Kontent qismiga oʻtish

At-Toiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
at-Toiy billoh
الطائع لله
Xalifa
Moʻminlar amiri

Buvayhiy hukmdor Adud ud-Davlaning xalifa at-Toiy nomi yozilgan oltin dinori
Abbosiylar xalifaligining 24-xalifasi
Saltanat 974-yil 5-avgust — 991-yil 22-noyabr
Oʻtmishdoshi al-Mutiy
Davomchisi al-Qodir
Tugʻilishi tax. 929
Bagʻdod
Vafoti 1003-yil 3-avgust (73-74 yoshda)
Bagʻdod, Iroq
Dafn etilgan joy
Bagʻdod
Turmush oʻrtogʻi Shoh Zanan bint Izz ud-Davla (turmush 977-yilda)[1][2]
Bint 'Adud al-Dawla[1]
Sulola Abbosiy
Otasi al-Mutiy
Onasi Utb
Dini Islom (Sunniylik)

Abu Bakr Abdulkarim ibn al-Faḍl (arabcha: أبو بكر عبد الكريم بن الفضل; 932 — 1003-yil 3-avgust), hukmdorlik nomi at-Toiy lilloh/billoh (arabcha: الطائع لله\بالله) bilan mashhur, 974-yildan 991-yil agʻdarilishiga qadar hokimiyatda qolgan Bagʻdod Abbosiy xalifasi. Iroqda shia buvayhiylar sulolasi hukmronligi davrida lavozimni egallagan va natijada buvayhiy amirlari qoʻl ostidagi kuchsiz hukmdor hisoblanadi. Uning davri raqib buvayhiy hukmdorlar oʻrtasidagi nizolar va Bagʻdodning tez-tez qoʻldan-qoʻlga oʻtishi bilan ajralib turardi. At-Toiyning oʻzi esa otasi al-Mutiyni taxtdan agʻdargan isyonchi turkiy sarkarda Sabuktakin tomonidan taxtga chiqarilgan. Bunday nizolar davrida at-Toiy maʼlum darajada siyosiy mustaqillikka ham erisha olgan boʻlsa-da, kuchliroq hukmdorlar davrida chetlashib qolib, amirlar Izz ud-Davla va Adud ud-Davlaning qizlariga uylanishga majbur boʻlgan. Qonuniylik uchun islomdan oldingi Fors boshqaruv modeliga murojaat qilgan Adud ud-Davla davrida xalifa at-Toiyning maqomi zarar koʻrib, Iroq Forsdan boshqariladigan oddiy viloyat maqomiga tushirilgan. At-Toiy 991-yil 22-noyabrda Baho ud-Davla tomonidan taxtdan agʻdarilib, oʻrniga amakivachchasi al-Qodir tayinlangan. Umrining qolgan qismini xalifalik saroyida oʻtkazib, 1003-yilda vafot etgan.

Abdulkarim (boʻlajak at-Toiy) 929-yil Bagʻdodda Abbosiy shahzodasi al-Fadl (xalifa al-Muqtadir) va kelib chiqishi yunon boʻlgan Utb ismli kanizakdan tugʻilgan[3][4]. Voyaga yetgan at-Toiy chechak bilan kasallangach, koʻzga koʻrinadigan darajada kattalashib ketgan burni zamondoshlarining satira obyektiga aylangan[5].

Otasi 946-yilda Bag‘dodni buvayhiylar sulolasi qo‘lga kiritgach, al-Mutiy nomi bilan taxtga o‘tirgan[6][7]. Buvayhiylarning oʻzlari shialik eʼtiqodini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsalar-da, abbosiy xalifalarni saqlab qolish orqali boshqa musulmon hukmdorlar nazarida oʻz hokimiyatlarining qonuniyligini ta'minlashga qaror qilishgan. Shunday qilib, al-Mutiy amalda Iroqdagi hukmron buvayhiy amirning qoʻgʻirchogʻi boʻlib qolgan[8][9]. Ushbu boʻysunishning ijobiy natijasi xalifa taxtining barqarorligini taʼminlagani edi. Qisqa umr koʻrgan ajdodlaridan farqli oʻlaroq, al-Mutiy hijriy hisobda 29 yil-u toʻrt oy xalifalik qilgan. Yana bir farqli jihati xalifalik uchun juda oz sonli daʼvogar raqiblar bilan kurashishga majbur boʻlgani edi[10].

Taxtga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

974-yil 1-avgustda turkiy sarkarda Sabuktakin Bag‘dod ustidan nazoratni buvayhiy hukmdor Izz ud-Davladan tortib olgan[3]. Toʻntarish sodir boʻlgach, al-Mutiy buvayhiy urugʻining quvgʻin aʼzolari bilan Bagʻdodni tark etgan, lekin Sabuktakin uni majburan qaytarib, oʻz saroyiga qamab qoʻygan[11]. Al-Mutiy sogʻligʻini bahona qilib taxtdan voz kechishga majbur boʻlgach, oʻrniga toʻngʻich oʻgʻli Abu Bakr Abdulkarim 974-yil 5-avgustda (hijriy 363-yil 13-zulqaʼda) at-Toiy lilloh nomi bilan xalifa etib tayinlangan[3][12][13]. Ushbu vorislik 902-yilda al-Muktafiydan keyin taxtning birinchi marta otadan oʻgʻilga oʻtishi edi[14].

At-Toiy ham otasi singari oʻrta asrlar va zamonaviy tarixchilar tomonidan tayinlov guvohnomalari va rasmiy yozishmalardagina ismi qayd etilib, haqiqiy hokimiyatga ega boʻmalgan kuchsiz shaxs deb hisoblangan[4]. Oʻz davridagi koʻplab diniy ziddiyatlarda ham hech qanday rol oʻynamagan ushbu xalifaning faoliyati toʻgʻrisida xalifalik saroy majmuasi tarkibidagi Qodhimiya masjidida tez-tez juma namozi oʻqigani[15] va masjidning asosiy eshiklaridan biri boʻlgan Bob al-hassani qayta qurganidan boshqa narsa maʼlum emas[16]. Tarixchi Xeribert Busse taʼkidlashicha, at-Toiy Bagʻdodda kamida oltita rejim oʻzgarishini oʻz ichiga olgan juda notinch davrda oʻn olti yil davomida lavozimini saqlab qolishga muvaffaq boʻlganini siyosiy ziyraklik va moslashuvchanlik sifatida baholash mumkin[17].

Yangi xalifa zudlik bilan Sabuktakinni Nosir ud-Davla sharafli unvoni bilan bosh amir (amir ul-umaro) etib tayinlagan[12][18]. Ko‘p o‘tmay, Sabuktakin at-Toiy va al-Mutiy hamrohligida Izz ud-Davla va uning amakivachchasi, Fors hukmdori Adud ud-Davla boshchiligidagi buvayhiy qo‘shinlari to‘plangan Vositga yo‘l olgan[3][19]. Sabuktakin yo‘lda vafot etib, o‘rniga boshqa turkiy g‘ulom Alptakin kelgan. Turklar 975-yil yanvarda Diyala daryosi yaqinida magʻlubiyatga uchrab, dastlab shimolga, Tikritga chekingan, soʻngra Suriyaga qochib ketishgan. Buvayhiylar esa Bagʻdodga kirishgan[19][20]. At-Toiyning turklar qo‘l ostidagi mavqei aniq emas. Xalifa Izz ud-Davlaga hokim vazifasida qilgan xatolari va kamchiliklari uchun maktublar yuborgan. Keyingi ommaviy maktublarida esa buvayhiylar laʼnatlagan. Bunda, aftidan buvayhiylar tarafdori boʻlib, taqiyyadan foydalanganini daʼvo qilgan[21]. Shunday qilib, tarixchi John Donohue „xalifalik turk qoʻzgʻolonchilari qoʻl ostida boʻlgan qisqa olti oylik mustaqillik“ haqida yozgan boʻlsa[22], Heribert Busse xalifani deyarli turklarning asiri deya taʼriflab yozgan[23].

Qanday baho berilmasin, at-Toiy tez orada oʻz mavqeini qisman boʻlsa-da tiklashga muvaffaq boʻlgan. Bunga buvayhiylarning oʻzaro janjali va qonuniylikka boʻlgan ehtiyojidan foydalangan holda erishgan. Bagʻdodda Adud ud-Davla amakivachchasini taxtdan agʻdarib, shahar boshqaruvini oʻz zimmasiga olgan. At-Toiy Tikritni tark etib, Bagʻdodga qaytib kelgan. Adud ud-Davla xalifani hurmat bilan qabul qilib, musodara qilingan mulklarini qaytarib bergan (kim musodara qilgani aniq emas. Ehtimol Izz ud-Davla boʻlishi mumkin)[3][22][24]. Uning rasmiy sarmoya uchun at-Toiy bilan amir sifatida maslahatlashgani hamda juma namozida ismi Izz ud-Davla ismidan aytilgani haqida maʼlumotlar bor. Bu voqeada Adud ud-Davla otasi, katta buvayhiy amiri Rukn ud-Davlaning Iroqni tark etib, Izz ud-Davla boshqaruvi ostidagi alohida amirlik boʻlishga ruxsat berish borasidagi bosimiga bosh eggan[25][26].

Izz ud-Davla boshqaruvida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Map of the Middle East with countries and cities shown, and the Buyid domains highlighted in light blue
Buvayhiylar domenlari va Oʻrta Sharqdagi boshqa davlatlar (tax. 970)

Adud ud-Davla ketganidan keyin Izz ud-Davla o‘z rejimini mustahkamlash va amakivachchasining gegemonlik ambitsiyalariga qarshi ittifoqchilar to‘plashga harakat qilgan. Bu sa’y-harakatlar at-To’iyning manfaatlariga ham mos tushib, xalifa va Izz ud-Davlaning vaziri Ibn Boqiyyaning ud-Davla qo’shimchasi boʻlgan bir qator faxriy unvonlar bilan ta’minlanishini qamrab olgan[27].

Rukn ud-Davla 976-yil sentabrida vafot etgach, Adud ud-Davla buvayhiylar saltanatining sharqiy qismini nazorat ostiga olgan. Izz ud-Davla esa Iroqda oʻzini de-fakto mustaqil boʻlib olgan. At-Toiy ikki amakivachcha oʻrtasidagi kelishmovchilikni chuqurlashtirish imkoniyatidan foydalanib, shuhratparast Izz ud-Davlaga yuqori imtiyozlar berib, Adud ud-Davla bilan tenglashtirib qoʻygan. Jumladan, Ibn Boqiyya Izz ud-Davla va xalifaning qo‘shma vaziri etib tayinlangan, Izz ud-Davlaning unvonlari oshirilgan va nihoyat xalifaning o‘zi buvayhiy amirining qiziga uylangan[28]. Rukn ud-Davlaning vorisi sifatida oʻz hokimiyatidan koʻngli toʻlmay, eʼtiroz bildirgan Adud ud-Davla amakivachchasiga qarshi harakat qilgan. Muvaffaqiyatli kechikishdan soʻng, oʻz mustaqilligini namoyish qilish maqsadida at-Toiy Izz ud-Davla Xuzistondagi qarorgohiga borib, u tarafiga oʻtishini bildirgan va Adud ud-Davlaga tinchlik taklifi bilan xat yuborgan. Taklif rad etilib, Adud ud-Davla amakivachchasi ustiga yurish qilgach, oʻz mustaqilligini ramziy daʼvo qilgan xalifa lagerni tark etib, Bagʻdodga qaytib kelgan. Adud ud-Davla 977-yil iyulida Izz ud-Davla ustidan gʻalaba qozonib, 23-dekabrda Bagʻdodga kirgan[29].

Adud ud-Davla boshqaruvida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 Rudainy, Al; Saud, Reem „The Role of Women in the Būyid and Saljūq Periods of the Abbasid Caliphate (339-447/9501055&447-547/1055-1152): The Case of Iraq“. University of Exeter (2015-yil 12-iyun). Qaraldi: 2024-yil 14-aprel.
  2. El-Azhari, T.. Queens, Eunuchs and Concubines in Islamic History, 661-1257, Edinburgh Studies in Classical Islamic History and Culture. Edinburgh University Press, 2019 — 85 bet. ISBN 978-1-4744-2319-9. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Demircan 2010, s. 447.
  4. 4,0 4,1 Zetterstéen & Bosworth 2000, s. 115.
  5. Demircan 2010, s. 448.
  6. Donohue 2003, ss. 13–15, 18.
  7. Busse 2004, ss. 27, 153.
  8. Kennedy 2004, ss. 216, 239.
  9. Donohue 2003, s. 266.
  10. Donohue 2003, ss. 18, 263.
  11. Busse 2004, ss. 143–144.
  12. 12,0 12,1 Donohue 2003, s. 270.
  13. Busse 2004, ss. 44, 143–144.
  14. Busse 2004, s. 153.
  15. Busse 2004, ss. 137–138.
  16. Busse 2004, s. 191.
  17. Busse 2004, ss. 47–48.
  18. Busse 2004, s. 44.
  19. 19,0 19,1 Kennedy 2004, s. 224.
  20. Busse 2004, ss. 44–45, 144.
  21. Donohue 2003, ss. 271–272.
  22. 22,0 22,1 Donohue 2003, s. 271.
  23. Busse 2004, s. 144.
  24. Busse 2004, ss. 48, 144, 151.
  25. Busse 2004, ss. 44–46, 48.
  26. Donohue 2003, s. 273.
  27. Busse 2004, ss. 47–49, 251.
  28. Busse 2004, ss. 49, 51.
  29. Busse 2004, ss. 51–52, 58, 144.