Jazira (xalifalik viloyati)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jazira
Viloyat of Rashidun, Umaviylar
va Abbosiylar xalifaliklari (639–940-yillar)

Maʼmuriy markazRaqqa, Harran, Mosul
Tarixiy davrIlk islom davri
• Tashkil etilgan
639/40
• Musulmonlar zabt etishi va
Jund Himsga qoʻshilishi
639/40
• Jund Ximsdan ajratilib,
maʼmuriy jihatdan Jund Qinnasrin
bilan qoʻshilishi
661–683
• Jund Qinnasrindan ajralib,
mustaqil viloyatga aylanishi.
692
• Mutavakkil oʻldirilganidan keyin
Abbosiylarning tanazzulga uchrashi
861
• Qohir va ar-Radiy davrida
xalifalik hukmronligining tugashi
940-yillar
• Fotimiylar va boshqa yangi
sulolalar tomonidan bosib olinishi
970-yillar

Jazira (arabcha: الجزيرة), shuningdek, Jazirat Aqur yoki Iqlim Aqur nomi bilan ham taniqli, Rashidun, Umaviy va Abbosiy xalifaliklarining viloyati boʻlib, Yuqori Mesopotamiyaning (Jaziraga tegishli) koʻp qismini qamrab olgan va Diyor Bakr, Diyor Rabiʼa va Diyor Mudar tumanlari oʻrtasida boʻlingan va baʼzida sub-viloyatlar sifatida Mosul, Arminiya va Ozarbayjonni ham oʻz ichiga olgan. 639/40-yillarda musulmon arablar tomonidan bosib olingandan soʻng, Jund Hims yirik tumani tarkibidagi maʼmuriy birlikka aylangan. Hudud xalifa Muoviya I yoki Yazid I davrida Himsdan ajratilib, Jund Qinnasrin tasarrufiga o‘tgan. 692-yilda xalifa Abdulmalik tomonidan alohida viloyatga aylantirilgan. 702-yildan keyin hudud chegarasi koʻpincha xalifalikning shimoliy chegarasi boʻylab Arminiya va Ozarbayjonning asosiy tumanlarini qamrab olib, super-viloyatga aylangan. Qays/Mudar va Rabiʼa guruhlari arablarining koʻpligi tufayli hudud Umaviylar qoʻshinlari uchun asosiy zahira manbaiga aylangan. Jazira qoʻshinlari 8-asr Umaviylar xalifalari davrida asosiy harbiy rol oʻynab, oxirgi marta Umaviylar xalifasi Marvon II (h. 744–750) davrida, 750-yilda sulola hokimiyati Abbosiylar tomonidan agʻdarilgunga qadar eng yuqori choʻqqiga chiqqan.

Geografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jazira Furot va Dajla daryolari orasidagi hududning shimoliy qismini (Yuqori Mesopotamiya), shuningdek, Dajlaning yuqori qismidan shimol va sharqda joylashgan qoʻshni tumanlar va shaharlarni, Katta va Kichik Zab daryolari atrofidagi hududlarni, shuningdek, Furot daryosining gʻarbiy sohillaridagi hududni qamrab oladi. Mintaqa nisbatan past platoda joylashgan boʻlib, bir qancha togʻ tizmalari, jumladan Tur Abdin, Jabal Sinjar, Jabal Maxul va Jabal Abdulaziz kabilarni oʻz ichiga oladi. Bu togʻlardan Furotning yirik soylari, jumladan mintaqaning uzoq gʻarbidan Balix, markazda Xobur va Tur Abdindan shimolda Hirmas (Xaburning irmogʻi) oqib chiqadi. Tartar daryosi sharqdagi Jabal-Sinjardan boshlanib, Suriya choʻliga qarab oqadi[1].

Jazira gʻarbida Bilod ash-Shom viloyati (geografik Suriya) joylashgan. Shimoli-gʻarbda Vizantiya imperiyasi bilan Yuqori Mesopotamiya chegarasi hisoblangan Tugʻur al-Jaziriya boʻlgan. Arminiya (Armaniston) va Ozarbayjon viloyatlari mos ravishda shimol va shimoli-sharqda joylashgan. Janubda Iroq, janubi-gʻarbda Anbardan shimoli-sharqda Takritgacha boʻlgan hudud Jazira tarkibiga kirgan[1].

Qabilaviy va etnik tarkibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

638—640-yillardagi musulmonlar istilosidan oldin, Furot vodiysining yuqori va quyi qismidagi choʻl hududlarida, kamroq miqyosda daryo qirgʻoqlari boʻyidagi aholi punktlariga yaqinroqda koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi arab qabilalari yashagan. Bu qabilalar orasida yarim koʻchmanchi va oʻtroq Tanuxlar ham boʻlib, ularning bir qismi Furot daryosining Anbar va Hit oraligʻidan shimolgacha boʻlgan qismida istiqomat qilgan. Ularning yonida, sahroning gʻarbiy tomonida, Robiya konfederatsiyasining Tagʻlib va an-Namir ibn Qosit qabilalari va Nizorlar guruhining tarkibiy qismlari boʻlgan Iyod qabilalari joylashgan boʻlib, ularning aʼzolari Sosoniylar imperiyasining yordamchilari vazifasida xizmat qilgan[2]. Tabariy (vaf. 923) tarixidagi maʼlumotlarga koʻra, nasroniy Iyod qabilasi musulmonlar istilosi davrida shimoldagi Vizantiya Onadoʻlisiga qochib oʻtgan, biroq xalifa Umar (h. 634–644) vizantiyaliklarni ularning koʻpchiligini oʻz yurti Jaziraga quvib chiqarishga majbur qilgan. Boshqa qabilalar aʼzolari Islomni qabul qilgan boʻlsa-da, Tagʻliblar oʻzlarining xristian dinini saqlab qolishgan[3]. Tagʻliblar Jaziradagi qadimgi rabiʼa qabilalarining katta qismini tashkil qilgan. Hududdagi boshqa rabiʼa qabilalari, jumladan Banu Bakr konfederatsiyasiga kiruvchi qabilalar ham fathdan keyingi bir necha yil ichida nasroniylikni saqlab qolishgan[4].

7-asr boshidagi Vizantiya-Sosoniy urushlari, soʻngra musulmonlarning istilolari Jazirada koʻplab tashlandiq ekin maydonlarini vujudga keltirgan[5]. Bu yerlarni musulmon qoʻshinlari tarkibidagi koʻchmanchi guruhlar, asosan, deyarli nazorat qilinmaydigan Madinadan tayinlangan qoʻmondonlar yoki hech qanday nazorat qilinmaydigan qays qabilalaridan boʻlgan va xalifaga eng kam ushr toʻlab turgan koʻchmanchilar egallagan[6]. Tarixchi Muhammad Abdulhay Shabonning soʻzlariga koʻra, „bu bir necha ming kishi butun bir viloyatni oʻzlarining shaxsiy mulkidek bilib, u yerda oʻz hukmronligini oʻrnatgan“[5]. Bu yerdagi musulmon qabilalar Suriyaning sharqiy qismini Vizantiya bosqinlaridan himoya qilishda asosiy harbiy rol oʻynagan va Armanistonga uyushtirilgan daromadli yurishlarda ishtirok etgan[7]. Musulmon qo‘shinlarining bosqinchi qabilalari Jaziraga keyingi qabilaviy ko‘chishlarni cheklashga urinsa-da, viloyatning ulkan hududi va boyligi hamda fath qilingan Hosildor oyga Arabistondan yirik migratsiya bosimi Jazirani yangi kelganlar uchun ochishni taqozo etgan[8].

Xalifa Usmon (h. 644–656) muhojirlikni mintaqaga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltirishga qaror qilib, Shabonga koʻra, bosqinchi qabilalarning „gegemonligini buzish“ga qaror qilgan[8]. Mintaqani boshqarayotgan Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaning ko‘rsatmasi bilan arab qabilalarini Furot daryosi bo‘yidagi aholi punktlaridan biroz uzoqda joylashgan Jaziradagi talab boʻlmagan yoki bo‘sh yotgan yerlarga joylashtirib, ularga dehqonchilik bilan shug‘ullanishga ruxsat bergan[6]. Tamim qabilasi aʼzolari Ar-Rabiya degan joyda, Qays va Asad qabilalari esa Raqqa yaqinidagi Mozihin va Mudaybirga joylashtirilgan[9]. Ilgari tashkil etilgan Qays qabilalarining xavotirlarini qondirish uchun, ehtimol, yangi kelganlar Armaniston chegarasida harbiy xizmat oʻtashdan chetlashtirilib, strategik jihatdan muhim nuqtalarga, masalan, asosiy yoʻllar boʻyiga yoki tor togʻ dovonlariga, Vizantiya hujumlariga qarshi qalqon vazifasini oʻtaydigan joylarga joylashtirilgan. Bu qabilalar qoʻriqlagan joylar orasida Meliten (arablar Malatiya deb atagan) ham bor edi. Oʻzgarishlar Muoviyaning hokimligi davrida asta-sekinlik bilan amalga oshirilib, 657-yilda Raqqa yaqinidagi Siffin jangida xalifa Ali (h. 656–661) va uning Iroq qoʻshiniga qarshi Muoviyani Qayslar qoʻllab-quvvatlashi uchun yetarli boʻlgan[8]. Birinchi musulmon fuqarolar urushi (656–661) davomida Jaziraga keyingi migratsiya jarayoni sodir boʻlgan. Yangi kelganlar oldingi oʻn yilliklarda musulmon garnizon shaharlari boʻlib kelgan Iroqdagi Kufa va Basra shaharlariga oʻrnashgan, lekin Ali hukmronligiga qarshi chiqqan va oʻtroq hayotdan voz kechib, Jazirada koʻchmanchilik qilgan qabila aʼzolari edi[6][izoh 1].

Arablardan tashqari, Jazira, ayniqsa, Tur Abdin hududida muhim oromiy guruhlari ham istiqomat qilgan. Mosul hududi ham kurdlarning vatani boʻlgan, Dajla daryosining shimolida esa armanlar yashagan[1].

Maʼmuriy birliklar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jazira uch tumanga boʻlingan boʻlib, Diyor Mudar Furot daryosi boʻyidagi hududni, Diyor Rabiʼa Dajla boʻyini va Diyor Bakr shimoldan Arman togʻlarigacha choʻzilgan hududni oʻz ichiga olgan[13]. Boʻlinish har bir hududda hukmron boʻlgan qabila guruhiga, yaʼni mudar va rabiʼaga asoslanib, qabila boʻyicha amalga oshirilgan. Tumanlarning arab qabila nomlari bilan atalishi viloyatda arab qabilalarining koʻpligidan dalolat beradi. Ehtimol bu hududning harbiy qudrati bilan bogʻliq boʻlsa kerak, chunki ushbu hududdan Umaviylar qoʻshinlari uchun boshqa viloyatlarga qaraganda koʻproq qabila aʼzolari jalb qilingan. Bu boʻlinish islomgacha boʻlgan maʼmuriy meʼyorlarni ham oʻzida aks ettirgan boʻlishi mumkin. Chunki Diyor Mudar Rim—Vizantiya provinsiyasi Osroene hududiga toʻgʻri kelib, Rim hukmronligidan oldin arab sulolasi hukmronlik qilgan qirollik boʻlgan. Keyinroq monofizit nasroniylikning markaziga aylangan. Kattaroq Diyor Rabia esa aniq belgilangan chegaralarga ega emas edi. Mazkur hudud islomdan oldingi davrda Vizantiya va Sosoniylar imperiyalari oʻrtasidagi asosiy toʻqnashuv maydoni boʻlgan[14]. Manbalarda Mosul shahri baʼzan Diyor Rabiʼaning bir qismi, jumladan, uning poytaxti ham hisoblangan, ammo Umaviylar davrining koʻp qismida alohida viloyat boʻlgan[14].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilk boshqaruv[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jazira Umar xalifaligi davrida, 638/639 yoki 639/40-yillarda musulmonlar tomonidan bosib olingan[15]. Musulmon qoʻshinlariga Iyod ibn Gʻanm al-Fihriy boshchilik qilgan[15]. Iyod ibn Gʻanm tez-tez Furot va Xobur daryolari boʻyidagi devor bilan oʻralgan aholi punktlarini yigʻim-terim davrida yoki oʻrim-yigʻim davrida qurshab olish bilan birga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va dehqonlar orasidan asirlar olish uchun qoʻshin qismlarini joʻnatgan. Rakka (Vizantiyaliklar uchun Kallinikos) misolida, shahar devorlaridan tashqaridagi dehqonlar arab nasroniy koʻchmanchilari tomonidan himoyalangan. Musulmon qo‘shinlari ocharchilik ehtimoli oldida turgan shahar rahbarlarini besh-olti kun ichida taslim bo‘lishga majbur qilgan. Iyod ibn Gʻanmning maqsadi soliq tushumlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari oqimini taʼminlash uchun shaharlarni minimal vayronagarchilik bilan qoʻlga kiritish edi. Edessa, Harran va Samosata rahbarlari bilan ham xuddi shunday taslim boʻlish shartlariga erishilib, oxirgi ikki shaharda musulmon garnizonlari oʻrnatilgan[16].

Fathdan soʻng, Jazira Jund Hims (Homs harbiy okrugi) va boʻlajak Jund Qinnasrin tumani (Shimoliy Suriya harbiy okrugi) bilan yagona maʼmuriy birlik tashkil qilgan[6]. Iyod ibn Gʻanm Suriya boʻyicha umumiy qoʻmondonlik qilgan Abu Ubayda ibn Jarroh vafotidan keyin 639-yilda Umar tomonidan Hims-Qinnasrin-Jazira noibi etib tayinlangan[17]. Jazira uchun ikkita maʼmuriy agent tayinlangan boʻlib, biri arab boʻlmaganlar (ehtimol, oʻtroq aholi) va yana biri Tagʻlib kabi koʻchmanchi arab qabilalari uchun masʼul boʻlgan[18]. Umar arab boʻlmaganlar uchun Habib ibn Maslama al-Fihriyni, arablar uchun Volid ibn Uqbani tayinlagan[3]. Iyod 641-yilda vafot etib, oʻrniga Said ibn Hizyom al-Jumahiy tayinlangan[19]. Uning ham 642-yilda vafotidan keyin Umayr ibn Saʼd al-Ansoriy noiblikka tayinlangan[19][20]. Usmon xalifaligi davrida Umayr ibn Saʼd kasal boʻlib, lavozimini tark etgan. Shundan soʻng Usmon Hims-Qinnasrin-Jazira tumanini Muoviya ibn Abu Sufyon yuridiksiyasiga biriktirgan. Muoviya bu vaqtda Jund Dimashq (Damashq harbiy okrugi) va Jund al-Urdunn (Iordaniya harbiy okrugi) gubernatori boʻlgan[21].

Muoviya 661-yilda Umaviylar xalifaligiga asos solib, 680-yilda vafotigacha xalifalik qilgan. Soʻngra uning oʻrniga oʻgʻli Yazid I (h. 680–683) taxtga oʻtirgan. Muoviya yoki Yazid hukmronligi davrida Qinnasrin va Jazira Jund Himsdan ajralib, Jund Qinnasrin tumaniga aylantirilgan[6][22]. Ajralish Muoviyaning noibligi va xalifaligi davrida arab muhojir qabilalarining ko‘chib kelishiga javob bo‘lgan bo‘lishi mumkin[6]. Jaziraning Suriya tumanlari bilan birlashishi Rim va Vizantiya davridagi kelishuvlarning davomi boʻlib, bu ikki viloyat Sharq yeparxiyasini tashkil qilgan[23]. Shunga qaramay, istilodan keyingi davrda Jaziradagi arab qabilalarining tarkibi mudar guruhining (masalan, Qays, Asad, Tamim) ustunligi bilan ajralib turishi tarixchi Xolid Yahyo Blankinshipning fikricha, unga „bir oz alohida ustunlik bergan“[23]. Qaysiy bosqinchilar Muoviya tirikligida muhojirlar oqimiga toqat qilgan bo‘lsalar-da, hududlari Suriyaga emas, balki tashqaridan kelgan qabilalarni joylashtirish uchun ajratilganidan norozi bo`lgan. Bu yerda keyinchalik Yaman fraksiyasini tashkil qilgan va Umaviylar bilan mustahkam ittifoqda boʻlgan qabilalar hukmronlik qilgan[24].

Mustaqil viloyat va super-viloyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkinchi musulmonlar fuqarolar urushi davrida Jaziradagi Qays qabilalari Suriyadagi Umaviylarning Makkadagi raqibi Abdulloh ibn az-Zubayrni qoʻllab-quvvatlagan. Ular Jazirani muhojirlarga ochgani uchun ranjigan Umaviylar bilan alohida bogʻliq emas boʻlib, Ibn az-Zubayr oʻz muxtoriyatlarini tiklaydi, deb umid qilgan boʻlishi mumkin[25]. Qayslar 684-yilda Damashq yaqinidagi Marj Rahit jangida Umaviylar va ularning arab qabila ittifoqchilari, jumladan Banu Kalb tomonidan tor-mor qilingan. Qayslar yetakchisi Zufar ibn al-Horis al-Kilobiy keyinchalik Furot va Xobur daryolarining qoʻshilish joyi yaqinida joylashgan Jaziraning mustahkam Qarqisiya shahridan (Chirsesiy) Umaviylarga qarshi qabila kuchlarini toʻplagan[26]. Taxminan 686—689-yillarda Zufar va uning qaysiy ittifoqchisi Umayr ibn al-Hubob as-Sulamiy Palmira dashtida Kalb, Tagʻlib va uning Rabiʼa ittifoqchilari Jazira boʻylab bir qator bosqinlar va qarshi bosqinlarda qatnashgan. Bu yurishlar Arab manbalarida ayyom ([jang]-kunlar) sifatida eslatib oʻtilgan[27]. Qayslar bilan yaylovlar va suv manbalariga bostirib kirishi natijasida toʻqnashgan tagʻliblar janglarda magʻlub boʻlgan[28][29][30], ammo 689-yilda Umayrni oʻldirishgan, kalblar esa Palmira choʻlidan quvilib, qays hukmron kuchga aylangan[31].

Umaviylar sulolasi hukmron marvoniylar xonadonining asoschisi xalifa Marvon I (h. 684–685) oʻgʻli Muhammad ibn Marvonni Qaysiy qoʻzgʻolonchilarni nazorat qilib turish uchun Jazira harbiy qoʻmondonligiga tayinlagan[32]. Umaviylarning Qarkisiyaga qarshi bir qancha qamal qilishlaridan soʻng Zufar 691-yilda xalifa Abdulmalikka (h. 685–705) taslim boʻlib, Ibn az-Zubayrning ishini tashlab, oʻzi va oʻgʻillari uchun harbiy va saroy imtiyozlarini qoʻlga kiritgan[33]. Fuqarolar urushi 692-yilda Ibn az-Zubayrning oʻldirilishi bilan yakunlangan boʻlsa-da, asosan Banu Sulaym qabilasi vakili boʻlgan Qays va Tagʻlib oʻrtasidagi bosqinlar va qarshi bosqinlar oʻsha yildan toki 694-yilda Abdulmalikning aralashuviga qadar davom etgan[34]. Abdulmalik 692-yilda Jazirani Jund Qinnasrindan ajratib, ehtimol uni alohida jundga (harbiy okrug) aylantirgan. Blankinshipning fikricha, maqomning oʻzgarishi 691-yilda Zufar va Qays bilan erishilgan kelishuvga bogʻliq boʻlishi mumkin[23]. Tarixchi Xyu Kennedining yozishicha, bu ish Abdulmalikning ukasi Muhammad ibn Marvonning iltimosiga koʻra amalga oshirilgan va bundan buyon viloyatdagi qabila qoʻshinlari „viloyat daromadlari hisobidan kun kechirgan“[22].

Mosul 721—725-yillarda Jaziraga qaram boʻlib qolgan. Bu davrda jaziralik qoʻshinlar 720-yilda Iroqda Yazid ibn al-Muhallab boshchiligida boshlangan yirik qoʻzgʻolonni bostirib, Umaviylar qoʻshinlari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan. Muhammad ibn Marvonning Jazira gubernatorligiga tayinlangan 702-yilda viloyat tarkibiga oʻtkazilgan Arminiya va Ozarbayjonning shimoliy chegara hududlari Mosulga qaraganda siyosiy va harbiy jihatdan muhimroq edi. Jazira, Arminiya va Ozarbayjon birgalikda Jazira super-viloyatini tashkil qilgan[14]. Ikki chegara tumanlari 721/22-yilda xalifa Yazid II (h. 720–724) tomonidan Jaziradan ajratilgan va ularni himoya qilish uchun Jund Hims qoʻshinlari jalb qilingan[35]. Jazira qoʻshinlari, ehtimol, Iroq va xalifalikning uzoq sharqiy viloyatlariga nisbatan ancha foydali topshiriqlarni bajargani tufayli tumanlarni suriyaliklarga berishga majbur boʻlgan. Yazidning vorisi [Xishom ibn Abdulmalik|Xishom]] 724-yilda jaziraliklarni Iroq va sharqdan olib chiqib ketib, 726-yilda, ehtimol tovon sifatida ularning Arminiya va Ozarbayjon ustidan nazoratini tiklagan. Ikki chegara hududida xazarlar bilan qayta boshlangan urush Xishomni 727-yilda hudud nazoratini suriyaliklar qoʻliga oʻtkazishga majbur qilgan. Biroq 730-yilda Ardabilda xazarlar tomonidan Suriya qoʻshinining yoʻq qilinishi Jazira hukmronligini qayta tiklashga yoʻl ochgan[36].

Jazira super-viloyati 732-yilda Muhammad ibn Marvonning oʻgʻli, boʻlajak Umaviylar xalifasi Marvon II hokimiyat markaziga aylangan[36]. 744-yilda xalifa Yazid III vafot etgach, Marvon oʻzining Jazira qoʻshini bilan Harronda joylashtirilgan Suriya qoʻshiniga qarshi yangi kuch markazi qurishga harakat qilgan. U asosan jaziralik qoʻshinlar bilan Damashq yaqinida xalifa Xishomning oʻgʻli Sulaymon ibn Xishomni yengib, xalifa boʻlgan. Marvon II davrida jaziraliklar, shu paytgacha Umaviylar xalifaligining asosiy harbiy qismlari hisoblangan suriyaliklar ustidan hukmronlik qilishgan[37].

Jaziraliklar Iroqda Umaviylarga qarshi yangi nizolarni bostirishga muvaffaq boʻlishsa-da, sulola uchun asosiy muammo uzoq sharqiy chegaradagi Xuroson viloyatida kelib chiqqan. Kennedining soʻzlariga koʻra, „bir chegara qoʻshinining Jazira va Kavkazdan (Ozarbayjon va Arminiya) boʻlgan Marvon qoʻshinlarining boshqa biriga, Xurosondagi Abbosiyparast qoʻshinlarga, qarshi kurashi sifatida koʻrish mumkin boʻlgan narsa sodir boʻlgan. Bu jarayonda raqobatlari ilk islom tarixida boshlangan suriyaliklar va iroqliklar shunchaki tomoshabin boʻlib qolgan[38].“ Abbosiylar va ularning Xurosondan kelgan qoʻshinlari 749-yilda Kufani egallagan Abbosiylar 750-yilda Jaziraga qarshi hujum boshlab, Zab jangida Jazira va Suriyadan toʻplangan Marvon qoʻshinlarini keskin magʻlubiyatga uchratdilar[39].

Izohlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Birinchi musulmon fuqarolar urushi davrida Jaziraga oʻrnashgan kufalik va basralik muhojirlar orasida quyidagi qabila zodagonlari boʻlgan: 656-yildagi Tuya jangidan keyin Jaziraga koʻchib oʻtgan Basradagi Banu amirining boshliqlari Zufar ibn al-Horis al-Kilobiy va Rabi’a ibn Osim al-Uqayliy oilasi[10]. Xalifa Ali tomonidan Basradan quvib chiqarilgan Bahilalik Hotim ibn an-Nuʼmon va uning oilasi Banu Xotim[11]. Adi ibn Amira al-Kindiy va uning kichik kind urugʻi Banu Arqam fuqarolar urushi boshida Kufadan hijrat qilib, Edessada oʻrnashgan. Keyinchalik Kindiylarning raqib Yaman firqasi bilan aloqador boʻlgan asosiy qismidan farqli oʻlaroq Qays bilan aloqador boʻlishlari mumkin[12].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Canard 1965, s. 523.
  2. Donner 1981, s. 170.
  3. 3,0 3,1 Juynboll 1989, ss. 88–91.
  4. Blankinship 1994, s. 56.
  5. 5,0 5,1 Shaban 1971, s. 82.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 Hinds 1993, s. 264.
  7. Shaban 1971, ss. 82–83.
  8. 8,0 8,1 8,2 Shaban 1971, s. 83.
  9. Donner 1981, s. 248.
  10. Crone 1980, ss. 106, 108.
  11. Crone 1980, ss. 104–105.
  12. Crone 1980, s. 104.
  13. Blankinship 1994, ss. 51–52.
  14. 14,0 14,1 14,2 Blankinship 1994, s. 52.
  15. 15,0 15,1 Juynboll 1989, ss. 86–87.
  16. Petersen 2013, ss. 434–435.
  17. Madelung 1997, ss. 60–61.
  18. Donner 1981, s. 252.
  19. 19,0 19,1 Humphreys 1990, s. 72.
  20. Ritter 2013, s. 805.
  21. Humphreys 1990, s. 73.
  22. 22,0 22,1 Kennedy 2001, s. 31.
  23. 23,0 23,1 23,2 Blankinship 1994, s. 51.
  24. Shaban 1971, ss. 83–84.
  25. Shaban 1971, s. 92.
  26. Kennedy 2004, s. 91.
  27. Dixon 1969, ss. 167, 172.
  28. Kennedy 2001, s. 33.
  29. Dixon 1969, s. 172.
  30. Shaban 1971, s. 106.
  31. Dixon 1969, ss. 173, 183–184, 187–189, 191.
  32. Kennedy 2004, s. 92.
  33. Dixon 1969, ss. 173–177.
  34. Dixon 1969, ss. 189–192.
  35. Blankinship 1994, ss. 52–53.
  36. 36,0 36,1 Blankinship 1994, s. 53.
  37. Blankinship 1994, s. 49.
  38. Kennedy 2001, s. 50.
  39. Kennedy 2001, ss. 50–51.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]