Quva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Quva
shahar
40°31′24″N 72°03′42″E / 40.52333°N 72.06167°E / 40.52333; 72.06167 G OKoordinatalari: 40°31′24″N 72°03′42″E / 40.52333°N 72.06167°E / 40.52333; 72.06167 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
Mintaqa Fargʻona viloyati
tuman Quva tumani
Aholisi
36 975
Vaqt mintaqasi UTC+5
Quva xaritada
Quva
Quva

Quva — Fargʻona viloyati Quva tumanidagi shahar (1974-yildan), tuman markazi. Fargʻona shahridan 40 km shimoliy-sharqda joylashgan. Eng yaqin temir yoʻl stansiyasi Quva (4 km). Aholisi 40 ming kishi (2005-yil statistikasiga koʻra). Fargʻona vodiysidagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi.

Quva shahri

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaharning vujudga kelishi va nomi haqida turli rivoyatlar mavjud. „Fargʻona tarixi“ asarining muallifi Ibratning yozishicha, Quva shahri dastlab, „Qubod“ yoki „Qubo“ deb atalib, keyinchalik esa „Quva“ shaklini olgan.

Oʻrta Osiyoning sharqiy qismidagi shaharlar ichida qadimiyligiga koʻra Chust, Istaravshan, Xoʻjand, Penjikentdan keyin 5-oʻrinni egallaydi (miloddan avvalgi II—I ming yilliklar boshidan VI—V asrlargacha) va shu bilan birga Kosonsoy, Oʻsh, Oʻzgan, Axsikent, Rishton kabi qadimiy shaharlar roʻyxatida birinchi oʻrinda turadi (miloddan avvalgi III—II asrlar).

Shahar haqidagi dastlabki maʼlumotlar miloddan avvalgi II asrga mansub Xitoy manbalarida keltirilgan. Oʻsha davrda Quva shahri kengayib, Qoʻhandiz, Shahriston va Rabod kabi uchta qismlardan iborat boʻlgan[1]. Shahar tevaragi ikki qator qalin va baland mudofaa devori bilan oʻralgan. Rabodda baland (3,6 m) yaxlit tagkursi ustida Quva budda ibodatxonasi qad koʻtargan. Ibodatxona VIII asr boshlarida arablar tomonidan vayron qilingan.

IX—XII asrlarda Quva Fargʻonaning yirik, koʻrkam va obod shahriga aylangan. Istaxriyning taʼkidlashicha, Quva kattaligi jihatidan Fargʻonada Axsikentdan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan shahar hisoblangan. Ibn Havqalning yozishicha, Quva Sayxungacha (Sirdaryo) yetib boradigan nahr sohilida joylashgan shahar boʻlgan. Uning markazida Registon maydoni, Qoʻhandizda jome masjidi, Rabodda esa saroy, qamoqxona va bozorlar joylashgan.

Quva shahri moʻgʻullar istilosi oqibatida vayron etilib, XIV — XVI asrlarda qasaba shaklidagi maskanga aylantirilgan. Yoqut Hamaviy Quvani katta shahar deb atagan. Shuningdek, ushbu shahar Mahmud Qoshgʻariyning „Devonu lugʻotit turk“ asariga ilova qilingan xaritada ham koʻrsatilgan. Quva hunarmandchilik rivoj topgan shaharlardan biri hisoblanib, temirchilik va shishasozlik ham yuksak darajaga yetgan edi.

Quva shahrining oʻz tangasi zarb qilingan boʻlib, „Boburnoma“da Quva Andijondan 4 ogʻoch (farsax) narida joylashgan qishloq deb taʼriflangan.

Quvada hozirgi kunga qadar saqlanib qolmagan 2 ta madrasa mavjud boʻlgan. Ular: Muhammad Alixon va Mir Shahobiddinxoʻja madrasalaridir.

Tarixchi A. Muhammadjonovning fikricha, shahar nomi „Qaviybod“, „Qavobod“ yoki „Qaybod“ shakllarida talaffuz etilgan va qaviylarning qarorgohi, tojdor hukmdorning taxti oʻrnatilgan qasr va mamlakatning bosh shahri — poytaxt maʼnosini anglatgan. Keyinchalik, shahar nomi oʻzgarib, hozirgi Quva shaklini olgan.

Quvada 1956—1960-yillarda Y. Gʻulomov boshchiligida (V. D. Jukov, I. Ahrorov, V. A. Bulatova, A. Muhammadjonov, H. Muhamedov, M. Aminjonova) arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, oʻrta asrlarda Quvaning umumiy maydoni 100—120 ga ni tashkil etgan boʻlib, shundan Shahriston 12 ga va uning shimoliy-sharqiy burchagidagi arki aʼlo 1 ga maydonni egallagan (Shahriston va Ark qoldiqlari hozirgigacha saqlanib kelmoqda).

Ahmad Al-Fargʻoniy haykali (Quva shahri)

1998-yil Ahmad al-Fargʻoniyning 1200 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish vaqtida Quvada arxeologik qazishma ishlari olib boriladi. Qazishma ishlari davomida Shahristonning janubiy mudofaa devori ostidan 8 m dan ziyod chuqurlikdan miloddan avvalgi II—I asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari topilgan. 1998-yildagi qazishma ishlari natijasida shaharning qadimgi uchta darvozasi oʻrni aniqlangan va shahar xarobasi hududidan turar joy binolari majmuasi, uning shimolida esa VII—VIII asrlarga oid budda ibodatxonasi hamda budda ilohlari haykallari topilgan.

Quvadan bir qancha mashhur kishilar, xususan, Ahmad al-Fargʻoniy[2], Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad al-Quboviy, Rukniddin Quboviy, Muhammad ibn Muhammad al-Quboviy, Abduqayum Vaxmiy, Shokirxon Hakimiy va boshqa olimlar yetishib chiqqan.

Geografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahar Oʻzbekiston Respublikasi Fargʻona viloyatining shimoli-sharqiy qismida joylashgan.

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sovet davrida Quva shahrida mebel fabrikasi va konserva zavodi ochilganidan keyin shahar iqtisodiyoti sezilarli darajada oʻsadi.

Taniqli shaxslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abul Makorim Rizqulloh ibn Muhammad ibn Abulhasan ibn Umar al-Quboviy — oʻrta asr fors olimi, ustoz, XII asr adabiyotshunosi.

Abudunosr Ahmad ibn Muhammad Quboviy — fors-tojik yozuvchisi, tarixchi, XII asr tarjimoni.

Abu-l-Abbos Ahmad ibn Muhammad al-Fargʻoniy — IX asrning eng yirik oʻrta asr fors olimlaridan biri, oʻrta osiyolik astronom, matematik va geograf (798-861).

Ibrohim ibn Ali al-Husayn ibn Is’hoq Quboviy — soʻfiy olim (1103-1178).

Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad al-Quboviy — ulamo, olim, islom dini boʻyicha nufuzli mutaxassis (XIII asr).

Ruknidin Quboviy — oʻrta asrlarda ijod qilgan Movorounnahr shoiri (XIII asr).

Akram Mamedovich Yusupov — sovet, oʻzbek sirki artisti, masxaraboz, Oʻzbekiston xalq artisti.

Infrastrukturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quva shahrida paxta tozalash, gʻisht zavodlari, mebel, tikuvchilik, qandolatchilik fabrikalari, don mahsulotlari kombinati, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, qurilish tashkilotlari, yoʻllarni taʼmirlash tashkiloti, taʼmirlash-qurilish boshqarmasi, „Issiq non“, toʻqimachilik korxonalari, dehqon bozori, savdo markazi, anor sharbati ishlab chiqaruvchi sex va avtokorxonalar faoliyat koʻrsatadi. Shaharda, shuningdek, Oʻzbekiston — Turkiya „Ahror“ qoʻshma korxonasi oʻz faoliyatini olib boradi.

Quvada 5 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, bolalar musiqa maktabi, klublar, tuman markaziy va bolalar kutubxonalari, madaniyat va istirohat bogʻi, baynalminal jangchilari xiyoboni, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xiyobonlari, Ahmad al-Fargʻoniy yodgorlik majmuasi, oʻlkashunoslik muzeyi va stadion mavjud.

Shuningdek, tuman markaziy kasalxonasi, shahar kasalxonasi, tish davolash poliklinikasi, maxsus dispanser, „Ona va bola“ reabilitatsiya markazi, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Quvadan Fargʻona, Qoʻqon, Oltiariq Margʻilon, Andijon, Asaka, Shahrixon, Oʻsh, Aravon va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abduxoliq Abdurasul oʻgli, Qadimgi Fargʻona tarixidan [Xitoy manbalarida Fargʻona haqida ilk maʼlumotlar]. T., 2002.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]