Carlo Gozzi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Karlo Gotsining hayoti[tahrir]

Karlo Gotsi

GOTSI, Karlo (1720.13.12-Venesiya — 1806.04.04.) — italyan dramaturgi. "Uch apelsin ishqida" (1761) pyesasi bilan teatr ertakchiligi (fiaba) janriga asos solgan. G. ijtimoiy qarashlariga koʻra konservator boʻlgan, hayotdagi hamma tartiblarning joy-joyida qolishini istagan, yangi ijtimoiy tamoyillarni yoqtirmagan, hatto fransuz maʼrifatparvarlarining gʻoyalarini ham qabul qilmagan. Shu bilan birga kiborlar tabaqasining nuqsonlarini ham tanqid qilgan. G. asarlari xalq hazillariga boy, xalq dramalariga xos masharabozlik xususiyatlari yetakchilik qiladi ("Ilon ayol", 1762; "Chin maʼshuqa", 1771 va b.). "Baxtli gadolar" (1764) ertak-pyesasidagi voqealar Samarqandda boʻlib oʻtadi. Unda G.ning odil shoh haqidagi gʻoyalari aks etgan. "Malikai Turandot" (1762) da Sharq ayollarining ijtimoiy ahvoli tasvirlangan. Asar rus tilidan Choʻlpon (1926), Mannon Uygʻur tarjimasida (1928) sahnalashtirilgan. "Baxtli gadolar" Shukrullo tarjimasida nashr etilgan (1969).


Karlo Gotsi Venetsiyada dunyoga kelgan va Dalmatsiydagi uch yillik harbiy xizmatini hisobga olmaganda umrining oxirigacha Venetsiyada yashagan. Karlo Gotsi qashshoqlanib qolgan graf Yakolo Antoniyo Gotsi hamda uning turmush o’rtog’i Anjola Tepoloning farzandi edi. Antoniyo Gotsining o’n bir farzandi bo’lib, Karlo Gotsi ularning oltinchisi edi. Gotsilar oldin savdo bilan shug’ullanib turishgan, metrapoliyadagi bir qancha uylar hamda provinsiyadagi katta yerlarga egalik qilishgan. Biroq Karlo Gotsining tug’ulish arafasida bunday ulug’vorlikdan va boylikdan asar ham qolmagan. Oilaning mustahkam bo’lmaganligi, oilada farzandlar soning ko’pligi Karloning bolalik chog’ida qashshoqlik va tanazzul arafasida edi.

Oilada asosiy rolni Karloning akasi – poet va jurnalist, shoira Luiza Bergallining turmush o’rtog’i – Gasparo Gotsi o’ynar edi. Karlo Gotsining akalari Gasparo hamda Franchesko davlat maktablarida ta’lim olishgan edi, Karlo esa ba’zida ruhoniylardan saboq olib turar edi. Karlo Gotsi keyichalik akasi Gasparoga taqlid qila boshlaydi va uning darajasiga yetishishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi, negaki o’sha vaqti Gasparo Gotsi olim darajasiga yetishgan edi. Oilaning boshqa a’zolari ham she’rlar yozar, komediyalar yaratishar edi. Bo’lajak shoir bolaligida o’zidagi yozuvchilik iqtidorini seza boshlaydi. Dalmatsiyaga jo’nab ketishigacha bir qancha kichik she’rlar ijod qilib turgan.


1740-yilda u harbiy xizmat o’tashga jazm qiladi hamda Dalmatsiya uch yil mobaynida yashaydi. Armiyada xizmat qilish davrida uning dunyoqarashi o’zgara boshlaydi. Xizmatni yakunlagach u ona shahri Venetsiyaga qaytib keladi. Qaytgach u o’zini butunlay oilaviy mulklarini saqlab qolish uchun bag’ishlashga majbur bo’ladi. Bir necha yil ichida u ko’plab qattiqqo’l kreditorlar, dalollar va moliyachilar, advokatlar va sudyalar, bankirlar va soliqchilar bilan muzokaralar o’tkazadi, uyning bitmagan yerlarini ta’mirladi hamda garovdagi joylarini qarzini uzdi. Oxir-oqibat, u o’ziga va oilasiga tinch yashash imkonini taqdim etdi hamda moliyaviy ahvolni nisbatan barqarorlashtirishga erishdi. Ushbu qiyin va murakkab turmush sharoitlarida Karlo Gotsi “kelgusida qashshoqlashib qolishi mumkin bo’lgan kichik Gotsilarni dunyoga keltirish”ni istamay bo’ydoq o’tishga qaror qildi. Erkin bo’lishga intilish, uning tushuntirishi bo’yicha, keyinchalik unga davlat xizmatiga o’tish bo’yicha takliflarni ham rad etishga sabab bo’ldi. Bekor vaqtni u o’zining eng sevimli yumushi bo’lgan badiiy adabiyotga bag’ishladi. U italyan tili va adabiyotini yuksaltirayotgani va o’zining huzuri uchun yozayotgani hamda mashxur dramaturg Goldoni yoki uning akasi, zamonaviy jurnalist Gasparo singari daromad maqsadida yozmayotganligi bilan faxrlanardi. Karlo Gotsi uning adabiy homiyligi ostidagi Sakki truppasi uchun yozib berayotgan she’rlari uchun ham, sahna asarlari uchun ham na pul olardi, na gonorar. Karlo Gotsining tan olishicha, uning mo’yqalamidan tinimsiz “she’r va nasr oqimi” oqardi.

Karlo Gotsi XVIII asrda urfda bo’lgan lirik she’rlar, “tasodifiy” sonetlar, qahramonona va komik asarlar, she’rlar va prozaik satiralar, ertaknamo va turmush komediyalari, traktatlar, pamfletlar, adabiy nazariya va tanqidiy mulohazalar, muhokamalar, nasriy bag’ishlovlar yozib turgan. Uning ba’zi memuarlari alohida nashr qilingan, ko’plab she’rlari o’sha davrning “Raccolti” deb atalgan to’plamlariga aralashib ketgan, ba’zi bir satirik va munozarali maqolalari adibning hayot vaqtida nashr qilinmay qolgan va hozirgacha qo’lyozma holatida turibdi. Karlo Gotsi ijodining katta qismi uning o’limidan so’ng qayt nashr etilmadi va hozirda unitilib yuborilgan.

Karlo Gotsining badiiy didi konservativ ruhda edi va kirib kelgan yangi davrning badiiy-estetik qoidalaridan keskin farq qilib turardi. Karlo Gotsi eski italyan she’riyatini sevardi, xalq ertaklari va niqobli komediyalarni jon dilidan yaxshi ko’rardi. Bunda Karlo Gotsi va Gasparo Gotsi 1747-yilda asos solingan Granelleski Akademiyasi a’zolari orasida o’z hamfikrlarini topishdi. Ushbu akademiya o’z oldiga she’riyatda milliy an’analarni saqlab qolish, italyan tilini asl ko’rinishiga qaytarish, venetsiya badiiy hayotiga ta’sir o’tkazayotgan xorijiy yangiliklar bilan kurashdek katta maqsadlarni qo’ygan edi. Akademiya faoliyati ko’proq kulguli, masxarabozona tusga ega edi (“Granelleski” nomi “grano” so’zidan olingan bo’lib, ham “don”, ham “safsata” degan ma’noni beradi). “Granelleski Akademiyasi mahsuli” nomi bilan chiqarilgan o’ziga xos varaqalar komik qochirmalar, kinoyalar, chuqur ma’noli satiralar va epigrammalar bilan to’la edi. Ushbu “varaqa”larning eng faol ijodkori hisoblangan Karlo Gotsi o’zining satirik nishoni qilib o’sha vaqtda Venetsiyada juda mashxur bo’lgan ikki dramaturg ― Karlo Goldoni va abbat Kyarini tayin qilgan.

“Millatni yaratish uchun, avvalo teatrni yaratish kerak”,― degan edi Gyote. Bu XVIII asr uchun xarakterli mulohaza edi. Italiyada italyan san’atining hech bir yo’nalishi teatrchalik mashxur emas edi. Karlo Gotsi, Karlo Goldoni, Vittorio Alferi ― uning cho’qqisi edi. Biroq hali ham “italyan millati” yo’q edi, faqatgina Avstriya kansleri Metternix ta’biri bilan aytganda “geografik tushuncha” bor edi. O’sha davr Italyan davlatchalariga xos xususiyat bu ularning o’zaro emas, balki boshqa davlatlar bilan ko’proq savdo-iqtisodiy, madaniy aloqa qilayotgani edi. Fransuz ma’rifatparvarlari ishlaridagi eski tuzumning keskin tanqid qilinishi italyan oldi ziyolilari tomonidan yaxshi kutib olindi. Volter Russo, Didro, Monteske Italiyada Fransiyadagiga qaraganda ko’proq mashxur bo’lishadi. “Il Caffe”, “Frusta lotteraria”, “L’Osservatore” kabi qator yangi jurnallar chop etiladi. Tanqidiy ocherklar paydo bo’ldi, hattoki, kimsan Danteni badiiy didsizlikda ayblashdi. Keyinchalik ko’plab italiyalik dramaturglarning ijod mahsullari bu fikrlarning chippakka chiqarishda o’ziga xos qurol edi. Mersyening dramalari italyan sahnalarida g’olibona harakat qildi. Keyichalik venetsiyalik Pyetro Kyari ham o’z asarlari bilan teatr mavqesini yanada yuksaltirdi. Karlo Gotsi davri esa uning Goldoni, Kyari bilan o’zaro raqobati bilan e’tiborlidir. Karlo Gotsi ularni didsizlikda, yolg’on pafos va balandparvozlikda, vulgar naturalizmda, milliy qadriyatlarni va an’analarni inkor qilganlikda hamda xorijiy mashxur yangiliklarni o’ylamasdan ko’chirishda ayblagan. Hozirda bu ikki ijodkorning asarlari italyan dramaturgiyasining saylanma to’plamlarida tinchgina murosa qilishayotgan bir paytda bu holat birmuncha g’alati ko’rinadi, biroq bir narsani yoddan chiqarmaslik darkorki, Goldoni hamkasbidan farqli ravishda asarlari bilan kun kechirgan va uzluksiz mehnat qilgan. Chunonchi, 1750-yilning o’zidayoq u ommaga 16 ta komediyani namoyish qilgan. U yana ko’plab ta’sirli tragediyalar ham yaratib turgan.


Adabiy baxs ular o’rtasida bir necha yil davom etadi (1756-1761) va bu Karlo Gotsini ular bilan ularning maydonida jang qilishga majbur qildi. Buning qanday sodir bo’lgani haqida Pavel Muratov “Italiya obrazlari” kitobida shunday deydi: «Bir kuni Torre del Orolodjio ortidagi qorong’u kunjakda joylashgan Bettinelli kitob do’konida bir nechta yozuvchilar uchrashib qolishdi. Ularning safida Goldonining o’zi ham bor edi. O’zining muvaffaqiyatidan mast bo’lganidan u uzoq vaqt italyan teatrida u tomondan amalga oshirilgan to’ntarishning ahamiyati haqida hikoya qilardi, eski niqoblar komediyasini kulgu va haqoratli so’zlar bilan ko’mib tashladi. O’shanda u yerdagilardan biri ― uzun va ozg’in kishi ― turdi va xitob qildi: “Ont ichaman, eski komediyamizning niqoblari yordamida men “Uch apelsin ishqida”ga sizning har xil “Pamela” va “Irkani”ngizga qaraganda ko’proq tomoshabin yig’aman. Shunda hamma graf Gotsining bu haziliga handon otib kulishdi: “Uch apelsin ishqida” o’shanda enagalar kichkina bolalarga aytib berishadigan xalq ertagi edi. Ammo Karlo Gotsi hazillashmagan edi va bunga Venetsiya tez orada amin bo’ldi.»

Karlo Gotsi memuarlarida bu voqeaning tasdig’ini topolmaymiz, ammo fakt fakt bo’lib qolaveradi. 1761-yilning 25-yanvarida qishki karnaval vaqtida mashxur qiziqchi Antoniyo Sakki boshchiligidagi komediya truppasi aktyorlari San-Samuel teatr sahnasida venetsiyalik omma e’tiboriga Karlo Gotsining birinchi pyesasini namoyish etdilar. Bu ertaknamo spektaklning hazillari, niqoblari, sehrliligi, qochirimlari, ajabtovur effektlari tomoshabinlarni hayratga soldi. Karlo Gotsining ertak va niqoblar komediyasini yagona janr sifatida birlashtirish g’oyasi to’liq amalga oshdi. 1772-yili Gotsi saylanma asarlarini nashr ettirib, unga yozilgan bag‘ishlovda del arte komediyasi haqida quyidagilarni yozdi: «Italiyada teatrlar yopilib qolmas ekan, badiha komediyasi hech qachon yo‘qolmaydi va uning niqoblari ham yo‘q bo‘lmaydi. Men badiha komediyasini Italiyaning shon-shuhrati deb bilaman va uni yozma, uydirma pyesalardan tubdan farqlanuvchi ko‘ngil xushi deb hisoblayman». Chindan ham del arte komediyasi an’analari yashovchan bo‘lib chiqdi. Qizig‘i shundaki, Gotsi del arte komediyasini isloh qilgan Goldoni bilan munozaraga kirib, bu teatr shaklini saqlab qolish u yoqda tursin, uning o‘zi ham Goldoni kabi adabiy dramaga asoslangan yangi teatr janrini yaratdi.

Asosida tragediya va komediya unsurlari ajabtovur ravishda aralashib ketgan ertaknamo asar fiaba (fiabe teatrali) nomini oldi. Karlo Gotsi o’zining bu pyesasida Goldoni va Kyarini jodugar Chelio va farishta Morgana ko’rinishida tasvirladi. Kutilmagan muvaffaqiyatdan ilhomlanib ketgan Antonio Sakki Karlo Gotsiga shartnoma tuzishni taklif etadi va truppa repertuarlarini to’ldirishni o’z zimmasiga oladi. O’zining odatlariga amal qilgan Karlo Gotsi pul olishni rad etadi, shu taqlid truppa aktyorlarining homiysiga aylanadi, negaki endi u to’xtay olmasdi. Besh yil ichida u to’qqizta teatr ertaklarini yaratadi ― “Quzg’un”, “Qirol kiyik”, “Turandot”, “Ilon ayol”, “Zobeida”, “Baxtiyor gadolar”, “Zangori maxluq”, “Yashil qushcha”, “Dzeim – jinlar qiroli”. Ushbu asarlar ham katta obro’ga erishib Gotsi nomini olamga taratdi. Bu to’liq g’alaba edi. Kyari teatr san’atini tashlab oldiniga Breshiyaga, so’ng esa to’liq Amerikaga ko’chib ketdi. Mag’lub Goldoni ham Venetsiyani tashlab Parijga o’tib ketdi. Jang maydonida Karlo Gotsining o’zi qoldi.

Karlo Gotsining keying asarlari mazmuniga ko’ra mashxur asarlaridan ancha farq qiladi, negaki endi pyesalarda badiha uchun kam joy ajratilgan edi. Badiiy parodiya qisman yo’qolib ketadi. Karlo Gotsining eng mashxur va eng yaxshi fiabasi 1762-yil 22-yanvar kuni namoyish etilgan “Turandot” hisoblanadi. Aynan shu asar taqdimotidan so’ng Karlo Gotsi raqiblari Venetsiyani tark etadi, Sakki truppasi esa San-Samuel teatridan shinam va sig’imli Sant-Anjelo teatriga ko’chib o’tishadi.

Karlo Gotsining so’nggi sahna asari bo’lmish “Dzeim ― ruhlar qiroli” 1765-yilda namoyish etilgan. Biroq bu asar muvaffaqiyatsizlikka uchragan, buning sabablaridan biri o’sha vaqtlarda fiabalarni sahnalashtirish, kiyimlar, sahna effektlari uchun katta mablag’ talab etilardi va bu moliyaviy ahvoli havas qilarlik darajada bo’lmagan Venetsiya teatrlari uchun imkonsiz edi. Yana bir holat muhimki, Italiyada dong taratgan Goldoni komediyalari va Gotsi fiabalari Venetsiya hududidan tashqarida namoyish etilmagan. Karlo Gotsi fiabalar yozishni to’xtatadi va nasrdagi ishqiy tragikomediya janriga o’tib ketadi. Gotsi pyesalaridan tashqari “Foydasiz xotiralar” memuari bilan ham mashxurdir. Asar 1780-yilda tugallanib, faqatgina 17 yildan so’ng nashr etiladi. 1771-yil Karlo Gotsi aktrisa Teadora Richchi bilan uchrashishni boshlaydi, ammo Venetsiya senati kotibi Gratol sabab 1776-yil munosabatlarga darz ketadi. Gotsi uni “Le droghe d’amore” (Sevgi damlamasi) komediyasida qiyshang’i olifta ko’rinishida namoyish etib undan qasos oladi. Gratol sharmandalikka chiday olmasdan Stokgolmga ketadi. “Foydasiz xotiralar” memuarida Gotsi hayoti yozilgan bo’lsada, undagi asosiy voqealar Richchi hamda Gartold bilan munosabatlarga bag’ishlangan.

Unutilgan Karlo Gotsi 86 yoshida, o’z yurtida, bu vaqtda o’zi hech qachon bo’lmagan Germaniyada, Italiyada unutilgan deb hisoblangan teatr ertak sahnalariga qiziqish yana paydo bo’lgani va bu qiziqish kuchayotganini bilmasdan vafot etdi.

Turandot asari haqida[tahrir]

Asar no’g’ay tatarlari shahzodasi Kalafning Chin devorlari ostonasida paydo bo’lishi va sobiq otalig’i Baraxni uchratishi bilan boshlanadi. Kalaf unga Xorazmshoh qo’shinlari bilan jangdagi mag’lubiyatlaridan so’ng ota-onasi bilan darbadarlikda yurganliklarini, keyinchalik Xurosonga borishganini va u yerda u ota-onasini boqish maqsadida shoh saroyiga qora ishchi sifatida ishga kirganligini, so’ng dilidagi og’riq va qasos o’ti bilan oldingi martabasini tiklash hamda Xorazmshohdan intiqom olish uchun Chin yurtiga kelganini so’zlab beradi. Birdan atrofda shovqin boshlanadi. Barax bu malika Turandot ishqida adoi tamom bo’lgan yana bir shaxzodaning qatl marosimidan darakligini aytib beradi va Kalafga shahar devoridagi uzilgan boshlarni ko’rsatadi. Keyin o’sha qatl qilingan Samarqand shahzodasining otalig’i kelib qoladi va malikani ahmoqlikda, vaxshiylikda ayblab, uning suratini yerga tashlab ketadi. Kalaf Baraxning qarshiliklariga qaramasdan suratga qaraydi va o’zini yo’qotib qo’yadi, shundan so’ng u Turandot shartlarini bajarib unga uylanishga qat’iy turib oladi. Chin imperatori yana bir bechoraning qiziga ishqi tushganini eshitadi va uni saroyga taklif qiladi. Kalaf bilan suhbatdan so’ng imperator Altoum uni yoqtirib qoladi va uni fikridan qaytishga undaydi, uddalay olmagach qizini chaqirtiradi. Turandot ikki kanizagi bilan kirib kelgach Kalafga ko’zi tushadi va uni yoqtirib qoladi, biroq o’z so’zida turgan holda unga uchta topishmoq aytadi. Kalaf barcha topishmoqlarga to’g’ri javob bergach Turandot aynib qoladi va otasiga yangi topishmoqlar o’ylab topish uchun kam fursat bo’lganligi aytadi hamda Kalafga erga tegishdan bosh tortadi. Shunda Kalaf unga bir savol beradi, agar savolning javobini topsa, u o’z yurtiga jo’nab ketadi, agar topolmasa, Turandot unga erga tegishga majbur bo’ladi. Turandot shartga rozi bo’ladi, bu orada kanizak Adelma imkoniyatdan foydalanish uchun umid paydo bo’lganidan xursand bo’ladi. Kalaf Baraxga voqeani aytib beradi va uni sotmasligni utinib so’raydi, keyin Kalafni saroyga qamab qo’yishadi. Hammasidan xabardor Adelma ishga tushadi va Barax Kalafning do’sti ekanligi bilan bir qatorda Turandotning ikkinchi kanizagi Zelimaning otasi ekanligi aytib beradi. Barax, uning xotini va shu tobda o’g’lini qidirib Chinga kelgan otasi Timur ham Turandot buyrug’i bilan qamoqqa olinadi. Adelma makkorlikka o’tadi va birinchi bor Kalaf yoniga Baraxning xotinini, so’ng uning qizi Zelimani javobni bilish uchun yuboradi. Kalaf bunday aldovga tutulmaydi. Endi Adelmaning o’zi Kalafning oldiga boradi va unga bo’lgan muhabbatiga iqror bo’ladi, unga qochishni taklif qiladi, lekin Kalaf ko’nmagach, Turandot ertalab saharda uni o’ldirish to’g’risida buyruq berganligini aytib Kalafni aldaydi. Shunda Kalaf o’zi haqidagi ma’lumotlarni aytib qo’yganligini bilmay qoladi. Ertalab Kalafni saroyga eltishgach u kechagi voqealar makkorlik bo’lganligini payqab qoladi va pushaymon bo’ladi. Saroyga Turandot motam kiyimida kirib keladi va savolga javob topolmaganini e’lon qiladi. Kalaf ich-ichidan xursand bo’lgan bir vaqtda Turandot uni o’z ismi bilan chaqiradi va g’alaba qozonganini aytadi. Shundan so’ng Kalaf o’zini o’ldirmoqchi bo’ladi, lekin Turandot uni to’xtatib, uni sevib qolganligini aytadi. Adelma esa Turandotga yillar davomida saqlab kelgan barcha nafratlarini to’kib sochadi. Imperator Altoum unga sobiq mulklarini qaytarib beradi va uni o’sha yerlarning malikasi etib e’lon qiladi, Kalafga esa Xorazmshoh o’lgani va uning yurtidagilar sobiq shahzodasini kutayotganliklarini aytadi. Yurtda katta to’y boshlanadi. Shu tariqa ertak o’z nihoyasiga yetadi.


Adabiyotlar[tahrir]