Qoqshol
Qoqshol bemor | |
---|---|
![]() Opisthotonus - orqa va bo'yin mushaklarining tonik qisqarishi, og'ir qoqsholda kuzatiladi. Ser Charlz Bell chizgan surat (1809 yil) | |
KXK-10 | A33-A35 |
KXK-9 | 037, 771.3 |
MedlinePlus | 000615 |
eMedicine | emerg/574 |
Qoqshol (lotincha: Tetanus') — bu asab tizimining shikastlanishi va skelet mushaklarining tonik tirishishi va umumiy talvasalar (судороги) bilan namoyon boʻladigan sapronoz bakterial oʻtkir yuqumli kasallik. Patogenning yuqishi kontakt mexanizm orqali sodir boʻladi.
- Bemor boshqalar uchun yuqumlilik xavfini tugʻdirmaydi. Kasallik oʻchogʻida epidemiologik tadbirlar oʻtkazilmaydi;
- Kasallikdan keyin immunitet rivojlanmaydi;
- Qoqshol infektsiyasidan soʻng tuzalib ketish yangi kasallanishdan himoya qilmaydi;
- Kasallikning rivojlanishi uchun yetarli boʻlgan oz miqdordagi qoqshol toksinlari kerakli antitana titrlarini ishlab chiqarilishini taʻminlay olmaydi. Shuning uchun qoqsholning klinik shakllari boʻlgan barcha bemorlar tashxis qoʻyilgach yoki tiklanishdan keyin darhol qoqshol anatoksini bilan emlanishlari kerak[1].
Etiologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qoqshol qoʻzgʻatuvchisi gram-musbat qoqshol tayoqchasidir (lotincha: Clostridium tetani ) — spora hosil qiluvchi anaerob sanaladi, ya’ni u kislorodsiz muhitda yashaydi. Bu uchlari dumaloq bo’lgan, uzunligi 4-8 mkm va eni 0,3-0,8 mkm, 20 tagacha uzun xivchinga ega bo’lgan harakatchan ingichka tayoqchadir.
Qoqshol qoʻzgʻatuvchisi ubikvitar (hamma joyda yashovchi) toifasiga kiradi, ammo ayni paytda shartli patogen mikroorganizm sanaladi. U odam va hayvonlar ichaklarining normal florasi tarkibiga kirib, u yerda xoʻjayin organizmga zarar yetkazmagan holda yashaydi va koʻpayadi.
Shu sababli qoqshol bakteriyalari bilan yuqori darajada ifloslanish qishloq xoʻjaliklari — inson va hayvon najasi bilan ifloslangan, namlik yetarli darajada boʻlgan bogʻlarda, sabzavot maydonlari, yaylovlar va boshqa joylarda uchraydi.
Bakteriyalar kislorod mavjud boʻlganda va 4 °C dan kam boʻlmagan haroratda spora hosil qiladi. Sporalar tashqi taʻsirlarga chidamli: 90 °C gacha haroratga 2 soat, qaynatilganda 1-3 soat, quruq holatda 150 °C gacha haroratga bardosh bera oladi, shoʻr dengiz suvida 6 oygacha yashaydi.
Kislorod mavjud boʻlmaganda, 37 °C harorat va yetarli namlik sharoitida sporslar beqaror vegetativ shaklga oʻtadi.
Qoʻzgʻatuvchi qoqshol ekzotoksini ishlab chiqarsfi, u bakterial zaharlardan biri boʻlib, kuchi boʻyicha botulinotoksindan keyingi oʻrinda turadi. Toksin isitish, quyosh nuri, ishqorli muhit taʻsirida parchalanib ketadi. Ichak shilliq qavati orqali soʻrilmaydi, shuning uchun yutilganda xavfsiz sanaladi.
Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jarohatlar va qoqshol rivojlanishi o'rtasidagi bog'liqlik Misr, Gretsiya, Hindiston va Xitoyning eng qadimgi sivilizatsiyasi shifokorlari tomonidan qayd etilgan. Birinchi marta ushbu kasallikning klinik ko'rinishi Gippokrat tomonidan tasvirlangan, uning o'g'li qoqsholdan vafot etgan. Ushbu kasallikni o'rganish bilan Kapadokiyadan Galen, Sels, Aretey, Avitsenna, Ambroise Pare va boshqa antik va o'rta asrlarning mashhur shifokorlari shug'ullangan.
Qoqsholni ilmiy o'rganish 19-asrning ikkinchi yarmida boshlangan. Qoqsholning qo'zg'atuvchisi deyarli bir vaqtning o'zida 1883 yilda rus jarrohi N. D. Monastyrskiy va 1884 yilda nemis olimi A. Nikolayer tomonidan topilgan. Mikroorganizmning sof madaniyati 1887 yilda yapon mikrobiologi S. Kitasato tomonidan ajratilgan, u 1890 yilda qoqshol toksinini olgan va nemis bakteriologi E. Bering bilan birgalikda tetanozga qarshi sarum yaratgan. 1923 yilda fransuz immunologi G. Ramon qoqshol anatoksinini oldi, u kasallikning oldini olish uchun ishlatila boshlandi.
Tarqalganligi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qoqshol kasalligi dunyoning barcha mintaqalarida uchraydi, ammo ekvatorga yaqin hududlarda kasallanish darajasi va oʻlim foizi yuqoriroq boʻladi. Qoqshol kasalligi issiq va nam iqlimli boʻlgan mamlakatlarda, dezinfektsiyalash vositalari, profilaktik emlashlar va umuman tibbiy yordam boʻlmagan joylarda, yaʻni Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi qashshoq va rivojlanmagan mamlakatlarda keng tarqalgan. Biroq, rivojlangan mamlakatlarda ham u har yili minglab odamlarning umriga zomin boʻladi.
Fasllar almashinuvi sezilari boʻlmagan mintaqalarda (tropik va subtropiklarda) kasallik yil davomida kuzatiladi, moʻtadil iqlimi mamlakatlarda u mavsumiy xususiyatga ega (kechki bahor — erta kuz oraligʻida).
Kasallikning tarqalganligi (har 100 000 aholi boshiga):
- Rivojlanayotgan mamlakatlarda 10-50 ta holat;
- Majburiy immunizatsiya profilaktikasi boʻlgan mamlakatlarda 0,1-0,6 ta holat.
Qoqshol holatlarining 80 foizi yangi tugʻilgan chaqaloqlarga (kindik orqali infektsiya kirishi), shuningdek, jarohatlanishlar koʻp kuzatiladigan 15 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalarga toʻgʻri keladi. Kattalar orasida qoqshol kasalligining qariyb 60 foizi qariyalarda uchraydi. Kasallanish va oʻlim holatlarining eng koʻp foizi qishloq joylarda kuzatiladi.
Qoqsholda oʻlim darajasi juda yuqori (faqat quturish va oʻpka oʻlatida bundan yuqoriroqdir). Zamonaviy davolash usullari qoʻllanilganda bemorlarning 17-25% vafot etadi, hozirgi paytda bu koʻrsatkichni pnevmoniya, sepsis va bakterial toksin tufayli yurak-falaj kabi asoratlar rivojlanishi sababli kamaytirishning iloji yoq. Profilaktik emlashlar va malakali tibbiy yordam mavjud boʻlmagan hududlarda oʻlim darajasi qariyb 80% ni tashkil qiladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda oʻlim darajasi 95% ga yetadi.
2010-yilda dunyoda ushbu kasallik tufayli 61 000 ga yaqin oʻlim holati qayd etilgan. Ammo, qayd qilinmagan holatlar va kasallikning sezilarli ifodalanmagan shakllari (ayniqsa, yangi tugʻilgan chaqaloqlarda) ehtimolligini hisobga olgan holda, dunyoda qoqsholdan umumiy yoʻqotishlar soni yiliga 350-400 ming kishini tashkil qilishi mumkin.
Yuqish yoʻllari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qoʻzgʻatuvchi faqat tirik organizmning kisloroddan mahrum boʻlgan toʻqimalariga kirganda patogen xususiyatini namoyon qiladi. Ayniqsa sanchuvchi yoki chuqur choʻntaklarga ega jarohatlarda anaerobioz sharoiti hosil boʻlishi tufayli katta xavf tugʻdiradi.
Qoqshol qo'zg'atuvchisining tushish joyiga qarab jarohatdan, infeksiyadan, kuyishdan, elektrdan shikastlanishdan, sovqotishdan va operatsiyadan so'ng; bachadon va tug'ruq yo'llari shilliq qavatidan boshlanishiga qarab, chaqaloqlar qoqsholi, tuqqandan so'nggi qoqshol farqlanadi. Chala homilani tashlaganda ham ushbu kasallik paydo bo'lishi mumkin[2].
Taʻsir qilish mexanizmi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qoʻzgʻatuvchi qulay muhitga tushganda faol koʻpayishni va qoqshol toksinini ajratishni boshlaydi. Toksin periferik asab tizimining harakatlantiruvchi tolalari va qon oqimi orqali orqa, uzunchoq miyaga va miya poyasining retikulyar shakllanishiga kirib boradi.
Qoqshol toksini ikki turdagi modda saqlaydi:
- Tetanospazmin asab tizimiga taʻsir qilib, koʻndalang-targʻil mushaklarning tonik tirishishlarini chaqiradi;
- Tetanogemolizin qondagi eritrositlarning gemoliziga olib keladi.
Mushaklarning rigidligi (tarangligi) shikastlangan oyoq-qoʻldan qarama-qarshi tomondagisiga, keyin gavda, boʻyin, boshga tarqaladi, soʻngra talvasalar paydo boʻladi. Nafas olish aʻzolari va yurak mushaklarining falajlanishi sodir boʻlishi mumkin.
Tasnifi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kasallikning tarqalish formalari quyidagilardir:
A. Umumiy (tarqalgan): 1. Birlamchi. 2. Pastga tushuvchi. 3. Yuqoriga ko'tariluvchi (tirishish jarohatdan yuqoriga tarqaladi). Trizm belgisi paydo bo'ladi.
B. Mahalliy (cheklangan): 1. Qo'l va oyoq. 2. Bosh (t. Cephaliens) miya nervlariga ta'sir qilib, mushaklarni shikastlantiradi. IX-XI juft nervlar shikastlansa tam bilish yo'qoladi, og'ir hollarda halqum mushaklari tirishib, tovush yo'lini (asfikatsiya) qisadi. Ba'zida klinik manzarasi qutirishni eslatadi, shuning uchun bu kasallik «tetanus hydrophobieus» ham deyiladi.
3. Tana qoqsholi (ichki organlar ham kiradi). 4. Cheklangan (qo'l, tana va b.) Mahalliy qoqshol cheklangan mushaklar ta'sirida jarohat atrofida ro'yobga keladi, klinik manzarasi yengil bo'ladi. Bu formasida tetanotoksin chala to'plangan boiib, uning asosiy qismi orqa miyaning ma'lum segmentida joylashgan bo'ladi. Shuning uchun tanada lokal
sindrom yuzaga keladi.
Klinik forma to'rt bosqichda kechadi:
1.0'tkir (t. Vehemens).
2.Surunkali (t.lentus).
3. Klinik belgilari yorqin (t. Completus).
4.Klinik belgilari noaniq (t. Incompletus).
Shuningdek, yengil, o'rtacha va og'ir, yashin tezligidagi formalari ham farqlanadi
Klinik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshlanishida bosh og'rig'i, charchoq, uyqusirash belgilari namoyon bo'lib, bemor terlaydi va jarohat atrofida og'riq paydo bo'ladi. Tonik va klonik tirishishlar paydo bo'lishi asosiy belgilardan bo'lib, chaynash mushaklari charchab trizm yuzaga keltiradi. Bu esa og'izni ochishni qiyinlashtiradi. Mimik mushaklar tirishib, yuzda o'ziga xos «sardonik kulgi» («risus sardoncus») istehzoli kulish (1-rasm) paydo bo'ladi. Tirishish o'qtin-o'qtin bo'lganligi uchun bemorni charchatadi, yengil yelvizak, tovush ham yangi tirishish holatini keltirib chiqarishi mumkin. Agar tirishish halqum va nafas mushaklarida bo'lsa, asfiksiyaga olib keladi, yengil hollarda esa o'pka ventilyatsiyasini buzib, zotiljamga sharoit yaratadi. Harorat 42°C ga ko'tariladi, tomir urishi 120 dan oshishi mumkin. Yashin tezligidagi qoqshol 1-2 kunda o'limga olib kelishi mumkin. Qoqshol yaxshi kechganda belgilari asta-sekin kamayib bemor 14-60 kunda tuzaladi. Shuningdek, kasallikning kechki residiv formalari ham qayd qilingan.
Qoqshol alomatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Umumiy (yalpi) qoqshol
Kasallikning 4 davri farqlanadi: inkubatsion, boshlangʻich, avj va tiklanish.
Inkubatsion davr[tahrir | manbasini tahrirlash]
Odatda 8 kunni tashkil etadi, baʻzida bir necha oygacha davom etishi mumkin. Jarayonning umumiy shaklga oʻtishida infektsiya oʻchogʻi markaziy asab tizimidan qancha uzoq joylashgan boʻlsa, inkubatsion davr shuncha uzoqqa choʻziladi.
Chaqaloqlar qoqsholining inkubatsion davri oʻrtacha 5-14 kun, baʻzan bir necha soatdan 7 kungacha davom etadi.
Kasallikka bosh ogʻrigʻi, asabiylashish, terlash va jarohat sohasidagi mushaklarning tortishib turishi hamrohlik qilishi mumkin. Bevosita kasallik boshlanishidan oldin titroq, uyqusizlik, esnash, yutinish paytida tomoq ogʻrigʻi, bel ogʻrigʻi, ishtahaning pasayishi qayd etiladi. Shuningdek inkubatsion davr hech bir klinik belgilarsiz kechishi ham mumkin.
Boshlangʻich davr[tahrir | manbasini tahrirlash]
2 kungacha davom etadi. Eng dastlabki alomat — bu infektsiya kirish joyida tortuvchi ogʻriqlar paydo boʻlishi, bu vaqtgacha yaraning toʻliq tuzalib ketishi kuzatilishi ham mumkin. Deyarli bir vaqtning oʻzida yoki 1-2 kundan keyin trizm — ogʻizni ochishni qiyinlashtiradigan chaynov mushaklarining tirishib qolishi va talvasali qisqarish paydo boʻladi. Ogʻir holatlarda tishlar qattiq jipslashadi va ogʻizni ochib boʻlmaydi.
Kasallikning avj olish davri[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻrtacha 8-12 kun, ogʻir holatlarda 2-3 haftagacha davom etadi. Uning davomiyligi shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilish, oʻz vaqtida davolashning boshlanishi, bemor kasallanishdan oldin vaktsina olinganligiga bogʻliq.
Chaynov mushaklarning tonik qisqarishi (trizm) va yuz mushaklarining spazmlari paydo boʻladi, natijada bemorda sardonik tabassum paydo boʻladi: qoshlar koʻtarilgan, ogʻiz burchaklari ikki tomonga choʻzilgan va pastga egilgan, yuz bir vaqtning oʻzida tabassum va yigʻi holatini ifodalaydi. Shundan soʻng orqa va oyoq-qoʻl mushaklari jalb qilingan holda klinik tasvir namoyon boʻla boshlaydi («opistotonus»).
Halqum mushaklarining spazmlari tufayli yutinishda qiyinchilik seziladi va ensa mushaklarining rigidligi (tortilishi) kuzatiladi. Rigidlik pastga qarab tarqaladi, boʻyin, orqa, qorin va oyoq-qoʻl mushaklarini qamrab oladi. Qorin, oyoq-qoʻllarning mushaklari taranglashib, taxta kabi qattiqlashib qoladi. Baʻzida kaft va oyoq panjasidan tashqari butun tananing rigidligi qayd qilinadi.
Ogʻriqli spazmlar dastlab cheklangan boʻlib, keyin bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha davom etadi hamda katta mushak guruhlariga tarqaladi. Yengil holatlarda talvasalar kuniga bir necha marta sodir boʻladi, ogʻir holatlarda ular deyarli doimiy ravishda davom etib turadi.
Talvasa oʻz-oʻzidan yoki biron tashqi taʻsir (teginish, yorugʻlik, ovoz) tufayli yuzaga keladi. Bu paytda bemorning yuzi yirik ter tomchilar bilan qoplanadi, shishadi, koʻkaradi, iztirob va ogʻriq ifodasini oladi. Muayyan mushak guruhining tortishishiga qarab, bemorning tanasi eng gʻalati holatlarga kirishi mumkin. Bemor toʻshakda yoysimon holatga kirib, yerga faqat tovon va ensasi bilan tayanadi (opistotonus). Barcha mushaklar shu qadar taranglashadiki, ularning konturlarini koʻrish mumkin boʻlib qoladi. Oyoqlari tor kabi choʻzilgan, qoʻllar tirsak qismida egilgan, mushtlar yopilgan boʻladi.
Baʻzi bemorlar qorinda yotishni afzal koʻradi, biroq ularning oyoqlari, qoʻllari va boshi toʻshakka tegmaydi. Bemor qoʻrquvni boshdan kechiradi, tishlarini gʻichirlatadi, qichqiradi va ogʻriqdan nola qiladi. Talvasalar orasidagi davrda mushaklarning boʻshashishi sodir boʻlmaydi. Hush odatda saqlanib turadi. Bemorlar juda kuchli terlaydi. Turgʻun uyqusizlik paydo boʻladi. Apnoe, sianoz, asfiksiya kuzatiladi.
Mushaklarning spazmi nafas olish, yutinish, defekatsiya va peshob chiqarish, qon aylanishining buzilishi va ichki organlarda dimlanishlar rivojlanishiga, metabolizmning keskin oshishi va yurak faoliyatining yomonlashishiga yoki toʻliq toʻxtashiga olib keladi. Harorat 41-42 °C gacha koʻtarilishi mumkin.
Oʻlim sabablari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻlimning eng koʻp uchraydigan sababi nafas olish mushaklari spazmi tufayli boʻgʻilish, ikkinchi oʻrinda yurak falajligi sanaladi. Baʻzi hollarda, oʻlim sababi qoqsholdan keyin asorat sifatida rivojlanadigan miokard infarkti, pnevmoniya, sepsis, oʻpka arteriyasi emboliyasi va boshqa kasalliklar tufayli sodir boʻlishi mumkin.
- Brunner bosh qoqsholi yoki bulbar qoqshol — kasallikning eng ogʻir shakli boʻlib, bunda kasallik orqa miyaning yuqori qismlari va uzunchoq miyaga taʻsir qiladi. Bu shakl umumiy qoqsholning eng ogʻir klinik koʻrinishlari bilan ifodalanadi. Qoida tariqasida, bosh yoki boʻyin jarohatlari natijasida rivojlanadi.
- Mahalliy qoqshol kam uchraydi, asosan ilgari emlangan odamlarda qayd qilinadi. Bu shakl butun organizmga taʻsir qilmaydigan mahalliy falajliklar bilan tavsiflanadi. Kasallik jarohat joyida mushaklarning tortilishi va spazmlari, haroratning biroz koʻtarilishi, umumiy talvasalar yoʻqligi bilan tavsiflanadi. Koʻpincha umumiy (yalpi) qoqshol shakliga oʻtadi.
- Roze bosh qoqsholi. Mahalliy qoqsholning bir turi, bosh va boʻyinning shikastlanishida yuzaga keladi. Asosan jarohat tomonidagi yuz nervining falajlanishi bilan namoyon boʻladi. Umumiy qoqshol yoki Brunner bosh qoqsholiga oʻtishi mumkin.
- Yangi tugʻilgan chaqaloqlar faqat umumiy qoqshol bilan ogʻriydi.
Davolash[3][tahrir | manbasini tahrirlash]
Kompleks davolash usuli quyidagi maqsadni o'z ichiga oladi:
1. Qoqshol toksini miqdorini kamaytirish va uni neytrallash.
2. Tonik va klonik tirishishlarni kamaytirish, ularni yo'qotish.
3. Bemorning umumiy ahvolini, yurak o'pka faoliyatini yaxshilash.
4. Ikkilamchi asoratlar (zotiljam, sepsis va b.)ning oldini olish.
Agar qoqshol tashxisi qo'yilsa, 10 foiz 10 ml tiopental-natriy yoki boshqa umumiy og'riqsizlantirish yo'li bilan quyidagilarni bajarish yaxshi natija beradi:
1. Jarohatni xirurgik ishlash.
2. 100000-150000 AB qoqsholga qarshi zardobni mushak ichiga yuborish va 20-30 ml 25 foiz magneziy sulfat qo'llash. Chaqaloqlarga - 10000-20000 AB, o'smirlarga - 20000-80000 AB miqdor belgilangan. Zardob yuborishdan oldin albatta uni qizitish kerak. Bir kursga 200000- 300000 AB zardob lozim bo'ladi. Og'ir hollarda zardobni tomir ichiga,
endolyumbal yoki suboksipital yuborish mumkin.
3. Narkotik va neyroleptiklar, mushak relaksantlari qilinadi. Tirishishga qarshi diazepam tomir ichiga 10-15 ml (kuniga 150-200 ml) geksenal ishlatiladi. Aminazin sedativ ta'sirga ega bo'lib, hushni butunlay yo'qotmaydi, antigistamin, gangliobloqator sifatida tirishishga qarshi yaxshi natija beradi (25 foiz eritmasi 4 ml 4-5 marta kuniga). Shuningdek,
resimon modda kondelfin (0,1 g 6-8 marta kuniga), diplatsin moddalari qilinadi. Nafas sistemasida og'ir o'zgarishlar sezilsa, mushak relaksantlari yordamida (tubokkrarin) sun'iy nafas oldirish uskunasiga ulanib, bemorda sun'iy ventilyatsiya o'tkaziladi.
4. Yurak faoliyatini yaxshilovchrdori-darmonlar kamfora, kordiamin, korglyukon, glyukozaning 40 foizli eritmasi yuboriladi.
5. Infeksiyaning oldini olish tadbirlari (antibiotiklar, sulfanilamidlar va b.) qunt bilan bajarilishi lozim.
Bemor qorong'ilashtirilgan, shovqindan uzoq xonaga yotqiziladi, zond bilan ovqatlantiriladi, ho'qna qilinadi, qovug'ini kateterizatsiya qilish rezina naylar bilan amalga oshiriladi.
Qoqsholdan o'lim hozirgi vaqtda ham 70-100 foizni tashkil etmoqda, uning oldini olish va muvaffaqiyatli davolash esa erta tashxis qo'yishga bog'liq
Asoratlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kasallikning avj olish davrida mushaklarning spazmlari va dimlanishlar fonida bronxit, pnevmoniya, miokard infarkti, sepsis, suyak va umurtqa pogʻonalarining avtomatik sinishi, boʻgʻimlarda turli chiqishlar, mushak va paylarning uzilishi, mushaklarni suyaklardan ajralishi, venoz tromboz, oʻpka emboliyasi, oʻpka shishi kuzatilishi mumkin. Kech muddatlarda kuzatiladigan asoratlar orasida zaiflik, taxikardiya, umurtqa deformatsiyasi, mushak va boʻgim kontrakturalari, kalla nervlarining vaqtinchalik falajligi ajratiladi. Umurtqaning kompression deformatsiyasi 2 yilgacha saqlanib turishi mumkin. Sogʻaygach kishi faqat 2 oydan keyin ishga kirishishi mumkin. Kamida 2 yil davomida u nevrolog kuzatuvida boʻlishi talab etiladi. Kamdan-kam hollarda nomaʻlum sabablarga koʻra kasallikning qaytalanishi uchraydi.
Oldini olish[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kasallikning oldini olish uch yoʻnalishda amalga oshiriladi:
- Jarohatlarning oldini olish va aholi orasida sanitariya-targʻibot ishlarini olib borish.
- Emlash taqvimiga binoan 3 oydan 17 yoshgacha boʻlgan barcha bolalarga qoqsholga qarshi vaktsinani kiritish orqali profilaktika. Kattalarda har 10 yilda bir marta qayta vaktsinatsiya oʻtkaziladi.
- Quyidagi hollarda emlangan va emlanmagan shaxslarga shoshilinch profilaktika qoʻllash:
- Teri va shilliq qavatlarning yaxlitligi buzilgan holdagi shikastlanish va jarohatlar.
- Oshqozon-ichak traktining yaralari va operatsiyalarida.
- II-IV darajadagi kuyish va muzlashlarda.
- Tibbiy muassasalardan tashqarida tugʻruq va abortlarda.
- Gangrena yoki toʻqima nekrozlari, uzoq davom etadigan abstsess, karbunkul, oshqozon yarasi, yotoq yaralarda.
- Hayvon tishlashlarida.
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ „med360.uz/qoqshol kasalligi“.
- ↑ Oripov O.. Umumiy xirurgiya 440-bet. Yangi asr avlodi, 2008.
- ↑ Oripov O.. Umumiy xirurgiya 441-bet. Yangi asr avlodi 2008.