Samarradagi anarxiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abbosiylar xalifaligi
اَلْخِلَافَةُ ٱلْعَبَّاسِيَّةُ
861–870
Mutavakkil vafot etgan vaqtdagi Abbosiylar xalifaligi xaritasi. tax. 861-yil
Mutavakkil vafot etgan vaqtdagi
Abbosiylar xalifaligi xaritasi. tax. 861-yil
Poytaxt Samarra
Rasmiy til(lar) Arab
Din
Islom
Hukumat Xalifalik
Xalifa  
• 861—862
Muntasir
• 862—866
Mustaʼin
• 866—869
Muʼtazz
• 869—870
Muhtadiy
Tarix  
• Mutavakkilning suiqasd natijasida oʻldirilishi bilan Samarradagi anarxiya boshlandi.
861
• Muhtadiyning taxtdan agʻdarilishi va oʻldirilishi.
870
Amir al-Moʻminin (أمير المؤمنين), Xalifa (خليفة)

Samarradagi anarxiya (arabcha: فوضى سامراء) Abbosiylar xalifaligi tarixida 861-yildan 870-yilgacha boʻlgan ichki beqarorlik davri boʻlib, kuchli raqib harbiy guruhlar qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylangan toʻrt xalifaning zoʻravonlik davri bilan ajralib turadi.

Atama xalifalik hukumatining oʻsha paytdagi poytaxti va qarorgohi boʻlgan Samarradan olingan. „Anarxiya“ 861-yilda xalifa Mutavakkilning turk qo‘riqchilari tomonidan o‘ldirilishi bilan boshlangan. Uning vorisi Muntasir olti oy hukmronlik qilib, ehtimol turk harbiy boshliqlari tomonidan zaharlab, oʻldirilgan. Undan keyin taxtga Mustaʼin chiqqan. Turk armiyasi rahbariyati ichidagi boʻlinishlar Mustainga 865-yilda baʼzi turk rahbarlar (Kichik Bugʻa va Vosif) hamda [Shurta|mirshab]]lar boshligʻi va Bagʻdod gubernatori Muhammad koʻmagida Bagʻdodga qochish imkonini berdi. Qolgan turk qoʻshini Muʼtazni yangi xalifalikka tanladi va Bagʻdodni qamal qilib, 866-yilda shaharni taslim boʻlishga majbur qildi. Mustaʼin surgun qilinib, qatl qilindi. Muʼtazz qobiliyatli va gʻayratli boʻlib, harbiy boshliqlarni nazorat qilishga, harbiylarni fuqarolik boshqaruvidan chetlashtirishga harakat qilgan. Xalifaning siyosatiga qarshilik koʻrsatildi. 869-yil iyulida taxtdan agʻdarilib, oʻldirildi. Keyingi xalifa Muhtadiy ham xalifaning hokimiyatini mustahkamlamoqchi bo‘ldi. Biroq 870-yil iyunida o‘ldirildi. Muhtadiyning vafoti va Muʼtamidning taxtga chiqishi bilan Muʼtamidning ukasi va regenti Muvaffaq bilan chambarchas bogʻliq Muso ibn Bugʻo atrofidagi turk guruhi xalifalik saroyida hukmronlik oʻrnatib, „anarxiya“ga barham berdi.

9-asr Samarradagi haram devoriy rasmlari parchalari

Garchi Abbosiylar xalifaligi keyingi oʻn yilliklarda kamtarona tiklanishni boshdan kechirgan boʻlsa-da, „Samarradagi anarxiya“ musibatlari Abbosiylar markaziy hukumati tuzilmalari va obroʻsiga katta hamda doimiy zarar yetkazib, xalifalik viloyatlarida boʻlinish va isyonkorlik tendensiyalarini ham ragʻbatlantirdi va bunga koʻmaklashdi.

9-asr oʻrtalari va oxirlarida Abbosiylar sulolasining shajarasi

Muntasir (861—862)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muntasirning kumush dirhami

Muntasir 861-yil 11-dekabrda otasi Mutavakkil turkiy gvardiyasi xodimlari tomonidan o‘ldirilganidan so‘ng xalifa bo‘ldi[1]. Muntasir Mutavakkilni o‘ldirish fitnasiga aloqadorlikda gumon qilingan bo‘lsa-da, tezda poytaxt Samarradagi ishlarni o‘z qo‘liga olish va shtatning yetakchi kishilaridan bay’at qabul qilishga muvaffaq bo‘ldi[2]. Muntasirning to‘satdan xalifa boʻlishi taxtga chiqqanidan so‘ng hukumatda yuqori lavozimlarga ega bo‘lgan bir qancha yaqin sheriklariga foyda keltirdi. Ular orasida xalifaning kotibi, vazir boʻlgan Ahmad ibn al-Xosib va Mutavakkilning oʻldirilishida katta ahamiyat kasb etgan turkiy general Vosif ham bor edi[3]. Muntasir hukmronligi yarim yildan kamroq davom etdi. Muntasir nomaʼlum sabablarga koʻra 862-yil 7-iyun yakshanba kuni 24 yoshida vafot etdi. Uning oʻlimiga sabab boʻlgan kasallik haqida turli xil maʼlumotlar mavjud. Jumladan, u zaharlangan lansetdan jarohatlangan[manba kerak].

Mustaʼin (862—866)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muntasir vafotidan so‘ng (oʻziga voris tayinlamagan) turkiy lashkarboshilar yangi xalifa tanlash uchun kengash o‘tkazdilar. Ular Muʼtazz va uning ukalari xalifa boʻlishini xohlamadilar. Shuning uchun Abbosiy shahzodasi Muhammad ibn al-Muʼtasimning oʻgʻli Ahmad ibn Muhammadni sayladilar. Xalifalik uchun Mustaʼin nomini oldi. To‘rt yarim yillik hukmronlikdan keyin Abbosiylar o‘rtasidagi ichki urush tufayli Muʼtazz foydasiga taxtdan voz kechdi. Mustaʼinning taxtdan voz kechishi shartlariga koʻra, unga Hijozdan mulk berilishi, Makka va Madina shaharlari oʻrtasida sayohat qilishi uchun ruxsat berilishi kerak edi. 12-yanvar kuni Muhammad bir guruh qozi va huquqshunoslarni Mustaʼin hukumat ishlarini yangi xalifaga ishonib topshirganiga guvohlik berish uchun olib keldi. Delegatlar taxtdan voz kechish shartlari bilan Samarraga yuborildi. Muʼtazz hujjatni shaxsan imzolab, shartlarga rozi boʻldi. Delegatlar 24-yanvar kuni Mustaʼinning Muʼtazzga bayʼat qilish uchun yuborilgan bir guruh emissarlari hamrohligida imzolangan hujjat bilan Bagʻdodga qaytishdi[4]. 25-yanvar, juma kuni Mu’tazz Bag‘doddagi masjidlarda xalifa sifatida tan olindi[5].

Mustaʼinga Madinadan boshpana berish oʻrniga Bagʻdodda saqlandi. U yerda 866-yil 17-oktabrda Muʼtazzning buyrugʻi bilan oʻldirilgan. Mustaʼinning boshini xalifaga koʻtarib: - „Mana“, - deb qichqirdi jallod, - „mana, amakivachchangning boshi!“ Shaxmat oʻynayotgan Muʼtazz: „Oʻyinni tugatmagunimcha, uni chetga qoʻying“, deb javob bergan. Va keyin, bu haqiqatan ham Mustaʼinning boshi ekanligiga ishonch hosil qilib, qotilga mukofot sifatida 500 tanga berishni buyurdi[manba kerak].

Muʼtazz (866—869)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlab otasi Mutavakkilning uchta merosxoʻridan ikkinchisi boʻlgan Muʼtazz akasi Muntasir taxtga oʻtirgandan soʻng oʻz huquqlaridan voz kechishga majbur boʻlgan va amakivachchasi Mustaʼin hukmronligi davrida xavfli raqib sifatida qamoqqa tashlangan edi. 866-yil yanvarida Mustaʼin va Samarradagi turk harbiylari oʻrtasidagi fuqarolar urushi paytida ozod qilinib, xalifalikka koʻtarilgan. Muʼtazz turkiy harbiylar oldidagi xalifa obroʻsini qayta tiklashga qatʼiy qaror qildi, lekin juda kam muvaffaqiyatga erishdi. Ushbu muvaffaqiyatlarga qaramay, xalifa davrning asosiy muammosi boʻlgan qoʻshinlarni saqlash uchun mablagʻ tanqisligini bartaraf eta olmadi. Xalifalikning moliyaviy qiyinchiliklari Muʼtazzning xalifalikka chiqishi bilan ham ayon bo'lgan edi. Bu vaqtda qoʻshinlar uchun mukofot tarzida berilishi kerak boʻlgan mablagʻ yetishmasligi tufayli toʻlovlar ikki barobarga qisqartirilgan edi. Aynan shu ham Bagʻdoddagi Mustaʼin rejimining qulashiga katta turtki boʻldi[6]. Fuqarolar urushi va undan keyingi umumiy anarxiya vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Chunki chekkaroq viloyatlar u yoqda tursin, hatto Bagʻdod atrofidan ham keladigan daromad toʻxtab qoldi[7]. Natijada, Muʼtazz Bagʻdodda Ibn Tohir bilan tuzgan kelishuvini bajarishdan bosh tortib, oʻz tarafdorlarini taʼminlash masalasini hal qilmadi. Bu Bagʻdodda tartibsizliklar va hokimiyatning tezda zaiflashishiga olib keldi[8]. 869-yilda Muʼtazz Ubaydullohni vazifasidan ozod qilib, oʻrniga qobiliyatsiz ukasi Sulaymonni tayinlashi Bagʻdoddagi gʻalayonni kuchaytirdi[9]. Bunday holat faqat xalifani Samarra askarlariga qarshi foydali pozitsiyadan mahrum qilishga xizmat qilib, turklar avvalgi kuchlarini tiklashiga imkon berdi[10].

Natijada, 869-yilga kelib turkiy rahbarlar Solih ibn Vosif (Vosif at-Turkiyning oʻgʻli) va Baykbak yana oʻz mavqeini tiklab, Ahmad ibn Isroilning chetlatilishini taʼminladilar[9]. Nihoyat, turkiy qoʻshinlarning moliyaviy talablarini qondira olmagan Muʼtazz iyul oʻrtalarida saroy toʻntarishi natijasida taxtdan agʻdarildi. Xalifa qamoqqa tashlangach, unga nisbatan shu qadar yomon munosabat boʻlganki, natijada uch kundan keyin, 869-yil 16-iyulda vafot etgan[9]. Xalifalik taxtiga amakisi Muhtadiy oʻtirgan[9].

Muhtadiy (869—870)[tahrir | manbasini tahrirlash]

869-yil 15-iyulda amakivachchasi Muʼtazzning (h. 866–869) agʻdarilishi va oʻldirilishidan soʻng, turkiy qoʻriqchilarning rahbarlari 21/22-iyulda Muhtadiyni yangi xalifa etib sayladilar[11]. Muhtadiy hukmdor sifatida islomning namunali hukmdori hisoblangan[12] xalifa Umar ibn Abdulazizga taqlid qilishga intilgan[11]. Shuning uchun qattiqqoʻl va taqvodor hayot kechirdi. Xususan, barcha cholgʻu asboblarini saroydan chiqarib tashladi va shikoyat (mazalim) sudlariga shaxsan raislik qilishni oʻz oldiga maqsad qilib, shu bilan oddiy xalq qoʻllab-quvvatlashiga erishdi[11][13]. „Kuch va qobiliyat“ni birlashtirib, turk sarkardalarining tortishuvlari natijasida davom etayotgan „Samarradagi anarxiya“ davrida yo‘q qilingan xalifaning obro‘ va qudratini[14] tiklashga qaror qildi[11]. Muhtadiy viloyatlarda Aliylar qoʻzgʻoloni bilan toʻnash kelgan boʻlsa-da, hokimiyati uchun asosiy xavf turkiy qoʻmondonlar edi[11]. Muso ibn Bug‘o xorijiylarga qarshi yurish uchun ketganidan foydalangan Muhtadiy xalqni Musa va ukasi Muhammad ibn Bug‘oga qarshi qo‘zg‘atadi. Muhammad mablagʻlarni oʻzlashtirishda ayblanib, sudga tortildi va hukm oʻqildi. Muhtadiy afv qilishni vaʼda qilgan boʻlsa-da, Muhammad qatl etildi. Bu Muso bilan ziddiyatni kuchaytirdi. Muso oʻz qoʻshini bilan poytaxtga yurish qilib, xalifaga sodiq kuchlarni magʻlub qildi. Xalifa taxtdan voz kechishdan bosh tortib, diniy mavqei va xalqning qoʻllovi tufayli hayoti va lavozimini saqlab qolishga harakat qildi. Shunga qaramay, 870-yil 21-iyunda Muhtadiy qatl qilinib, oʻrniga amakivachchasi Muʼtamid (h. 870–892) tayinlandi[11].

Oqibat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifa Muʼtamidning (h. 870–892) tax. 884/5-yilda zarb qilingan oltin dinori. Bosh qoʻmondon Muvaffaq va vazir Said ibn Maxlad (Zul-Vizoratayn) nomlari bilan

Samarradagi anarxiyaning yakunida Zanjilar qoʻzgʻoloni deb nomlangan qoʻzgʻolon boshlandi. Qoʻzgʻolonga xalifalikning bir qancha mintaqalaridan qullar va ozod odamlar, shu jumladan afrikaliklar va arablar qoʻshildi. Qoʻzgʻolon magʻlub qilingunga qadar oʻn minglab odamlarning hayotiga zomin boʻldi[15].

Tabariy va Mas’udiy kabi bir qancha musulmon tarixchilari Zanjilar qo‘zg‘olonini Abbosiylar markaziy hokimiyatini qiynagan ko‘plab tartibsizliklar ichida „eng shafqatsiz qo‘zg‘olonlardan“ biri deb taʼriflaganlar[15].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Bosworth, "al-Muntasir" 1993, s. 583.
  2. Kennedy 2006, ss. 266–268.
  3. Gordon 2001, ss. 88–91.
  4. Saliba 1985, ss. 106–108.
  5. Saliba 1985, s. 113.
  6. Kennedy 2001, ss. 138–139.
  7. Kennedy 2001, s. 138.
  8. Kennedy 2001, s. 139.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 Bosworth, "al-Muʿtazz Bi’llāh" 1993, s. 794.
  10. Kennedy 2004, s. 172.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 Zetterstéen & Bosworth 1993, ss. 476–477.
  12. Cobb 2000, ss. 821–822.
  13. Kennedy 2004, s. 173.
  14. Kennedy 2004, ss. 169–173.
  15. 15,0 15,1 Furlonge 1999, s. 7.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]