Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi
Turi davlat boshqaruv organi
Maqomi amalda
Ishga tushgan sanasi 1991
Joylashuvi Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 1-uy
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva
Prezident yordamchisi Aziz Magʻrupov
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov
Vebsayti president.uz
Map

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi – Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining axborot-tahlil va tashkiliy-nazorat organi hisoblanadi[1]. Devon Prezident tomonidan shakllantiriladi, unga boʻysunadi va bevosita unga hisobdor. Devon oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, sud hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.

Devonning asosiy vazifalari

Oʻzbekiston Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlaydi. Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari soʻzsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratadi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan kadrlarga oid davlat siyosatini, davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini taʼminlaydi. Davlatning ichki va tashqi siyosati asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetini muhofaza qilish, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamjihat ishlashini taʼminlaydi. Qonuniylik va huquq-tartibot, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini taʼminlaydi. Nodavlat-notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi, ularga oʻz ustavlarida belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirishlariga teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilishi kafolatlarini taʼminlaydi. Fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish borasida hamkorlik qiladi. Davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati hamda tendensiyasini tahlil qilish, uning natijalari boʻyicha samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosatini oʻtkazish, ilm-fanni, madaniyatni, taʼlimni, sogʻliqni saqlashni, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi. Prezident huzuridagi tuzilmalarning, uning vakolatlarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi maslahat va kengash organlarining faoliyatini tashkil etadi. Prezident faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy hamda protokol jihatidan taʼminlaydi. Oʻzbekiston Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini tashkil etadi va ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi[2].

Devon tuzilmasi

Devon rahbariyati

Saida Mirziyoyeva – Prezident yordamchisi;
Aziz Magʻrupov – Prezident yordamchisi;
Alisherbek Paygʻamov – Prezident Administratsiyasi tashqi aloqalar departamenti rahbari;
Sherzod Asadov – Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari – Prezident matbuot kotibi;
Gʻofurjon Mirzayev – Prezidentning davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Ravshan Gʻulomov – Prezidentning iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Alisher Sultonov – Prezidentning energetik xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Shuhrat Gʻaniyev – Prezidentning qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi;
Muzaffar Komilov – Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Prezident Administratsiyasi axborot siyosati departamenti rahbari — maʼlum emas (Komil Allamjonov lavozimidan ozod etilganidan keyin[3] kim qoʻyilgani maʼlum emas);
Doniyor Qodirov – Prezidentning islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Odil Abdurahmonov – Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Tursinxon Xudayberganov – Prezidentning Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Bekzod Mavlonov – Prezidentning huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi;
Ruslanbek Davletov — Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalar boʻyicha maslahatchisi;
Sardor Umrzoqov – Prezidentning maxsus topshiriqlar boʻyicha maslahatchisi;
Baxtiyor Gʻulomov – Prezidentning maxsus topshiriqlar boʻyicha masʼul vakili;
Nodirjon Abdurahimov – Rejalashtirish va axborot taʼminoti departamenti rahbari;
Oʻtkirjon Qodirov – Tahliliy materiallar tayyorlash va hududlar bilan hamkorlik departamenti rahbari;
Ulugʻbek Qurbonov – Prezident protokoli boshqarmasi boshligʻi;
Saidlaziz Saidkarimov – Nazorat inspeksiyasi rahbari[4];
Zelimxon Haydarov – Prezident Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamenti rahbari;
Viktor Mahmudov – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi;
Eldor Aripov – Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori;
Adiz Boboyev – Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi;
Adham Bekmurodov – Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori[4][5][6].

Devon strukturasi

Davlat xizmati va kadrlar zaxirasi xizmati
Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati
Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari xizmati
Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati
Ommaviy axborot vositalari, maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat, sanʼat va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish xizmati
Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmati
Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati
Energetik xavfsizlik masalalari xizmati
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalalari xizmati
Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari xizmati
Xavfsizlik kengashi apparati
Ijro etuvchi apparat
Ishlar boshqarmasi
Tashqi aloqalar departamenti
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
Davlat boshqaruvi akademiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi
Matbuot xizmati

Devonning huquqlari va javobgarligi

Devon oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlardan koʻrib chiqilayotgan masalalarni tahlil qilish va qayta ishlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
  • zarurat boʻlganda, axborot-tahliliy materiallar, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarini jalb qilish, shu maqsadlarda ishchi komissiyalar va guruhlar tuzish;
  • qonunchilikka muvofiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar faoliyatini ular tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari bajarilishi holatini oʻrganish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlariga oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha materiallarni aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun yuborish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlardan ular tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, boshqa hujjatlar loyihalarini qayta ishlashni belgilangan tartibda talab qilish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlariga Devonga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar majlislarida qatnashish;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish.
  • oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif va masalalarni kiritishda ularning ekspert jihatdan sifatli ishlanishini tashkillashtirish, milliy va davlat manfaatlarini taʼminlash;
  • ijro intizomini taʼminlash.
  • Devon faoliyatini tashkil qilish

Ish faoliyati

Devonning ish faoliyati mazkur Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, shuningdek, Devon tarkibiy tuzilmalarining ish rejalari asosida tashkil qilinadi. Devon va uning boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Devonning boshqaruv xodimlari Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Yordamchi xodimlar Devonning Ishlar boshqaruvchisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Devon xodimlarining funksional majburiyatlari Devonning tegishli tuzilmalari rahbarlari tomonidan belgilanadi. Devon xodimlari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun qoʻshimcha toʻlov va ustamalar saqlab qolinadi. Devon xodimlari avvalgi ish joyida xodimlar uchun belgilangan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida amalda boʻlgan mehnat sharoitlarini hisobga olgan va lavozim maoshi hamda boshqa toʻlovlar saqlangan holda, foydalanadi. Devonda ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi. Devonda ishlangan davrda harbiy va maxsus unvonlarni berish tegishli harbiy va maxsus unvonlarni olish uchun zarur boʻlgan vaqt oʻtgandan soʻng avvalgi ish joyida belgilangan tartibda Devonning tegishli tarkibiy tuzilmasi rahbarining tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi. Devon xodimlariga ularning mehnat faoliyati tugatilgandan soʻng, avvalgi ish joyida egallagan lavozimi yoki shunga teng lavozim taqdim etilishi kafolatlari taʼminlanadi, bundan xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi yoki sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlib qolganligi yoxud mehnat vazifalarini buzganligi uchun mehnat faoliyati tugatilgan hollar mustasno. Devon yuridik shaxs boʻlib, Oʻzbekiston gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega.

Manbalar

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
  2. PREZIDENT DEVONI QANDAY MASALALARNI KOʻRIB CHIQADI?
  3. „Komil Allamjonov Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan ozod etildi“. https://m.kun.uz. Qaraldi: 2024-yil 28-noyabr.
  4. 4,0 4,1 Prezident administratsiyasining yuqori rangdagi mansabdorlari roʻyxati eʼlon qilindi, 2018-08-29da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2018-08-29
  5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbar xodimlarini lavozimga tayinlash toʻgʻrisida
  6. https://president.uz/uz/site/managers?menu_id=15