Kontent qismiga oʻtish

Sabuktakin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sabuktakin yoki Sübüktegin buvayhiylar sulolasiga xizmat qilgan turkiy qoʻmondon. Uning qudrati shu darajada ediki, buvayhiylar hukmdori Baxtiyor Izz ud-Davlaga ham qarshi chiqqan. Hatto 974-yilda unga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarib, Bagʻdod ustidan nazoratni qoʻlga kiritgan va Iroqdagi buvayhiylar hukmronligini butunlay agʻdarish bilan tahdid qilgan. 974-yil oxirida oʻlimi tufayli karerasi yakunlangan. Uning vorisi Alptakin buvayhiylardan mag‘lubiyatga uchrab, Damashqqa qochib ketgan. Oxir-oqibat Fotimiylar safiga qo‘shilgan.

Sabuktakin turkiy qul boʻlib, Iroqning birinchi buvayhiy hukmdori Muizz ud-Davla (h. 945–967) ozod qilgan va tarixchi Xeribert Bussening soʻzlariga koʻra, uning „oʻng qoʻli“ boʻlgan[1]. Sabuktakin ilk bor 948/9-yilda[2], Saloriylar va Somoniylar tahdidi ostida boʻlgan Raydagi Rukn ud-Davlaga yordamga yuborilgan[3][4]. U yerda oʻz qoʻshinidagi Burarish boshliq Daylamiy kontingentining qoʻzgʻoloniga duch kelgan[5]. Hojib lavozimiga tayinlangan Sabuktakin, birinchi navbatda, turkiy qul askarlariga (gʻilmon, g‘ulom) qo‘mondonlik qilgan. Biroq qo‘shimcha ravishda butun qo‘shinning bosh qo‘mondoni (amir al-jaysh) vazifasini ham bajargan[6]. Katta boylik orttirib, Bag‘dodning Muharrim mahallasida katta saroy qurdirgan[7]. Oʻlimi vaqtida uning 10,000 tuyasi va 4,000 ta attoz kiyimi, shu jumladan 2,000 ta nozik shushari ipaklari va Vizantiya imperiyasining davlat fabrikalaridan 500 ta qimmatbaho buyumlar, boʻlgani maʼlum qilingan[8].

Sabuktakin tartibsizliklarga moyil boʻlgan va buvayhiylarga sodiqligi shubhali boʻlgan buvayhiylar qoʻshinlaridagi hukmron Daylamiylarni muvozanatlash uchun moʻljallangan siyosat yuritgan Muizz ud-Davla yuqori lavozimlarga koʻtargan turkiy sarkardalardan biri edi[9]. Buvayhiylar qoʻshinining ikki asosiy etnik guruhi, erkin tugʻilgan daylamiylar va turk qul askarlari oʻrtasidagi raqobat kuchli boʻlgan[10]. Turklar Abbosiylar davridan beri Iroq armiyasining asosi boʻlgan, ammo buvayhiylar Daylamiy askarlari yordamida hokimiyatga kelgan. Ikkala guruh ham imtiyozlar va daromadlar uchun raqobatlashgan. Bundan tashqari, Daylamiylar shialik tarafdorlari boʻlsa, turklar sunniylikni yoqlashgan[11]. Ayniqsa, Sabuktakin daylamiylar nafratiga uchragan. Muizz ud-Davla va uning vorisi Baxtiyor Izz ud-Davla (h. 967–978) bu ikki guruhni murosaga keltirish va muvozanatni saqlashga harakat qilgan, lekin ko‘p jihatdan behuda boʻlgan[12].

Baxtiyor Izz ud-Davla bilan ziddiyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]
9—10-asrlardagi Iroq xaritasi

Ikki guruh oʻrtasida muvozanatni saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlar qilgan Muizz ud-Davla oʻz vasiyatnomasida Baxtiyorga Sabuktakinni oʻz lavozimida saqlab qolishni aniq tavsiya qilgan[11]. Sabuktakin va Baxtiyor Izz ud-Davla oʻrtasidagi munosabatlar vaqt oʻtishi bilan keskinlashib, yanada yomonlashgan. Bunga sabab Sabuktakinning buvayhiy hukmdor tanlovidan xafa boʻlgani edi[13][14]. 972-yildayoq buvayhiy hukmdori qudratli sarkardasini lavozimidan boʻshatishga harakat qilgan. Oxir-oqibat Sabuktakin oʻz oʻrnini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan[13]. 974-yilda Baxtiyor va Sabuktakin Mosulning Hamdoniy hukmdori Abu Tagʻlibni boʻysundirish uchun Yuqori Mesopotamiyadagi Vizantiyaning soʻnggi yutuqlaridan foydalanish maqsadida shimolga yurish qilishgan[13]. Hamdoniylar Mosulni jangsiz tark etishgan, lekin Bag‘dodga tahdid qilish uchun qo‘shin yuborib, Sabuktakinni poytaxtga qaytib, u yerda Hamdoniylar bilan to‘qnashishga majbur qilgan. Bu vaqtda Baxtiyorning Mosuldagi kuchi kam edi. Tarixchi Miskavayh Sabuktakin hukmdorga yordam berishni atayin kechiktirgan va u Hamdoniylar bilan buvayhiylarni agʻdarish uchun til biriktirgan, deb taxmin qilgan. Bu voqeada Baxtiyor Hamdoniylar bilan murosaga kelib, ularga yon berishga majbur bo‘lgan. Bu Baxtiyor va Sabuktakin o‘rtasidagi kelishmovchilikni yanada chuqurlashtirgan[13][15].

Bu orada Sabuktakin olomon g‘azabini shia buvayhiylar va ularning tarafdorlariga qaratib, xalq orasida keng tarqalgan jihod da’vatlaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalana olgan[16]. Tarixchi Miskavayh taʼkidlaganidek, „ilgari diniy masalalar boʻyicha boʻlgan ikki firqa oʻrtasidagi nizo endi siyosiy tus olgan. Chunki shialar Baxtiyor va Daylamiylar, sunniylar esa Sabuktakin va turklar soʻzlarini qabul qilishgan“[16].

Bu voqealar Sabuktakin va uning goʻyoki xoʻjayini oʻrtasidagi uzilishni muqarrar qilgan. Ibn Baqiyya maslahatiga amal qilgan Baxtiyor Bag‘doddan Vosit va Ahvozga jo‘nab ketgan. Ular turklarning, jumladan Sobuktakinning ham harbiy fiflarini (iqto) musodara qildilar. Turklar oʻrniga Daylamiylarning qoʻllab-quvvatlashiga intilishgan[13]. Nihoyat, 974-yil iyul oyida ikki raqib guruh ochiqchasiga toʻqnash kelgan. Sabuktakin Bagʻdodni oʻz nazoratiga olib, saroyni qisqa muddat qamal qilgandan soʻng buvayhiylar oilasi aʼzolari va Daylamiy askarlarini shahardan quvib chiqargan[17][18]. Sabuktakin Bagʻdodga sunniy politsiya prefektini (sohib ash-shurta) tayinlagan. Yangi amaldor poytaxt shia aholisi orasida terror hukmronligini oʻrnatgan. Buvayhiylar shaharni qoʻlga kiritgandan soʻng, sohib ash-shurta Karxning asosan shialar yashovchi kvartalida omma oldida qatl etilgan[19]. Bu orada Sabuktakin kasal xalifa al-Mutiyni taxtdan tushirib, uning o‘rniga o‘g‘li at-Toiyni tayinlagan[20][21]. Yangi xalifa zudlik bilan Sabuktakinni bosh amir (amir ul-umaro) etib tayinlab[22], unga Nasr ud-Davla sharafli unvonini bergan[23].

Tarixchi Hugh Kennedy taʼkidlaganidek, bir necha oy ichida Sabuktakin Bagʻdodda turk amirligini tashkil qilgan[20]. Sabuktakin dastlab Bag‘dod ustidan hukmronlik qilish bilan kifoyalangan ko‘rinadi. Janubiy Iroqni buvayhiylar ixtiyoriga qo‘yib berishni taklif qilgan, lekin bu, shubhasiz, buvayhiylar uchun nomaqbul va ushbu mavqeni uzoq muddat himoya qilib boʻlmas edi. Chunki bu turklarni shimolda Hamdoniylar, janubda buvayhiylar oʻrtasida qolib ketishiga olib kelar edi[22]. Koʻp oʻtmay, Sabuktakin va uning qoʻshini Vositga yurish uyushtirgan[20].

Baxtiyorning Vositdagi mavqei Erondagi qarindoshlariga yordam so‘rab murojaat qilish orqali saqlanib qolgan. Unga yordam uchun Fors hukmdori Adud ud-Davla yetib kelgan. Qolaversa, Sabuktakin Vosit yo‘lida vafot etgan[20][24][25].

Sabuktakinning oʻrniga boshqa bir gʻulomAlptakin oʻtirgan. U Sabuktakinning qobiliyatiga ega boʻlmagan. Alptakin arab badaviy qabilalari va Hamdoniylar qoʻshilgani uchun ustunlikka erisha olgan buvayhiy qoʻshinlari bilan toʻqnash kelgan[26]. 975-yilning yanvarida Diyala daryosi yaqinida mag‘lubiyatga uchragan Alptakin 300 nafarga yaqin tarafdorlari bilan g‘arbga Damashqqa ko‘chib o‘tgan[27]. Alptakin va uning odamlari Fotimiylar xalifaligi xizmatiga kirishgunga qadar shaharda bir muddat hukmronlik qilishgan[28]. Bagʻdod ustidan buvayhiylar nazorati tiklangan. Biroq boʻlib oʻtgan voqealar bu hududdagi buvayhiy hokimiyatining poydevoriga jiddiy shikast yetkazib, Bagʻdod buvayhiylar davrining keyingi qismida ham davom etgan tanazzul bosqichiga kirgan[20][29].

Sabuktakinning buvayhiylar bilan boʻlgan toʻqnashuvida shialikka qarshi kayfiyatni qoʻllashi ham turklar xalq sifatida Gʻaznaviylar hamda saljuqiylar siyosatini va 11-asrdagi sunniylar uygʻonish davrini targʻib qilib, shialarga qarshi firqa bilan bogʻlanganligining ilk misoli boʻlgan[16].

  1. Busse 2004, s. 36.
  2. Donohue 2003, s. 44 (note 146).
  3. Bosworth 1975, s. 258.
  4. Donohue 2003, s. 36 (note 103).
  5. Donohue 2003, s. 40.
  6. Busse 2004, ss. 258–259, 329.
  7. Busse 2004, ss. 195, 259.
  8. Busse 2004, s. 259.
  9. Donohue 2003, ss. 40–44.
  10. Busse 2004, s. 329.
  11. 11,0 11,1 Bosworth 1975, s. 265.
  12. Busse 2004, ss. 36, 334–335.
  13. 13,0 13,1 13,2 13,3 13,4 Kennedy 2004, s. 223.
  14. Bosworth 1975, ss. 265–266.
  15. Busse 2004, ss. 43.
  16. 16,0 16,1 16,2 Kennedy 2004, s. 228.
  17. Kennedy 2004, ss. 223–224.
  18. Busse 2004, s. 198.
  19. Busse 2004, s. 424.
  20. 20,0 20,1 20,2 20,3 20,4 Kennedy 2004, s. 224.
  21. Busse 2004, ss. 143–144.
  22. 22,0 22,1 Busse 2004, s. 44.
  23. Busse 2004, s. 169.
  24. Busse 2004, ss. 44–45.
  25. Bosworth 1975, ss. 266, 267.
  26. Kennedy 2004, ss. 206, 224.
  27. Kennedy 2004, ss. 205–206, 224.
  28. Kennedy 2004, s. 206.
  29. Busse 2004, ss. 399–400.