Kontent qismiga oʻtish

Miskarlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Miskarlikhunarmandchilikning qad. sohasi; mis va uning metallar bilan qotishmasidan qurollar, uy-roʻzgʻor buyumlari va boshqa yasash kasbi. M.da buyumlar 2 xil usulda — eritib quyib yoki bolgʻalab yasaladi. Ish jarayonida metall tez-tez qizdirib turiladi. Murakkab shaklli buyumlar yasashda avval ayrim boʻlaklar quyilib, soʻng ular birbiriga qalaylanadi. Buyumlar qolipdan koʻchirilgach tozalanib, soʻng unga naqqoshlar chizma, kandakori yoki bosma usulida gul (naqsh) ishlaydi (yana qarang Kandakorlik).

Qadimda sof misning oʻzidan bolgʻalab buyumlar yasalgan, buyumlar yumshoq va moʻrt boʻlgan. Jez davri (miloddan avvalgi 2-ming yillik)dan mis va uning qalay, qoʻrgʻoshin, rux aralashmasidan iborat metallar qotishmasidan bir-muncha pishiq boʻlgan buyumlar yasalgan.

Oʻzbekiston hududida M. qadimdan rivojlangan, ushbu hududdan topilgan tarkibida mis koʻp boʻlgan jez idishlar bunga misol boʻla oladi. Jez davriga oid muhrlarda oʻsimlik, hayvonlar (ilon, burgut va boshqalar) tasvirlari ishlangan. Buxoro naqshlangan mis idishlar yasashning qad. markazi boʻlgan; bu yerda miloddan avvalgi 1ming yillikda metall quyish, mis va jez buyumlarini qoliplarga quyib ishlash yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, Fargʻonadagi Chust madaniyatiga oid pichoq, oʻroq va ziraklar qoliplarga quyib ishlangan. Bu davr madaniyatiga oid Oʻzbekiston janubidagi mis va jez buyumlariga xilma-xillik xos boʻlib, qad. buyumlarni bezashda chizma, kandakori, boʻrtma naqshlar ishlash keng qoʻllangan.

5—8-asrlarda Soʻgʻd va Xorazm badiiy metall buyumlari keng tarqaldi; 10— 12-asrlarda mehnat qurollari, qurol-aslahalar, roʻzgʻor buyumlari bilan bir qatorda islimiy naqshlar, yozuvlar, tasviriy mavzular bilan qoplangan murakkab shaklli yuksak badiiy buyumlar tayyorlangan, ayniqsa, hayvonlar shaklidagi idishlar diqqatga sazovor, boshqa metallardan, qimmatbaho toshlardan qadab bezash (qadama) usuli qoʻllanila boshlangan. 10-asr arab sayyohi va geografi Muqaddasiy yozishicha, Samarqanddan katta mis qozonlar, nafis mis qadahlar, Buxorodan mis chiroklar arab mamlakatlariga keltirilgan. 11 —12-asrlarda termizlik ustalarning mayda gulli nafis naqsh mujassamotli buyumlari shuhrat qozongan.

14—16-asrlarda Samarqandning Registon maydonidan topilgan jez buyumlar xazinasi M.ning yuksak taraqqiyotidan guvohlik beradi: idishlar kandakori, qadama (tilla, kumush, qizil mis) usulida bezatilgan; Buxoro M. buyumlari bilan shuhrat qozongan. 16—17-asrlarda Oʻrta Osiyoda jez buyumlar tayyorlashga koʻp eʼtibor berilgan.

18—20-asrlarda qizil va sariq misdan buyumlar tayyorlash rivojlandi. 19—20-asr boshlarida Oʻrta Osiyoga Rossiya fabrikalarida tayyorlangan buyumlarning koʻplab keltirilishi bilan M. buyumlari tayyorlash keskin qisqardi. Mahalliy ustalar keltirilgan buyumlarga taqlidan yangi shakldagi (oftoba ,samovar va boshqalar) buyumlar tayyorladilar, keltirilgan buyumlar (samovar va boshqalar)ni anʼanaviy milliy naqshlar bilan bezadilar.

20-asrda Qoʻqon, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xivada M.ning oʻziga xos maktablari shakllangan; mohir ustalar tayyorlagan buyumlar shuhrat qozondi. Ish, asosan, qoʻl mehnatiga asoslangan. M. artellarida hozir ham anʼanaviy buyumlar — choydish, choyjoʻsh, oftoba, lagan, koʻza, kosa, shamdon, dastshoʻy va boshqa, zargarlik buyumlari tayyorlanadi; shuningdek, yangi shaklli buyumlar ham paydo boʻlmoqda, ular yangi mavzular, naqshlar, tasvirlar bilan bezatiladi. Ustalar turli shakldagi idishlarni quyib tayyorlaydi, nafis oʻyma naqshlar bilan bezaydi, anʼanaviy shakllar, naqsh qismlarini turlicha qoʻllab naqsh mujassamotini boyitadi va badiiy hunarmandchilik asarlari yaratadi. Respublika muzeylarida 19—20-asrlarda yaratilgan M. buyumlari saqlanadi, ular shakli anʼanaviy mukammal nisbatlari va naqshinkor bezaklari bilan ajralib turadi.

Tursunali Koʻziyev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil