Abu Ubayda ibn Jarroh
Abu Ubayda ibn Jarroh | |
---|---|
أبو عبيدة بن الجراح | |
Tavalludi |
Abu Ubayda Amir ibn Abdulloh ibn Jarroh ibn Hilol ibn Uhayb ibn Dabba ibn Haris ibn Fihr ibnMalik ibn Nadr al Qurayshiy 583-yil |
Vafoti |
639-yil (55 yoshda) Iordaniya |
Fuqaroligi | Rashidun Caliphate |
Otasi | Abdulloh ibn Jarroh |
Biografiya[tahrir | manbasini tahrirlash]
ABU UBAYDA ibn Jarroh (583 - 639) - sahoba, makkalik ilk musulmonlardan keyin islomga birinchi boʻlib kirgan kishi. Asharai Mubashsharalardan.
Ismi Omir, quraysh qabilasining bani Fixr urugʻidan boʻlgan. Abu Ubayda ibn al-Jarroh Habashistonga, keyin Madinaga hijrat qilgan. Muhammad (sav) bilan hamma gʻazotlarda qatnashgan.
Islom tarixida shijoatli va oʻta jasur mujohid, buyuk sarkarda, odil bir inson sifatida tanilgan. Otasi Badr jangida makkalik mushriklarga qoʻshilib, musulmon qoʻshinlariga qarshi kurashgan, oʻgʻli Abu Ubayda ibn al-Jarrohni oʻldirishga qasd qilgan, doimo uni ta'qib etgan.
Abu Bakr Siddiq xalifaligi davrida Shom (Suriya) fathi uchun yuborilgan.
Abu Ubayda ibn al-Jarroh odil, shafqatli va halim zot boʻlgan. Bu hol dushmanni yengishga qoʻl kelgan, Shomning urushsiz olinishiga sabab boʻlgan.
639 yil Shomda ogʻir, yomon kasallik (touni amvos) garqalgan. Kasallik dastlab Falastindagi Amvos qishlogʻidan chiqqan boʻlib, bu kasallikdan bir oy ichida yigirma ming musulmon vafot etgan.
Abu Ubayda ibn al-Jarroh ham shu kasallik qurboni boʻlgan. Abu Ubayda ibn al-Jarroh Urdun (Iordaniya) nohiyasida vafot etgan, qabri Shariat daryosining gʻarb tomoni, Amyo qishlogʻidadir. Umar (ra) oʻzidan keyin xalifalikka Abu Ubayda ibn al-Jarrohni munosib ila nomzod deb bilgan. Andoza:Hayotlari Har bir ummatning o’z ishongan kishisi bo’ladi. Bu ummatning ishongan kishisi Abu Ubaydadir Muhammad Rasululloh U ochiq chehrali, istarasi issiq, jussasi ozg’in, soqoli siyrak kishi edi. Ko’rgan odamning ko’zi quvonar, qalbida yana qayta uchrashuvga shavq pando bo’lar va u haqida iliq taassurot uyg’onardi. Bundan tashqari, nihoyatda xushmuomala, sertavoze, g’oyatda uyatchan edi, lekin ahvol og’irlashib, vaziyat keskinlikni talab qilsa, go’yo g’azabnok arslonday, uni tanib bo’lmay qolardi. U o’zining dadil va o’ktam xatti-harakatlari bilan keskir qilichga mengzardi. Bu odam Muhammad alayhissalom ummatining eng ishoichli vakili Abu Ubayda kunyasi bilan mashhur Omir ibn Abdulloh ibn al-Jarroh al-Fihriy al-Qurashiydir. Abdulloh ibn Umar uni quyidagicha ta’riflagan: — Quraysh qabilasida uch kishi borki, ular insonlarning eng ochiq chehrali, go’zal ahloqli va hayoliroqlaridir. Agar sizga gapirgudek bo’lsalar, bir luqma ham yolg’on qo’shmaslar. Agar siz ularga gapirsangiz, sizni yolg’onchiga chiqarmaslar. Bular Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn al-Jarrohlardir.
Abu Ubayda islomni eng avval qabul qilgan musulmonlardan edi. Abu Bakr Siddiqdan bir kun keyin, u kishining da’vati bilan dinga kirgan va Abdurahmon ibn Avf, Usmom ibn Maz’un, Arqam ibn Abu Arqam bilan birga Payg’ambar alayhissalomning huzurlariga borib, haq kalimasini aytgan, shunday qilib buyuk islom binosini bunyod etishlik uchun qo’yilgan eng avvalgi g’ishtlardan bo’lgan edi. Abu Ubayda Makkada ilk islom shu’lalari tarala boshlagan ondan tortib og’ir sinovlarni boshidan kechirdi. Peshqadam mususlmonlar qatori turli xil zulmu bedodliklar, haqoratu tazyiqlar, g’amu alamlarni totib ko’rdi-ki, Yer yuzidagi bironta din tarafdori bundoq sinovlarga duchor etilmagandi. Ular esa bu sinovlarga mardonavor dosh berishdi, har qancha ahvollari tang, holatlari ayanchli bo’lsa ham Alloh taolo va Payg’ambar alayhissalom janoblariga bergan va’dalariga sodiq qolishdi. Ammo Badr jangi Abu Ubaydani yetti uxlab tushiga kirmagan, inson zoti tasavvur qilishdan ojiz bo’lgan nihoyatda mushkul imtihonga ro’para etgandi.
Badr kuni Abu Ubaydaning dushmanlar safini parokanda etishlikda ko’rsatgan jangovar mahorati mushriklar qalbiga g’ulg’ula soldi. U xuddi o’limni pisand qilmayotganday jangning eng qonli tus olgan nuqtalarida hozir bo’lar, quraysh suvoriylari esa, unga yuzma-yuz kelishdan o’zlarini olib qochardilar... Ammo ular orasida bir kishi Abu Ubaydani yakkama-yakka olishuvga chorlab, bot-bot oldidan kesib chiqar, Abu Ubayda esa har safar unga yo’liqqanida otining jilovini chetga burardi. Haligi odam xira pashshaday Abu Ubaydani ta’qib qilishdan charchamas, u bo’lsa yakkama-yakka jangdan chetlanishini qo’ymasdi. Nihoyat, taqib qiluvchi niyatiga yetdi. Abu Ubaydaning ro’parasiga ko’ndalang turib olib, Allohning dushmanlariga qarshi jihod qilishdan yo’lini to’sib qo’ydi. So’qishdan o’zga iloj topolmagan mujohid qilichining bir zarbi bilan raqibining kallasini qoq ikkiga bo’lib tashladi. "O’ziga o’zi o’lim tilab olgan kishi kim bo’ldi ekan?" deb boshingizni qotirib o’tirmang, ey muhtaram o’quvchi. Avval boshdayoq bu imtihonni inson bolasi tasavvur qilishdan ojiz deb aytmaganmidim?! Тixirligi boshiga yetgan kishi Abdulloh ibn al-Jarroh, Abu Ubaydaning otasi bo’lsa nima deysiz?!
Abu Ubayda otasini qatl qilgani yo’q, balki otasining shaxsidagi shirkni o’ldirdi. Shu bois Alloh subhonahu va taolo ota-bola o’rtasidagi mojaro haqida quyidagi oyatni nozil qildi:
"Allohga va qiyomat kuniga iymon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg’ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar bilan - garchi ular o’zlarining otalari yoki o’g’illari, yoki og’a-inilari, yoki qarindosh-urug’lari bo’lsalar-da — do’stlashayotganlarini topmassiz. Ana o’shalarning dillariga (Alloh) iymonni bitib qo’ygandir va ularni O’z tomonidan bo’lgan Ruh — Qur’on bilan quvvatlantirgandir. U zot ularni ostidan daryolar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritur. Alloh ulardan rozi bo’ldi va ular ham (Allohdan — U zot bergan ajr-kukofotlardan) rozi bo’ldilar. Ana o’shalar Allohning xizbidirlar. Ogoh bo’lingizkim, albatta Allohning xizbi (bo’lgan zotlargina) najot topguvchidirlar!" ("Mujoda” surasi, 22-oyat).
Abu Ubaydani bu og’ir imtihondan yorug’ yuz bilan o’tishi, aytarli, ajablanarli hol emas edi. Uning Allohga bo’lgan iymoni shu qadar baquvvat, o’zi dinga shunchalik sodiq va Muhammad alayhissalom ummati o’rtasida shu darajada ishonchga sazovor, omonatga vafodor ediki, hatto Alloh taoloning nazdida buyuk maqomga ega bo’lgan zotlar ham unga havas qilishardi. Muhammad ibn Ja’far hikoya qiladi: Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga nasroniylar guruhi kelib: - Yo Abul Qosim, biz o’rtamizdagi molni taqsimlay olmay, bir-birimiz bilan salkam jiqqamusht bo’layozdik. Siz, musulmonlar, to’g’riso’z, omonatdor odamlarsiz. Shuning uchun biz bilan o’zingiz ishongan odamni yuborsangiz, u bizga mollarimizni adolat bilan taqsimlab bersa, - deb iltimos qilishdi. - Ertaga kelinglar, men siz bilan eng ishonchli odamimni yuboraman, - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Davomini Umar ibn Хattobdan eshiting: - Ertasi kuni peshin namozini o’qishga masjidga keldim. Хudo haqqi, men umrim bino bo’lib, bironta masalada qozilik qilishni istamagandim, lekin o’sha kuni "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ishonchli kishisi" nomini olish uchun bu vazifani menga topshirilishini ich-ichimdan xohladim... Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga peshinni o’qib bergach, orqalariga o’girildilar. Ko’zlari bilan odamlar orasidan kimnidir izlay boshladilar. Men umid bilan bo’ynimni cho’zib qarab turardim. Rasulullohning nigohlari Abu Ubaydaga tushib, uni chaqirdilar. So’ng: — Mehmonlar bilan borib, ular kelisha olmayotgan masalani adolat bilan hal qilib ber, - deb tayinladilar. Men "Uloqni Abu Ubayda ilib ketdi", deb qo’ydim.
Abu Ubayda faqat omonatdor bo’libgina qolmay, jismonan ham nihoyatda baquvvat edi. Uning jismoniy quvvati bir necha musulmonlarga qo’l kelgan edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahoblaridan bir guruhini Quraysh qabilasiga tegishli karvonni qo’lga kiritish uchun yubordilar. Guruhga Abu Ubaydani amir qilib sayladilar va askarlarning ozuqasi uchun bir qop xurmo berdilar, Ochig’ini aytganda, o’sha paytda boshqa taomning o’zi ham yo’q edi. Abu Ubayda butun safar mobaynida kuniga har bir kishiga bittadan xurmo berib turar, ular esa kun bo’yi xurmoni shimib, ustidan suv ichib yurishardi. Bir kecha-kunduzlik tamaddi shundangina iborat edi va bu ashoblarga kifoya qilardi.
Musulmonlar qo’shini chekinib, vaqtinchalik muvaffaqiyatdan hovliqib ketgan bir zo’ravon mushrik: — qani Muhammad? Menga Muhammadni ko’rsatib qo’yinglar, - deb tomoq yirtib qichqirgan Uhud jangini eslang. Shunday qaltis holatda ham Abu Ubayda joyidan jilmagandi. 'Тo’qqiz nafar birodari bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni himoya qilish uchun mushriklarning nayzalariga ko’kragini qalqon qilgandi. Lekin bu ehtiyot choralari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni aziyatlardan asrab qololmadi. U zotning muborak qoziq tishlari sinib, peshonalari yorildi. Egnilaridagi titilib ketgan sovutning ikki simi lunjlariga kirib, chuqur botdi. Abu. Bakr Siddiq endi simlarni sug’urib tashlamoqchi bo’lganida Abu Ubayda: — Azbaroyi xudo, bu ishni menga qo’yib bering, - deb iltimos qiddi. U qo’lini ishga solsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning jonlari og’rishidan cho’chib, sovutning simini mahkam tishlab tortdi. Sim sug’urildi, lekin jon-jahdi bilan tishlash natijasida Abu Ubaydaning kurak tishi sinib ketdi. So’ng u ikkinchi kurak tishini qurbon qilish badaliga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlaridan ikkinchi simni ham sug’urib tashladi. Abu Bakr bu voqeani eslaganida "Abu Ubayda kurak tishi yo’q kishlnlarning eng chiroylisidir", deb qo’yardi.
Abu Ubayda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qatnashgan janglarning hammasida ishtirok etdi. So’nggi lahzalargacha Payg’ambar alayhissalomning eng yaqin mulozimlaridan bo’lib qoldi.
Saqifa kuni (Abu Bakr Siddiq xalifa etib saylangan kun) Umar ibn Хattob:
- Qo’lingni ber, men senga bay’at qilaman, chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam "Har bir ummatning o’z ishonchli kishisi bo’ladi, bu ummatning eng ishonchli kishisi sensan" degandilar, - deb Abu Ubaydaga xalifalik lavozimini taklif qilganda, u:
— Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda imom bo’lishlikka buyurgan va to payg’ambarimiz vafot etgunlariga qadar imomgarchilik qilgan bir odam turgan joyda menga xalifalikka yo’l bo’lsin, - deb kamtarlik qilgandi.
Shundan keyin Abu Bakr Siddiqqa itoat izhor etilib, bayat qilindi. Abu Ubayda haq yo’l uzra uning xolis nasihatgo’yi, xayrli ishlarida yelkadosh yordamchisi bo’ldi. Abu Bakr xalifalikni o’zidan so’ng Umar al-Foruqqa vasiyat qilib ketdi. Abu Ubayda hazrati Umarga ham itoatda bo’ldi, sira o’zboshimchalik qilmadi. Тo’g’ri, bir marta u xalifaming buyrug’iga bo’ysunmadi.
Abu Ubayda musulmonlar amiriga itoat etishdan bosh tortgan farmon nima haqida edi?
Voqea Shom diyoriga yuborilgan Abu Ubayda ibn al-Jarroh sarkardaligi ostidagi musulmonlarning zafar yor qo’shini ketma-ket g’alabaga erishib, shomiy shaharlarni hammasini fath etib, sharqdan Frot daryosi yoqasiga, shimoldan Kichik Osiyo chegarasiga yetib kelgan paytda ro’y berdi. Shu vaqtda Shom bo’ylab dahshatli vabo tarqalib, kuniga minglab odamlarning yostig’ini qurita boshladi. Bu mudhish xabar hazrati Umarning qulog’iga chalinishi bilan Abu Ubaydaga quyidagi mazmunda maktub yo’lladi:
- "Biz mushkul ahvolga tushib qoldik. O’zing kelib yordam bermasang bo’lmaydi. Miktubim senga tunda yetib borsa, tong otishini kutib o’tirmay, yo’lga tush. Agar kunduzi yetib borsa, shu zaxoti oyog’ingni qo’lingga olib, shamolday yel”.
Abu Ubayda xatni o’qib chiqib:
- Halifaning menda qanday ishi borligini sezib turibman. U bir insonning ajalini kechiktirishga behuda urinyapti, - dedi.
So’ng qo’liga qalam olib, javob xatini yozdi:
- "Amirul mo’minin janoblari, meni nima maqsadda chaqirtirganingizni his etib turibman. Men musulmonlar qo’shinining bir askariman. Ularning boshiga ne kun tushsa, mening ham taqdirim o’shadir. Boshga tushganni ko’z ko’radi. Alloh peshonamga yozib qo’ygan ish sodir bo’lguncha, lashkardan ajralmayman. Sizdan o’tinib so’rayman, avvalgi buyrug’ingizni bekor qilib, meni shu yerda qolishimga ijozat bersangiz".
Maktubni o’qigan hazrati Umarning ko’zlari jiqqa yoshga to’ldi. Buni ko’rib atrofdagilar xavotir ichra:
- Abu Ubayda halok bo’libdimi? - deb so’rashdi.
- Yo’q, - dedi xalifa, - lekin u o’lim bilan yuzma-yuz turibdi.
Amirul mo’minnining gumoni to’g’ri chiqdi – mudhish vabo Abu Ubaydani ham o’z domiga tortdi. O’limi yaqinlashganini sezgan sarkarda qo’shinni to’plab, ularga qarata dedi:
- Vasiyatimni tinglang, birodarlar. Aytganlarimni qabul qilsangiz, o’zingizga yaxshi. Namozni doimo ado etib boring, Ramazon ro’zasini tuting, haqdorlarga zakotu sadaqasini bering, haj va umra qiling, bir-biringizni haqqa, yaxshilikka chorlang, rahbarlaringizdan samimiy maslahatingizni ayamang, sizlarni o’tkinchi dunyo aldab qo’ymasin. Chunki inson ming yil umr ko’rsa ham hozir meni changalida tutib turgan o’likdan qochib qutulolmaydi... Sizlarga Allohning salomi va rahmati bo’lsin.
So’ng Muoz ibn Jabalga yuzlandi:
- Ey Muoz, odamlarga imom bo’lib, namoz o’qib bering.
Namozga buyurishlik Abu Ubaydaning so’ngi so’zlari bo’ldi.
Janoza namozidan keyin Muoz to’planganlarga va’z qildi:
— Musulmonlar, siz bir birodaringizdan judo bo’ldingiz. Хudo haqqi, men sofdillikda, yomonlikdan yiroq yurishda, oxiratga muhabbatda va musulmonlarga yordam berishda uning oldiga tushadigan kishini ko’rganimni eslay olmayman. Marhumning haqqiga duo qiling, ey Allohning rahmatiga sazovor bo’lgurlar!
Manba xatosi: Closing </ref>
missing for <ref>
tag[1][2].
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ Абу Убайда ибн Аль-Джаррах
- ↑ Абу ʻУбайда — сподвижник Пророка, мир Ему, 2016-04-22da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2017-12-04
![]() |
|