Davlat bayrogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Davlat bayrogʻi — davlatning asosiy ramzlaridan biri: rasmiy, boshqa davlatlardan farqlovchi belgisi, emblemasi. Davlat bayrogʻining tasviri maxsus qonun yoki konstitutsiya bilan belgilanadi. Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. U gerb yoki boshqa emblema tasvirlangan bir yoki koʻp rangli alvondan iborat boʻladi (jahondagi davlatlar bayroqlari tasviri haqida tegishli maqolalarga qarang). Davlat bayrogʻi davlat muassasalari, elchixonalar, konsulliklar, vakolatxonalar, bojxonalar va hokazolar binolarida koʻtariladi. Milliy bayramlar kunlari elchixonalar, vakolatxonalar, konsulliklar oʻz mamlakati bayrogʻini koʻtaradi. Davlat bayrogʻi, shuningdek, marosimlar paytida, xalqaro sport sovrinlari topshirilayotganda va boshqa xollarda ham koʻtariladi.

Oʻzbekistan Respublikasi Davlat bayrogʻining sxematik va rangli tasviri „Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida“gi qonun (1991-yil 18 noyabr)da tasdiqlangan. Oʻzbekistan Respublikasi Davlat bayrogʻi bayroqning butun uzunligi boʻylab toʻq moviy rang , oq rang va toʻq yashil rangli uchta endan tashkil topgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodir. Bayroqning yuqori qismida yarim oy va 12 yulduz tasviri tushirilgan. Bayroqning uzunligi 250 sm, kengligi 125 sm ga teng (155-betdagi tasvirga qarang). Oʻzbekistan Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro maydonda; OʻzR rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon koʻrgazmalarida, sport musobaqalarida OʻzRning timsoli boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi va uni koʻtarish bilan bogʻliq tartib-qoidalar yuqoridagi qonunda belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi doimiy suratda, jumladan, mamlakat Prezidenti, Oliy Majlis, Oʻzbekiston hukumati, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, hokimliklar ish olib borayotgan binolarda, Oʻzbekistonning rasmiy delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlarda, bayram kunlari — vazirliklar, davlat qumitalari va muassasalari, korxonalar va tashkilotlar binolari, shuningdek, uy-joy binolarida koʻtariladi.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil