Movarounnahr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Movarounnahr (arab. — daryoning narigi tomoni) — oʻrta asrlarda islom mamlakatlarida keng tarqalgan geografik atama. Uning xuddi shu maʼnoni anglatgan fors tilidagi "Varorud" va "Varojayxun" shakllari ham mavjud boʻlib, ularning barchasi avval (11 -a. gacha) Xuroson viloyatining davomi sifatida, 11-asr boshidan eʼtiboran esa Turkiston, yaʼni Qoraxoniylar davlati va undan keyingi turkiy davlatlar tarkibidagi maʼmuriy birlik sifatida tushunilgan. 11-a.da Yevropa tarixshunosligida mazkur arab atamasining lotincha tarjimasi boʻlmish yangi "Transoksiana" yoki "Transoksaniya" atamalari muomalaga kiritilgan.

Hoz. zamon tarixiy-geografik ilmiy adabiyotda Movarounnahr deganda, asosan, Turkmanistondan tashqari boʻlgan Oʻrta Osiyo hududlari, yaʼni, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonning janubiy qismi tushuniladi.

M. atamasi ilk bor paygʻambarimiz Muhammad (sav) haqidagi hadislarda tilga olingan. Aftidan bu atama arablar orasida islomgacha boʻlgan davrlarda ham maʼlum boʻlib, u vaqtda (mil. 6-a.) Sosoniylar davlatidan shim.-sharqda, Jayxun, yaʼni Amudaryoning orqasida joylashgan Turk xoqonligiga qarashli yerlarni anglatgan. Qad. fors manbalaridagi maʼlumotlarga tayangan arab geograf olimi Yoqut Hamaviy M. atamasini Turon mamlakatining nomi deb bilgan. Arablar oʻzlarining sharqqa qilgan ilk yurishlari davomida (7-a.ning 2-yarmi — 8-a.ning boshi) ikki xil tushuncha haqida maʼlumotga ega boʻlganlar: "ma duna-nnahr", yaʼni "da-ryoning pastki tomoni", va "ma varo-annahr" — "daryoning narigi tomoni". Ulardan birinchisi Xurosondan sharqda Amudaryodan jan.da Hindukush togʻlarigacha boʻlgan Tohariston yerlarini; ikkinchisi esa, Amudaryodan shim.da joylashgan Shim. Tohariston va Sugʻd yerlarini oʻz ichiga olgan. 9—10a.larda yashagan va Oʻrta Osiyo hududlariga tavsif bergan arab geograflaridan faqat al-Istaxriy va Ibn Havqal ularga nisbatan M. atamasini maxsus ishlatganlar. Boshqa arab geograflari esa Oʻrta Osiyo hududlari xdqida soʻz yuritganlarida M. atamasini juda tor maʼ-noda ishlatib, uni Xurosonning davomi yoki al-Mashriq (Sharq)ning bir qismi sifatida tasvirlaganlar. Al-Mashriq tushunchasiga esa ular Xuroson va M. yerlaridan tashqari, Xindi-ston, Xitoy yerlarini va hatto Hind va Tinch okeanlaridagi Yaponiyagacha boʻlgan orollarni kiritganlar (Ibn Xurdodbeh).

11-a. boshidan eʼtiboran M. istilohi hudud jihatdan ayrim manbalarda Sugʻd va Xorazm, boshqalarida esa Sugʻd va Shim. Tohariston yerlarini oʻz ichiga olgan. Maʼno jihatdan esa bu atama endi Turkiston, yaʼni Qoraxoniylar davlati, keyinchalik esa Xorazmshohlar, Chigʻatoiylar, Temuriylar va Shayboniylar davlatlarining tarkibidagi maʼmuriy birlikni anglatgan.

Shunday qilib, M. atamasi oʻrta asr manbalarida turlicha talqin qilinib, geografik hudud sifatida avval Turon, Turk xoqonligi yoki Turkiston mamlakati (7-a. gacha), keyin Xuroson (7— 10-a.

larda) undan ham keyin Turkiston (11a.dan boshlab), maʼlum vaqt esa Xorazm (12-a.ning oxiri — 13-a.ning boshi) tarkibiga kiritilgan. Demak, bu atama faqat geografik maʼnoga ega boʻlib, har xil davrlarda turli davlatlar — Turk xokrnligi, Arab xali-faligi, shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshoxlar va b. davlatlarning tarkibiga maʼmuriy birlik sifatida kirgan. Bu atama haqida turli manbalarda keltirilgan maʼlumotlarning yigʻindisi ham hududiy jihatdan "Oʻrta Osiyo" atamasini anglatadigan Turkiston tabiiygeografik oʻlkasining barcha yerlarini qamrab olmaydi. Chunki, mazkur mintaqa tarkibiga kirgan Shim. Xuroson (Turkmaniston), Yettisuv (Qozogʻiston) va Jan. Tohariston (Afgʻoniston) yerlari hech qanday manbalarda M. tarkibiga kiritilmagan. Shuning uchun, M. atamasining oʻrta asrlarda ishlatilgan eng keng maʼnodagi tushunchasi tarkibiga shartli ravishda faqat Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida joylashgan yerlarni kiritish mumkin.

Ld.: Mahmud Koshgʻariy, Devonu lugʻotit turk (Turkiy soʻzlar devoni, tarjimon va nashrga tayyorlovchi S. M. Mutalli-bov), 3 j.li, T., 1960—1963; Mahmud ibn Vali, More tayn otnositelno doblestey blagorodnix, T., 1977; Kama liddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX— nachala XIII vv., T., 1996.

Shamsiddin Kamoliddinov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil