Kontent qismiga oʻtish

Sherzod Asadov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Sherzod Asadov
 Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi.
Mansab davri
2025-yil 14-iyul dan boshlab
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi
Mansab davri
2021 – hozirgi vaqtda
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari
Mansab davri
2020 – 2021
Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi favqulodda va muxtor elchisi, YXHT va Vena shahridagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili
Mansab davri
2018 – 2020
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 4-may 1981-yil (1981-05-04) (44 yosh)
Shofirkon tumani, Buxoro viloyati, OʻzSSR
Kasbi Diplomat
Maʼlumoti Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Sherzod Asadov (1981-yil 4-may Shofirkon tumani, Buxoro viloyati, OʻzSSR) – oʻzbek diplomati. 2025-yil 14-iyuldan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi. 2021–2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi lavozimida ishlagan. Prezident Administratsiyasi rahbari va uning oʻrinbosarlari lavozimi tugatilishi munosabati bilan 2023-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi lavozimida ishlagan.

1981-yil 4-mayda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini „Xalqaro iqtisodiy munosabatlar“ mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Rus, ingliz, ispan va turk tillarini biladi. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Ish faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2007–2008-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi TIV tashqi siyosiy faoliyat tahlili va strategiyasi Bosh boshqarmasida referent va attashe boʻlib ishlagan. 2008–2012-yillarda – Oʻzbekiston Respublikasining Singapurdagi elchixonasida dastlab attashe, keyin esa uchinchi kotib lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Uzoq muddatli xizmat safaridan soʻng ish faoliyatini Tashqi ishlar vazirligi tizimida davom ettirgan. Shunday qilib, 2012-yildan 2015-yilgacha MDH va ShHT mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasida ikkinchi kotib, birinchi kotib va boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan. MDH va ShHT tuzilmalari bilan hamkorlik boshqarmasidagi faoliyati davrida transchegaraviy hamkorlik masalalari bilan shugʻullangan. 2015-2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan va bir vaqtda vazirlik kotibiyatini boshqargan.

2017-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi maslahatchisi – muvaqqat ishlar vakili etib tayinlangan. 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlangan. Shu bilan bir vaqtda, shu yillarda Sh. Asadov Oʻzbekiston Respublikasining YXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar (Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE), BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi, BMTning sanoat rivojlanishi boʻyicha Tashkiloti (UNIDO), Yadro sinovlarini keng qamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti (ODVZYI) huzuridagi doimiy vakili boʻlgan[1].

2020-yil 9-yanvardan Sherzod Asadov YXHT Doimiy kengashining iqtisodiy-ekologik qoʻmitasi raisi lavozimini egallab, Oʻzbekistonning YXHT uchta qoʻmitasidan birini boshqargan birinchi vakiliga aylangan[2].

2020-yil 19-martda Sherzod Asadov Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari etib tayinlangan hamda ushbu lavozimda Oʻzbekistonning BMT, YXHT va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik masalalariga masʼul boʻlgan[3]. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021-yil 24-martda Sherzod Asadovni Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari – Prezident matbuot kotibi etib tayinlagan[4].

2023-yil 17-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Prezident Administratsiyasi rahbari va uning oʻrinbosarlari lavozimini tugatish toʻgʻrisidagi farmoni qabul qilindi. Shu munosabat bilan Sherzod Asadov Oʻzbekiston Prezidentining Matbuot kotibi lavozimida faoliyatini davom ettirdi[5].

2025-yil 14-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan[6].