Uygʻun
Uygʻun (taxallusi; asl ismsharifi Rahmatulla Otaqoʻziyev) (1905.14.5, Jambul viloyati Marki qishlogʻi —1990.22.4, Toshkent) — shoir va dramaturg. Oʻzbekiston xalq shoiri (1965). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1956). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi (1974). Mehnat Qahramoni (1985). Samarqanddagi ped. akademiyada tahsil koʻrgan (1927—30).Oʻzbekiston davlat nashriyotida boʻlim mudiri, "Qurilish" jurnalda masʼul kotib (1930— 31), Madaniy qurilish (1932—33) hamda Til va adabiyot instituti (1933— 43)da ilmiy xodim, sektor mudiri. Hamza nomidagi drama teatrida repertuar boʻyicha badiiy rahbar oʻrinbosari (1947—48), "Sharq yulduzi" jurnalda boʻlim mudiri (1948 — 50), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari (1949—50), raisi (1951—54), ayni vaqtda "Sharq yulduzi" jurnalda masʼul muharrir (195051).
Dastlabki sheʼrlar toʻplami — "Bahor sevinchlari" (1929). U. ijodi 3 bosqichdan iborat. Ijodining dastlabki bosqichida lirik shoir sifatida shakllangan. Ayni paytda "Jontemir" (1931—35), "Brigadir Karim" (1934), "Gulasal" (193435), "Ukraina yellari" (1935) kabi liroepik asarlari bilan shu davr dostonchiligi taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʻshgan. Bundan tashqari, u adabiy meros va zamonaviy adabiy jarayon muammolariga doir maqolalar ham yozgan. Fashizmga, bosqinchilik urushita qarshi kurash pafosi U. ijodining 2bosqichdagi bosh yoʻnalishini belgilab berdi ("Gʻazab taronasi", 1942; "Gʻazab va muhabbat", 1943; "Sheʼrlar", 1944). Bu davrda U. dramaturgiyaga ham murojaat etib, vatanparvarlik ruhidagi "Ona", ulugʻ oʻzbek shoirining 500 yilligiga bagʻishlangan "Alisher Navoiy" (1942, Izzat Sulton bilan hamkorlikda) dramalarini hamda "Qaltis hazil" (1944) komediyasini yozdi. Urushdan keyingi yillarda saqna yuzini koʻrgan "Alisher Navoiy" dramasi keng tomoshabinlar ommasinint Navoiyni kashf etishi va ulugʻ shoirga muhabbat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilishida, shuningdek, oʻzbek adabiyotida tarixiybiografik drama janrining taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik boʻldi. Shundan soʻng U. urush va urushdan keyingi mashaqqatli yillarga bagʻishlangan "Hayot qoʻshigʻi" (1947), "Oltinkoʻl", "Navbahor" (1949) dramalarini yaratdi. Soʻnggi dramasi bilan U. ijodiga qishloq hayoti mavzui kirib keldi. Dramaturg bu asarida urush davrida vayron boʻlgan jamoa xoʻjaligi qayoti misolida eskilik bilan yangilik oʻrtasidagi kurash mavzuini birinchilardan boʻlib urushdan keyingi oʻzbek adabiyotiga olib kirdi. U. ijodining soʻnggi, 3bosqichi 50-yillarning oʻrtalaridan boshlangan. U. tinchlik uchun kurash, vatanparvarlik, mehnatsevarlik singari oʻsha davr adabiyoti uchun muhim hisoblangan mavzularda koʻplab sheʼrlar yozgan ("Tinchlik kuylari", 1960; "Hayot chaqiradi", 1961). Quruq ritorika va pandnasihatdan iborat boʻlgan bu sheʼrlar shu davr sheʼriyati tarixida biror iz qoldira olmagan. U. koʻproq dramaturgiya janrlarida qalam tebratgan. "Navbahor" dramasida koʻtarilgan qishloq mavzuini yana davom ettirib, xotinqizlarning jamoa xoʻjaligiga mohirlik bilan rahbarlik qilishi mumkinligi ("Hurriyat", 1959), paxta yakkahokimligi davri fojialari ("Parvoz", 1963), shaxsga sigʻinishning qishloq sharoitidagi oqibatlari ("Shubha", 1961), tibbiyot xodimlarining inson salomatligi uchun masʼulligi ("Qotil", 1965) kabi masalalar haqida bahs yurituvchi pyesalar yozgan. "Paxta uchun kurash"ning salbiy oqibatlari fosh etilgan "Parvoz" dramasi esa sovet voqeligini buzib koʻrsatishda ayblanib, sahnadan olib tashlangan.
U.ning yoshlar maʼnaviyati muammosiga bagʻishlangan "Parvona" (1966) komediyasi jamoatchilik tomonvdan samimiy kutib olingan. U. Oʻrta Osiyo xalklarining mashʼal siymolari haqida hikoya qiluvchi "Abu Rayhon Beruniy" (1973), "Abu Ali ibn Sino" (1979), "Zebunnisobegim" (1982) tarixiy dramalarini yaratdiki, bu asarlar "Hurriyat", "Parvona" va "Parvoz" pyesalari bilan birga dramaturg ijodining 3bosqichidagi yutuklari hisoblanadi. U. birinchi oʻzbek baleti "Gulandom" (1939) librettosi muallifi, "Oʻzbekiston qilichi" (1942) pyesasi, "Alisher Navoiy" (1947) va "Avliyoning sarguzashtlari" (1958) kinossenariylarining esa mualliflaridan biri.
U.ning adabiy merosida tarjima asarlar alohida oʻrinni egallaydi. Urushgacha boʻlgan davrda A. S. Pushkin va M. Yu. Lermontov asarlari tarjimasida muayyan tajriba orttirgan shoir keyinchalik L.N. Tolstoyning "Hojimurod", A.P. Chexovning "Chayka", U. Shekspirning "Yuliy Sezar" va "Veronalik ikki yigit" asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1984).
Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Uygʻunga taʼziyanoma, „Sovet Oʻzbekistoni“ gazetasi
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |