Kontent qismiga oʻtish

Kuyish

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kuyish (tibbiyotda) — yuqori harorat, kimyoviy moddalar (ishqor, kislota, ogʻir metallarning tuzlari va boshqalar), elektr toki va radioaktiv nurlar taʼsirida toʻqimalarning shikastlanishi. Shunga koʻra, termik kuyish, kimyoviy moddalar va nurlar taʼsirida kuyish farq qilinadi. Turmush va ishlab chiqarishda yuqori harorat taʼsirida kuyish, yaʼni termik kuyish koʻproq uchraydi.

Toʻqimalarning zararlanishiga qarab kuyishning 4 darajasi farqlanadi: I darajada — teri qizarib, bir oz shishadi, 4—5 kundan soʻng tuzala boshlaydi. II darajada — qizargan teri yuzasida tiniq, sargʻish, suyuqlik bilan toʻla pufakchalar paydo boʻladi, ular yorilganda terining yuza qavati ochilib, ogʻrib turadi. Yaraga infeksiya tushmasa, 10—15 kunda chandiqsiz tuzaladi. III darajada — terining hamma qavati shikastlanadi, oʻladi (teri usti qorayib ketadi — nekroz). IV darajada — teri va teri osti toʻqimalari (pay, muskullar va hatto suyaklar) kuyib koʻmirga aylanadi. Odatda, kuygan joy juda sekin tuzaladi, koʻpincha oʻsha joyda chuqur chandiqlar paydo boʻladi. Ayniqsa, kishi yuzidagi chandiqlar husnni buzadi, estetik noqulaylik tugʻdiradi. Boʻyin va boʻgʻim atrofidagi chandiqlar (ogʻir turlari) ular harakatini cheklab qoʻyishi mumkin (kontraktura).

Kuyishning ogʻir-yengilligi faqat kuyish darajasiga qarab emas, balki qancha joy kuyganligiga, yaʼni shikastlangan kishining butun gavda yuzasiga qarab (% hisobida) aniqlanadi.

Birinchi yordam

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuyishda beriladigan birinchi yordam tutayotgan, yongan yoki kimyoviy moddalar toʻkilgan kiyimni yechib yoki qirqib olish, kuygan joyga aseptik bogʻlov qoʻyishdan iborat. Kam darajadagi kuyishlarda sovuq suvda yuvib turish yetarli boʻladi. I darajali kuyishda kuygan joyga 79° li spirt, aroq, odekolon, margansovkaning nimrang, suvli eritmasi surtiladi. Tananing koʻp qismi kuyganda bemorni tezlik bilan davolash muassasasiga olib borish kerak. Birinchi yordam koʻrsatishda kuygan joydagi pufakchalarni yorish, har xil malhamlar qoʻyish, xususan, turli matolar bogʻlash yaramaydi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil