Katta sovet ensiklopediyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Katta sovet ensiklopediyasi (Большая Советская Энциклопедия, БСЭ) — SSSRda chiqarilgan universal ensiklopedik nashr, jahondagi yirik ensiklopediyalardan biri. Moskvadagi "Sovetskaya ensiklopediya" ("Sovet ensiklopediyasi") nashriyoti tomonidan rus tilida nashr etilgan. 1-nashri 1926—47 y.larda chiqqan; 65 asosiy jild va alohida SSSR jildidan iborat; 65 ming maqolani oʻz ichiga oladi, adadi 50— 80 ming; bosh muharriri — O. Yu. Shmidt (1941 y.gacha). 2-nashri 1950—58 y.larda chiqqan, 50 asosiy jild va 51-qoʻshimcha jilddan iborat; 100 mingga yaqin maqolasi bor, adadi 250—300 ming; 2 jildli alfavitli koʻrsatkichi chiqqan (1960); bosh muharriri — S. I. Vavilov (1951 y.gacha), B. A. Vvedenskiy (1951 y.dan). 3-nashri 1969—78-y.larda chiqqan, 30 jilddan iborat; 100 mingdan ortiq maqolani qamragan, adadi 630 ming; 1 jildli koʻrsatkichi bor (1981); bosh muharriri — A. M. Proxorov (1969 y.dan).

K.S.E. AQSH va Gretsiyada tarjima kilinib, nashr etilgan. U sobiq Ittifoqda ensiklopediya ishining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi (1971—80)ni nashr etishda ham K.S.E. tajribasidan foydalanilgan. 1957—90 y.larda K.S.E. ning Yejegodnigi (yillik toʻplami) chiqarildi (yana q. Ensiklopediya). [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil