Nabi Rahimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Nabi Rahimov
Tavalludi sanasi 7-noyabr 1911-yil(1911-11-07)
Tavallud joyi Qoʻqon, Oʻzbek SSR, SSRI
Vafot sanasi 23-noyabr 1994-yil(1994-11-23)
(83 yoshda)
Vafot joyi Toshkent, Oʻzbekiston
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi Aktyor

Nabi Rahimov (1911.7.11, Qoʻqon 1994.23.11, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1950). Oʻzbek davlat drama teatri qoshidagi drama studiyasida oʻqigan (1929). 14 yoshidan Qoʻqon teatri spektakllarida qatnashgan. 1929—94 yillar Hamza teatrida ishlagan. R. harakterli va hajviy rollarni alohida muvaffaqiyat bilan oʻynagan, lekin aktyor repertuarida dramatik fojiaviy obrazlardan tortib, lirik qahramonlargacha mavjud. Uning sahna obrazlarida milliy xalq teatri anʼanalari zamonaviy professional sanʼat tajribasi bilan uygʻunlashib ketgan. U yaratgan obrazlarda hozirjavoblik, oʻtkirsoʻzlik, hazil va badihaga chapdaslik asosiy omil boʻlib, yorqin milliy kolorit, yengil yumori, tashqi koʻrinishining aniq ifodasi, mukammal ijrosi bilan ahamiyatlidir. R. garchi oʻz faoliyatini komik va harakterli aktyor sifatida boshlagan boʻlsada, keyinchalik mavjud yoʻnalishlarning barchasidan eng yaxshi xususiyatlarni oʻzlashtirish va oʻz uslubiga singdirish yoʻlidan bordi. "Xolisxon"da Norboyvachcha, "Ona"da Boltaboy, "Mehmonxona bekasi"da Rippofratta, "Revizor" da Xlestakov, "Uylanish"da Bobchinskiy, "Shohi soʻzana"da Qoʻziyev, "Ogʻriq tishlar"da Marasul, "Hamlet"da Laert kabi obrazlarni 30—50-yillarda yaratdi. Ayniqsa, "Otello"dagi Yago obrazi aktyor yaratgan eng sara obrazlar sirasiga kiradi. Yago obrazi aktyor ijodida nainki satirik tusli, balki kuchli ruhiydramatik kechinmalar namunasidir. Boʻriboy ("Togʻa va jiyanlar"), Bobo Kayfiy ("Mirzo Ulugʻbek"), Shokir ota ("Qutlugʻ qon"), Olbeni ("Qirol Lir") kabi 60-yillarda yaratgan obrazlari eng yaxshi psixologik kuchli rollardir. Keyingi yillar yaratgan Urganjiy ("Buxoro"), Sayd Karimov ("Komissiya"), Ota ("Gʻariblar"), Saʼdiyev ("Oʻn uchinchi rais") singari obrazlari ijtimoiy oʻtkirligi, jisman sokin, ruhan joʻshqinligi, chuqur psixologik talqini bilan alohida eʼtiborga molikdir. Urganjiy obrazi R. ijrosidagi eng murakkab va barkamol obrazlardan biri. Aktyorning oʻtkir ijrosi, murakkab ruhiy kechinmalarni yuzaga chiqarishi, bosiq ohanglar bilan juda katta maʼnoga erishishi diqqatga sazovordir.

R. oʻzbek kinosi rivojiga salmoqli hissa qoʻshganlardan: Aliyev ("Stadionda uchrashamiz"), Turdiyev ("Maftuningman"), Choyxonachi ("41yil olmalari"), Bobo Kayfiy ("Ulugʻbek yulduzi"), Shoqosim ("Qutlugʻ qon"), Us t a Olim ("Oʻtgan kunlar"), Shoh ("Semurgʻ"), Safar boʻzchi ("Mehrobdan chayon"), Us t a Boqi ("Kelinlar qoʻzgʻoloni") va boshqa obrazlari bilan kino oltin fondidan oʻrin oldi. Shuningdek, videofilm va telespektakllarda ham suratga tushgan: "Kutlugʻ qon" (Yormat ota), "Diyonat" (prof. Shobaratov), "Hamma narsa odamlarga qoladi" (akad. Drozdov), "Bobur" (Muhammadjon) va boshqa shular jumlasidan. R. haqida "Nabi Rahimov hayotida ikki kun", "Uchrashuv" videocherklari ishlangan. 1950—65 yillar Sanʼat institutida dars bergan.

Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1967).

Ad.h Rizayev O., Nabi Rahimov, T., 1997. Omonulla Rizayev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil