Juma masjidi (Shemaxa)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Shemaxa Juma masjidi
ozarbayjoncha: Şamaxı Cümə Məscidi
Mamlakat  Ozarbayjon
Shahar Shemaxa
Yoʻnalishi sunniy
Masjid turi Jomeʼ masjid
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Shirvon-Absheron meʼmorchilik maktabi
Loyiha muallifi Abu-Muslim
Meʼmor Grigoriy Gagain
Józef Plośko
Ziverbey Ahmadbeyov
Binokorlik 743—744—2009
Soʻngi imom Hoji Mixail Gadimov
Maqomi milliy ahamiyatga ega davlat tarixiy-meʼmoriy yodgorligi
Umumiy maydoni 1 ga
Oʻlchami 46х28 m
Gumbazlar soni 4
Minoralar soni 6
Holati amaldagi

Shemaxa Juma masjidi (ozarbayjoncha: Şamaxı Cümə Məscidi) – Ozarbayjonning Shemaxa shahrida joylashgan masjid.

Yaratilish tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tbilisidan tashrif buyurgan Qojarlar sulolasi shahzodasi Shohgulu boshchiligidagi geologik komissiya olib borgan tadqiqotlariga tayangan holda masjidning qurilgan sanasini 743—744-yillar deb olish mumkin. Bu sana Juma masjidining jabhasida arab yozuvi bilan bitilgan boʻlib, islom taqvimi boʻyicha 126-yilga toʻgʻri keladi[1]. Aynan shu davrda Ozarbayjon hududida yangi diniy binolar – masjidlar qurilishi boshlanadi. Qadimgi islom meʼmorchilik yodgorliklarining tarixiy koʻrinishi arablarning Ozarbayjon hududida islom dinini targʻib qilishi bilan bogʻliq edi. Shemaxa Juma masjidi 734-yilda qurilgan Darband Juma masjididan keyingi Kavkazdagi ilk masjid hisoblanadi.

Masjidning qurilish sanasi xalifalikning Kavkaz va Dogʻistondagi noibi, Umaviylar xalifasi Valil I ning ukasi (705—715) arab qoʻmondoni Maslam ibn Abdulmalik hukmronlik qilgan yillarga toʻgʻri keladi. Shu yillarda arab hokimlari boy madaniy merosga ega bu qadimiy shaharning minoralarini mustahkamlab, uning hududida yangi inshootlar qurishga kirishadilar. Ular, shu jumladan, Shemaxaga ham katta ahamiyat berishgan, buning natijasini Juma masjidining oʻziga xos meʼmoriy koʻrinishidan ham bilish mumkin.

Qayta qurilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Panoramik tungi koʻrinishi

Juma masjidining janglar va zilzilalar paytidagi jiddiy buzilishi va vayron qilinishi masjid binosini qayta tiklashga sabab boʻlgan. Saljuqiylar davri yilnomachisi Imoduddin Isfahoniyning maʼlumotlariga koʻra, 1123-yildan boshlab Shirvonshoh hukmdorlari gruzinlar bosqinidan himoyalanish uchun Saljuqiy sultoni Mahmudga (1118—1131) murojaat qilganlar. Maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytda Shemaxada „bosqinchilar masjidni buzib, minorani yiqitishgan va shaharni talon-taroj qilishgan“.

Masjidning ichki qismi

Juma masjidining qurilish ishlari XII asr oxirlarida boshlanadi. Keyinchalik binoning turli bosqinlar davomida koʻrgan zararlari qoplanadi, Manuchehr III davrida Shirvonshoh hokimiyati yanada kuchayib, koʻplab yangi inshootlar qurib bitkaziladi, shuningdek, shahar devorlari mustahkamlanadi. Tarixchi-arxeolog olimlar tomonidan berilgan manbalar va qurilishga oid kitoblarga tayangan holda „Buyuk xoqon“ atamasining oʻzi ham Manuchehr III ning tarixda qanchalar buyuk hukmdor boʻlganligidan dalolat beradi. Asli shemaxalik taniqli fors shoiri Xoqoniy Shirvoniy „uning humkronligidagi shahar shon-shuhrati Buxoroga ham soya solgan“, deb yozgan edi. 1970-yilda masjid hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar oʻsha davrga oid jiddiy qurilish va meʼmoriy oʻzgarishlarni tasdiqlaydi. Arxeologik qazishmalar davomida juda koʻp madrasa, hujra va qabrlar topilgan.

Eski masjid binosining tashqi ustunlari

Masjidning ikkinchi qurilishi XVII asr – Safaviylar sulolasi davriga toʻgʻri keladi. 1656-yilda Shemaxaga tashrif buyurgan turk olimi va sayohatchisi Avliyo Chalabiy Juma masjidi shaharning eng yirik diniy inshooti ekanligini aytgan. Chalabiy oʻz asarida Safaviylar davrida Juma masjidining ayrim tarkibiy oʻzgarishlari haqida ham maʼlumot berib oʻtgan[2].

1859-yilgi zilzila natijasida bino katta zarar koʻrganidan keyin, 1860-yilda viloyat meʼmori Hojibobobeyov tomonidan masjidning uchinchi rekonstruksiyasi amalga oshirilgan. Ushbu rekonstruksiya rus rassomi Grigoriy Gagarinning qoralama tasvirlari asosida olib borilgan.

Toʻrtinchi rekonstruksiya 1902-yildagi eng kuchli zilziladan soʻng amalga oshirilgan. Ushbu zilzila natijasida Shemaxaning koʻplab binolari vayron boʻlgan va shikastlangan. Masjidni toʻliq rekonstruksiya qilish uchun ehsonlar yigʻilib, maxsus komissiya tuzilgan. Binoni rekonstruksiya qilish oʻsha davrning atoqli ozarbayjon arxitektori – shemaxalik Ziverbey Ahmadbeyovga yuklatilgan. Arxitektorning shartlaridan biri masjidning tashqi koʻrinishini saqlab qolish boʻlgan, lekin qoʻmita bunga rozi boʻlmagan, bu esa meʼmorning masjidni keyingi rekonstruksiya ishlaridan chetlatilishiga sabab boʻlgan. Masjidning keyingi taʼmirlash ishlarini davom ettirish uchun arxitektor Józef Plośkoga taklif beriladi[3]. 1909-yilda Józef Plośko tomonidan taqdim etilgan loyiha masjidning fasadini va tashqi koʻrinishini sezilarli darajada oʻzgarishiga sabab boʻladi. Loyiha masjidning eski qurilish rejasida koʻrsatilgan poydevor va tugallanmagan qurilish ishlariga asoslangan holda tuziladi, bundan tashqari poydevor ustida tartib bilan yonma-yon minoralar va ochiq ayvonlar, shuningdek, yangi markaziy gumbaz ham yangi loyihadan oʻrin oladi. Binoni bunday rejalashtirish usuli ilk marotaba XV asrda Tabriz meʼmorchilik maktabi qurilishida qoʻllanilgan, shuningdek, Bokudagi Shirvonshohlar saroyi ansamblining meʼmoriy xususiyatlarini ham oʻzida mujassam etgan. Józef Plośko loyihasi asosida masjid qurilishi D. Sodiqbeyov zimmasiga yuklatilgan, biroq markaziy gumbaz, yon minoralar, galereya, portal va markaziy zinapoya kabi muhim elementlar moliyaviy qiyinchiliklar sababli loyihadan olib tashlangan.

2009-yil dekabr oyida Shemaxa Juma masjidini qayta tiklash toʻgʻrisida hukumat qarori qabul qilingan[4].

Dizayni va qurilish rejasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid bosh binosining old tomondan koʻrinishi
Yon koʻrinishi

Juma masjidi majmuasi islom meʼmorchiligining tarixiy yodgorliklari bilan oʻzaro aloqadorligi tufayli ham hamisha Ozarbayjonning madaniy va mahalliy yodgorliklari orasida oʻzining hajmi va silueti bilan ajralib turadi. Juma masjidining saqlanib qolingan yagona eskizi 1847-yilda rus meʼmori G. Gagarindan olingan boʻlib, meʼmor oʻz eskizlarida Ozarbayjonning meʼmoriy yodgorliklari va boshqa shaharlarini aks ettirgan. Aynan mana shu rasmlar eski Juma masjidining tashqi koʻrinishi va ichki bezaklari haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Masjidning ichki qismida koʻplab rekonstruksiya ishlari olib borilganiga qaramay, bino hozirgacha saqlanib qolingan. G. Gagarin suratlarida masjidning uch zalli tuzilishi, markaziy va unchalik katta boʻlmagan, yon gumbazlar bilan qoplangan uch boʻlimli ichki qismini koʻrish mumkin. Qurilish loyihasiga koʻra masjid toʻrtburchak shaklda boʻlib, uzunligi 46 metr va eni 28 metrni tashkil etgan[5]. Masjidning har bir qavatida alohida mehrob va kirish qismi mavjud. Juma masjidi ana shunday uslubda qurilganligi tufayli ham uch zalli masjid deb ataladi. Binoning bunday loyihalanishi Damashqda 708-yilda qurilgan mashhur Umaviylar masjidini yodga soladi[6]. Shemaxadagi Juma masjidi 1918-yilgi yongʻin sababli vayron boʻlgan Agsudagi VIII asrga oid Juma masjidiga ham oʻxshab ketadi. Garchi masjidning ichki bezaklari va tashqi qismidagi ayrim baʼzi detallari mutlaqo yangilangan boʻlsa-da, tarixiy ichki qismi hamda poydevorida hech qanday oʻzgarishlar amalga oshirilmaganligi bilan ham yuksak tarixiy ahamiyatga ega. Arxeologik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, binoda koʻplab rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganiga qaramay, masjid loyihasi deyarli oʻzgarmagan va tarixiy holda saqlanib qolgan.

Masjid hovlisidagi eski binolar qoldiqlari

Masjidning arxitektura tuzilishidagi eng muhim oʻzgarishlar Józef Plośko loyihasi asosida amalga oshirilgan. Arxitektor binoni loyihalash ishlarida oʻsha davrning islom meʼmorchiligi anʼanalari tamoyillariga asoslangan holda unga Sharq meʼmorchiligi elementlarini ham qoʻshgan. Juma masjidining qurilish loyihasi Józef Plośko talqinida dinamik mazmun va oʻziga xos manzara bilan toʻldirilishi kerak boʻlgan. Masjidda bir xil oʻlchamdagi uchta zal qurish uchun meʼmor oʻziga xos badiiy ifodaga ega boʻlgan noanʼanaviy qurilishni oʻylab topgan. Kompozitsiyaning ahamiyatini kuchaytirish maqsadida markaziy gumbazni suyab turuvchi baland koʻp oynali xona qurilgan. Uning atrofida turli bezaklar bilan ishlov berilgan 4 ta minora boʻlishi kerak boʻlgan. Shuningdek, loyihadan turli naqshli bezaklar, deraza ramkalari va dekorativ ustunlar ham oʻrin olishi nazarda tutilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]