Qashqadaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qashqadaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining tashqi koʻrinishi

Qashqadaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi — madaniy-maʼrifiy muassasa boʻlib Qashqadaryo viloyatining madaniy hayoti, hududning oʻziga xos boʻlgan tarixi va madaniy hayotiga oid boʻlgan 38 mingdan ziyod eksponatlar mavjud.

Qashqadaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining ichki koʻrinishi

Tarixi. Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi 1909-yilda qurilgan Xoʻja Abdulaziz madrasasida 1975-yildan 2007-yilga qadar faoliyat koʻrsatib kelgan. Dastlabki davrda 3 ta boʻlim: „Inqilobgacha boʻlgan davr“, „Inqilobdan keyingi davr“ hamda „Tabiat boʻlimlari“ faoliyat koʻrsatgan. 1992-yil „Inqilobgacha“ va „Inqilobdan keyingi davr“ boʻlimlari „Tarix“ boʻlimiga aylantirildi. Shu yildan, „Xalq amaliy sanʼati“ boʻlimi, 1995-yil Qarshidagi „Shuhrat“ qoʻrgʻonida „Mehnat va shon-shuhrat“ boʻlimlari tashkil etildi. Mazkur boʻlim 2003-yildan „Xotira va qadriyat“ boʻlimi sifatida qayd etib kelinmoqda. 2004-yil 24-sentabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 452-sonli  Qarshi shahrining 2700 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaroriga asosan Qashqadaryo viloyati oʻlkani oʻrganish  muzeyi faoliyat koʻrsatib kelgan Xoʻja Abdulaziz madrasasi ham qayta taʼmirlash dasturiga kiritilgan boʻlib, taʼmirlash ishlari olib borildi. Muzeyning barcha eksponatlari madrasa yonidagi binoga, yaʼni fondga joylashtirildi. 2005-yil mart oyida M.Toshmuhammedov nomli  viloyat musiqali drama teatrining ikkinchi qavatidagi foyyesida ekspozitsiya-yaʼni muzey koʻrgazmasi tashkil etildi. 2005-yil mart-iyul oylarida Qarshi shahridagi „Odina“ jomeʼ masjidini tiklash davrida 50 dan ortiq qadimgi osori-atiqalar, arxeologik topilmalar, turli koshinlar, naqshlar, XIV asrga oid tut daraxtidan yasalgan eshik mazkur yodgorlikni taʼmirlash jarayonida olib borilgan arxeologik ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida qoʻlga kiritildi. Muzey 2007-yil 23-fevraldan boshlab A. Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi hududida joylashgan yangi binoda oʻz faoliyatiini davom ettirdi. Unda Qarshi shahrining  2700 yilligiga bagʻishlangan koʻrgazma „Xalkaro oʻzbek-grek madaniyati koʻmaklari“ jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Bugungi kunda muzeyda 3 ta boʻlim „Tarix“, „Xalq amaliy sanʼati“ va „Ilmiy maʼrifiy“ boʻlimlari mavjud. Muzey fondida 38 mingdan ortiq rang tasvir, grafika, haykaltaroshlik, numizmatika, arxeologiya, xalq amaliy sanʼati, suratlar, hujjatlar, maishiy va etnografiya buyumlari mavjud. 2004-yil  Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi bisotida toʻplangan qoʻlyozma kitoblar asosida Rim shahrida fransuz tilida yozilgan „Qashqadaryo viloyati oʻlkani oʻrganish muzeyidagi sharq qoʻlyozmalarning katalogi“ chop etildi. Katalogda mualliflar yurtimiz tarixi va madaniyatiga doir ellikdan ortiq qoʻlyozmalar tavsifini keltirish bilan birga ilmiy-maʼrifiy ahamiyatga molik muhim masalalarni ham amalga oshirganlar.

Bundan tashqari, muzey fondida polyak rassomi Apelbaumning yuzdan ortiq noyob kartinalari kolleksiyasi mavjud. Kartinalar akvarel va moyboʻyoqda ishlangan boʻlib, unda 1947-1957-yillar davomida rassom tomonidan yaratilgan ijod namunalarini oʻrin olgan. Rassom  yuqorida koʻrsatib oʻtilgan davrlarda Qashqadaryo va Shahrisabz vohasidagi meʼmoriy obidalar, ularning elementlari, dekorativ shakllari, ishlaridan namunalar, amaliy buyumlarini sanʼat darajasida ishlangan shakllariin oʻz kartinalarida aks ettirgan.

Xalq amaliy sanʼati buyumlari koleksiyasiga: ayollar taqinchogʻi „manglaydoʻzi“ (XIX asr oxirlari) kumush va aqiqdan zanjirsimon toblab ishlangan. Mis choynak (XIX asr oxirlari) kandakori oʻyma boʻrtma usulida ishlangan. Bilak uzuk Qoraqalpoq taqinchogʻi (XIX asr) har birida toʻqqiz donadan aqiq toshi boʻlib, kumush va aqiqdan qoliplash, qadama usullarida ishlangan. Kumushdan ishlangan ayollarning uzuk va halqalari XIX asr oxiri XX asr boshlariga mansub. Ikona: Iso paygʻambar (Iisus Xristos) (XVIII asr) Rossiyaning Primorye oʻlkasiga taalluqli boʻlib, jez(latun)dan quyma, qoliplash, kandakori usulida ishlangan. Qoʻqon va Buxoroda ishlangan mis choyidishlar (XIX asr) misdan urib toblash, kandakori usulida ishlangan. Buxoroda ishlangan mis kosalar va piyolalar (XIX asr) mis, urib toblash, qoʻyma kandakori usulida ishlangan. Qarshi shahridagi Hoja Ubaydullox Jarrox ziyoratgoxining darvozasi eshigi (XVIII asr)ning zulpi va zanjiri (XX asr boshlari) mis, quyma qoliplash oʻyma usulida ishlangan. Qashqadaryo voxasida qadimdan kulolchilik maktablari rivojlanib kelgan. Muzeyda Kitob kulolchilik maktabi ustalarining XX asrning 50-60 yillarda ishlagan kulolchilik buyumlari namunalari ham oʻrin olgan. Ayollarning qoʻlda toʻqilgan shoyi, adras, olachadan tikilgan kaltachalari va koʻylaklari (XIX asr oxiri XX asr boshlari). Qashqadaryoning Shahrisabz va Kitob tumanlarida iroqi usulida qoʻlda tikilgan erkaklar va ayollar doʻppilari, qopchiq (koshelyok)lar, ularning tanvor (zagatovka)lari, oyoq kiyimlar tanvorlari XX asrning 20-70 yillariga taʼluqlidir.

   Muzeyning numizmatika boʻlimida kumush, mis tangalar, qogʻoz pullar hamda orden-medallar mavjud. Mis tangalar millodning VI asridan millodning XV asrlariga qadar boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan. Shular jumlasiga millodning VI asriga oid boʻlgan noyob mis tangani keltirib oʻtish mumkin. Mis tangada Nasaf shahri hukmdorining tasviri tushirilgan boʻlib, bunda biz milodnig VI asrlaridagi davlat boshqaruvi tuzimi va hukmdori toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishimiz mumkin.