboriga havola qilishgan.

Oshiq Erkin talabalik davrida 1957-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida yuksak mehnat namunalarini ko‘rsatgani uchun sobiq O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining „Fahriy yorlig‘i“ bilan mukofotlangan.  

Oshiq Erkinning ijodiy  faoliyati mustaqillik yillarida yuqori baholandi. U 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan „Shuhrat“ medali, 2003-yilda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i kengashining qaroriga binoan „Qoraqalpog‘iston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat hodimi“, 2012-yilda esa „O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi“ unvoni bilan taqdirlangan.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shoir 2023-yil 24-fevral kuni Xorazmda vafot etdi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 „Taniqli shoir Oshiq Erkin 86 yoshida vafot etdi“ (oʻzb). daryo.uz. Qaraldi: 2023-yil 25-fevral.
  2. „Скончался поэт Ошик Эркин“ (oʻzb). gazeta.uz. Qaraldi: 2023-yil 25-fevral.
  3. ???

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]