Kontent qismiga oʻtish

Bahira

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bahira (arabcha: بَحِيرَىٰ) – Islom paygʻambari Muhammad amakisi Abu Tolib bilan birga savdo safarida birga boʻlganida uning paygʻambarligini bashorat qilgani aytilgan nasroniy rohibning ismi[1][2]. Uning ismi suryoniy tilidagi bḥīra soʻzidan olingan boʻlib, odatda, oʻsha tilda rohiblarni tasvirlash yoki unga murojaat qilish uchun ishlatiladi va „(Xudo tomonidan) sinovdan oʻtgan va maʼqullangan“ degan maʼnoni anglatadi. Bahira Muhammadning paygʻambarligini bashorat qilgan kishiga aynan tegishli ism emas[3][4].

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahira nomi suryoniy tilidan kelib chiqqan boʻlib, rohibning ayni ismi emas, balki rohibga murojaat qilish yoki uni tasvirlash uchun ishlatiladigan soʻzdir. Bahira soʻzi suryoniy tilidan tarjima qilinganda „sinovdan oʻtgan“, „tasdiqlangan“ degan maʼnolarni anglatadi[3].

Islom anʼanalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rohib Bahira nomi bilan bogʻliq hikoyalar islomiy manbalardan kelib chiqqan boʻlib, ularning bir-biriga zid boʻlgan turli xil versiyalarni koʻrish mumkin[3]. Paygʻambar Muhammadning tarjimai holi haqida bir qancha maʼlumotlar qoldirgan Ibn Is’hoq[3][5] va yana bir qancha boshqa mualliflarning Abdulloh ibn Abu Bakr al-Ansoriydan[5] olingan rivoyatlarida Bahira bilan bogʻliq quyidagi versiyaga guvoh boʻlish mumkin: Suriyaning Busro shahrida yashovchi Bahira ismli rohib paygʻambarlarning taʼriflarini avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan kitoblardan oʻrganib boradi. U Makkadan kelgan bir guruh savdogarlar orasida yosh Muhammadning boshi tepasida uni quyoshning jaziramasdan himoya qilgan holda ergashib kelayotgan bulutni koʻradi. Bulut Muhammad ostida yotgan daraxtni ham qoplaydi va shoxlarini unga soya qiladi. Buni koʻrgan Bahira Muhammad bilan uchrashishga juda qiziqadi va ularga ziyofat beradi. Bahira Muhammadni savolga tutadi va uning ikki kuragi orasidagi paygʻambarlik belgisini koʻradi, bu esa uning Muhammadning boʻlajak paygʻambar ekanligi haqidagi taxminini tasdiqlaydi. Bahira Abu Tolibni Muhammadga yahudiylar hujum qilishidan qoʻrqib, uni kechiktirmasdan Makkaga qaytarishga undaydi. Abu Tolib Bahiraning nasihatiga quloq soladi va uni darhol Makkaga qaytarib olib ketadi[5].

Tabariy tomonidan yozib olingan hikoyaning yana bir variantida Bahira Muhammadning taqdirini bashorat qilishiga koʻproq urgʻu bergan holda daraxtlar va toshlarning unga taʼzim qilganiga guvoh boʻlganini, uni olamlar Parvardigorining elchisi deb atagani yozadi. Ushbu versiyada Bahira Muhammadning hayotiga tahdid soladiganlar aslida yahudiylar emas, balki vizantiyaliklar ekanligini ham bildiradi. U Abu Tolibga Muhammadni tezroq uyiga qaytarib olib ketishini maslahat beradi, Abu Tolib Muhammad Makkaga eson-omon yetib olishida Abu Bakr va Bilol ibn Rabohni unga hamroh qiladi. Vizantiya imperiyasidan yetti nafar kishi Muhammadni oʻldirish maqsadida ekanligi ayon boʻlganida Bahiraning bashorati tez orada haqiqatga aylanadi. Hikoyaning bu versiyasi Termiziy Abu Iso va Muhammadning boshqa bir qancha tarjimai hollarida ham hujjatlashtirilgan[3].

Al-Suhayliy tomonidan hujjatlashtirilgan va al-Zuhriydan olingan boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa bir versiyaga koʻra, Bahira nasroniy rohib emas, balki yahudiy ravvin boʻlib, sayohat qilayotgan chogʻida yosh Muhammad bilan uchrashadi va uning kelajakda paygʻambar boʻlishini bashorat qiladi. Ularning uchrashuvlari ham Suriyaning Busro shahrida emas, balki Tayma shahrida boʻladi. Ibn Is’hoqning hikoyasida keltirilgani kabi, bu versiyada Bahira Abu Tolibga Muhammad Suriyaga yetib borgan taqdirda, yahudiylar uni oʻldirishi mumkinligini, shu sababli uni tezda uyiga qaytarishini maslahat beradi[3][5].

Bahiraga oid barcha hikoyalar va uning tarixda haqiqatdan ham yashaganligi oʻrta asrlardagi baʼzi musulmon hadis tanqidchilari tomonidan uydirma sifatida rad etilgan[5].

Xristian afsonasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Musulmonlarning Vizantiya va Fors hududlarini bosib olishi ortidan hududiy yoʻqotishlarni boshdan kechirgan sharqiy hududlardagi nasroniylar bu voqealarni Injil orqali tushunishga harakat qilishadi va bular oʻzlarining qilgan gunohlari uchun oʻtkinchi jazo, musulmonlarning ilohiy qoʻllab-quvvatlanishidan dalolat emas, degan xulosaga kelishadi. VIII asr boshlarida musulmonlar hukmronligining barqarorligini tan olgan holda munozarali adabiyotlar orqali nasroniylikning murakkab himoyasi va Islom taʼlimotlariga qarshi dalillarni oʻz ichiga olgan manbalar koʻpaya boshladi[3]. Bu esa xalifa Maʼmun davrida (813—33) Bahira haqidagi afsonaning nasroniy versiyasi yaratilishiga olib keldi. Ushbu hikoyaga asoslangan holda keyinchalik Sharqiy va Gʻarbiy Suriyada ikkita resensiya ishlab chiqildi[6]. Shuningdek, suryon tilidagi Bahira oʻziga xos ism emas, balki rohibga murojaat qilish yoki uni tasvirlash uchun qoʻllangan[3]. Oradan maʼlum vaqt oʻtib, arab tilida ham qayta ishlangan resensiya paydo boʻldi. Keyinchalik, Suriya afsonasining arabcha tarjimasi va oldingi arabcha versiyaning yakuniy qismidan iborat gibrid resensiya yaratilgan[6][7][4].

  1. Abel, A. „Baḥīrā“. Encyclopaedia of Islam, Second edition. Brill. Brill Online, 2007 [1986].
  2. Watt, W. Montgomery (1964). Muhammad: Prophet and Statesman, p. 1-2. Oxford University Press.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 Roggema 2008.
  4. 4,0 4,1 Roggema, Barbara. „Baḥīrā.“ Encyclopaedia of Islam, THREE. Edited by: Gudrun Krämer, Denis Matringe, John Nawas, Everett Rowson. Brill Online, 2014 [2011]. Accessed July 12, 2014.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 Anthony 2020.
  6. 6,0 6,1 Thomas & Roggema 2009.
  7. Szilágyi 2008.