Burhoniddin Mahmud Buxoriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Burhoniddin Mahmud Buxoriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi faqih

Burhoniddin Mahmud Buxoriy — (1156—1219) faqih bo‘lgan.

Burhoniddin Mahmud Buxoriyning maʼnaviy merosi haqida koʻplab manbalarda xabar berilsada, shaxsiyati va Sharqda Oli Moza nomi bilan shuhrat qozongan oilasiga doir maʼlumotlar deyarli kam oʻrganilgan. Burhoniddin Mahmud Buxoriy garchi hayoti davomida Buxoro va Samarqandda yashab ijod etgan boʻlsa-da, allomaning shoh asari boʻlmish „Al-muhit“ („Ummon“ yoki „Qoʻrgʻon“) asarida keltirilgan maʼlumotlarga tayanib aytish mumkinki, u 1156—yilda hozirgi Margʻilon shahrida tavallud topgan. Burhoniddin Mahmud Buxoriy hanafiy mazhabiga doir fiqhiy asarida „Burhoniddin“, „Burhonu-l-islom“, „Sadru-l-islom“ „Sadruddin“ va „Burhonu-sh-sharia“ kabi nom va unvonlar bilan zikr qilinadi. Bu unvonlar albatta Burhoniddin Mahmud Buxoriyning yuqori ilmiy salohiyat sohibi boʻlganligini koʻrsatadi. Burhoniddin Mahmud Buxoriyning bobosi Burhonul-kabir Saraxsda, soʻngra Oʻzgandda shamsu-l-aimma Bakr ibn Muhammad ibn Ali ibn Fazl ibn Hasan Zaranjariydan (vafoti XII—asr.) fiqh ilmini oʻrgangan. Shuningdek, Burhoniddin Mahmud Buxoriyning voyaga yetishi, fiqh ilmi sohasida mashhur boʻlishida uning Buxoro va Samarqandda Oli Moza yoki Sadrlar nomi bilan mashhur boʻlgan oilasi ham muhim rol oʻynadi. Burhoniddin Mahmud Buxoriyning oilasi Buxoroga koʻchib kelguniga qadar „Oli Moza“, „Bani Umar ibn Marvon“ nomlari bilan tanilgan. Bundan koʻrinadiki, sulola nasl tarafidan beshinchi xalifa deb eʼtirof etilgan umaviy Umar ibn Abdulaziz ibn Marvonga (vafoti 719—yilda) borib taqalishi haqidagi farazlar ham mavjud. Burhoniddin Mahmud Buxoriyning faqih sifatida tanilishida uning Samarqanddagi faoliyati muhimdir. BuxorodaOli Moza“ oilasi bilan mahalliy olimlar va soʻnggi Qoraxoniylarning xoni hisoblangan Qilich Arslonxon Usmon (1202—12 yillar) oʻrtasidagi ziddiyatlarning keskinlashuvi oilaning Samarqandga kelib oʻrnashishiga sabab boʻlgan. Manbalarda Burhoniddin Mahmud Buxoriyning asariga asosan, Samarqandda bitilgani, shoh asari boʻlmish „Al-muhit“ning ilk nusxalari ham aynan shu shahar xattotlari tomonidan koʻchirilganligini tasdiqlaydi. Masalan xattot Abulfath Abdulqohir ibn Abu Bakr ibn Ali Margʻinoniy (1262—65 yillar)da SamarqanddagiAmiriyyamadrasasidaAl-muhit“ni kitob shakliga keltirgan. Burhoniddin Mahmud Buxoriyning ustozlari, asosan, oʻz oilasidan chiqqan faqihlar bo‘lib, Burhoniddin Mahmud Buxoriy asosiy bilimni oʻz otasi Sadr Saiddan olgan. Tarixchi Tamimiy allomaning otasi Sadr Saidning koʻzga koʻringan shogirdlaridan oʻz oʻgʻli Mahmud va mashhur „Al-hidoya“ asarining muallifi Burhonuddin Margʻinoniy ismini keltiradi. Burhoniddin Mahmud Buxoriy „Al-muhit“ asarida oʻziga zamondosh boʻlgan quyidagi movarounnahrlik hanafiy olimlarni sanab oʻtadi: amakivachchasi Muhammad ibn Husomuddin Sadru-sh-shahid („Sadru-l-jahon“ nomi bilan mashhur boʻlgan, (vafoti 1170—yilda)), „Fatovoi Qozixon“ asari muallifi Hasan ibn Mansur Oʻzgandiy Fargʻoniy („Faxriddin Qozixon“ nomi bilan mashhur, (vafoti 1196—yilda), Abu Hafs Aqiliy (vafoti 1200—yilda), Imom Burhoniddin Margʻinoniy (vafoti 1197—yilda), Yusuf ibn Ahmad Najmiddin Xorazmiy (vafoti 1237—yilda), Abu Bakr ibn Alouddin Kosoniy (vafoti 1191—yilda), Ahmad ibn Said Hasiyriy (vafoti 1298—yilda), „Fatovou-z-zohiriyya“ asari muallifi Zahiriddin Kabir Ali ibn Abdulaziz Margʻinoniy (vafoti 1222—yilda). Burhoniddin Mahmud Buxoriy 1219—yilda 63 yoshida Buxoro himoyasi uchun moʻgʻullar bilan boʻlgan jangda shahid boʻladi. Uning shogirdlari koʻp boʻlishiga qaramay, tabaqotlarda faqatgina oʻz oʻgʻli Tohir ibn Mahmudning nomi zikr etiladi, xolos. „Oli Burhon“ yoxud „Oli Moza“ oilasining asoschisi va Buxoroning ilk sadri, Sadru-l-kabir ibn Moza (vafoti 1123—yilda)dir. Undan soʻng uning oʻgʻli Husomuddin Sadrush-shahid (1090—1141 yillar) sadrlik mansabiga oʻtirdi va Qatavon urushida shahid boʻldi. Burhoniddin Mahmud Buxoriyning shoh asari boʻlmish „Al-muhit“ bir necha marta nashrga tayyorlangan. Asarning ilk yirik nashrini Ahmad Izzu Inoya (Qohira, 2003 y.) har biri oʻrtacha 500-550 bobdan iborat boʻlgan oʻn jildlik kitob holida amalga oshirgan. Asarning ikkinchi yirik nashri muallifi Abdulkarim Sami Jundiy bo‘lib, u asarni toʻqqiz jildda (har bir jild oʻrtacha 500-550 bobni tashkil qiladi) nashrga tayyorlagan. „Al-muhit“ asarining birgina Turkiyadagi Boyazid, Sulaymoniya, Koʻprulu kutubxonalarining oʻzida 66ta qoʻlyozma nusxalari bor. Ushbu qoʻlyozmalar turli hajmda bo‘lib, turli davrlarda xattotlar tomonidan koʻchirib borilgan. Qohiradagi „Al-Azhar“, „Doru-l-kutubi-l-Misriyya“ va Iskandariya milliy kutubxonalarida asarning turli hajmdagi 27 ta nusxasi saqlanayotganligi aniqlangan. Mazkur asarning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 10 ta qoʻlyozma nusxasi mavjud:

  1. 2861 raqam ostida saqlanayotgan nastaliq yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 1241 varaq);
  2. 5982 raqam ostida saqlanayotgan, Buxoroda nastaliq yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 955 varaq);
  3. 9532 raqam ostida saqlanayotgan, 985/1578 y.i Buxoroda nastaliq yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 727 varaq);
  4. 3161 raqam ostida saqlanayotgan, yozilgan joyi nomaʼlum boʻlgan nastaliq yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 543 varaq);
  5. 7814 raqam ostida saqlanayotgan, suls yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 180 varaq);
  6. 8781 raqam ostida saqlanayotgan, nasx yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 340 varaq b-b, u asarning uchinchi j.i hisoblanadi);
  7. 5835 raqam ostida saqlanayotgan, 1221/1807 y.da Buxoroda Mirzo Muhammad tomonidan nastaliq yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 675 varaq);
  8. 3167 raqam ostida saqlanayotgan, suls yozuvida koʻchirilgan nusxa, (jami 314 varaq);
  9. 3102 raqam ostida saqlanayotgan, 663/1265 y.da Abulfath Abdulqodir ibn Kabir ibn Ali Margʻinoniy tomonidan suls yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 196 varaq);
  10. 5945 raqam ostida saqlanayotgan, 989/1582 y.da Muhammad Ali Naqlibek tomonidan Buxoroda nimnasx yozuvida koʻchirilgan nusxa (jami 924 varaq).

„Oli Moza“ sulolasining Movarounnahr hanafiylik ilmi rivojida tutgan yuksak oʻrnini birgina Burhoniddin Mahmud Buxoriyning qoldirgan ilmiy merosi bilan ham isbot etish mumkin. Shuni alohida taʼkidlash joizki, XX asr boshlarigacha yozilgan hanafiy mazhabidagi fiqhiy asarning barchasida „Oli Moza“ faqihlari fatvolaridan keng foydalanilgan[1].

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-muhit“, Muhammad ShayboniyningAl-jomiʼu-s-sagʻir“ asariga sharh.




Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Hoji Xaliyfa. J.2. Kashfu-z-zunun. — B. 1619; Ismoil Posho Bagʻdodiy. Hadiyyatu-l-orifiyn. — B. 665.