Gilos

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gilos (Cerasus avium L.) — raʼnoguldoshlar (atirgullilar oilasi)ga mansub danakli meva daraxti. Yovvoyi holda Oʻrta va Jan. Yevropa, Eron, Kavkaz, Ukraina, Moldovada uchraydi. Yevropa mamlakatlari, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Xitoy, Yaponiya, Ukrainaning jan., Kavkaz, Boltiqboʻyi va Oʻrta Osiyoda ekiladi.

G. daraxtining boʻyi 10—15 m (baʼzan 30 m gacha boradi), shoxlari qalin, yoyilib oʻsadi. Bargi choʻziq-tuxumsimon, toʻq yashil. Guli oq, ikki jinsli, gulbandi uzun. Mevasining shakli dumalo q, yuraksimon, eti shirali, sirti tekis. Eng ertagi danakli meva. Tarki-bida 7—15% qand, 0,36—1,1% kislota, vitaminlar, 0,2% oshlovchi va 0,7% gacha pektin moddasi bor. Yangiligida isteʼmol qilinadi, kompot, murabbo, tayyorlanadi. G. asal beradigan oʻsimliklar qatoriga kiradi. Danagi magʻzida 30% gacha parfyumeriya sanoatida ishlatiladigan moy bor.

G. unumdor, nam, moʻʼtadil yerlarda yaxshi oʻsadi, yorugʻlik va issiqlikka talabchan. Koʻchati ekilgandan keyin 4— 5-yili hosilga kiradi. Daraxti 100 yilgacha yashaydi, tupi 150—300 kg hosil beradi. Asosan mart—apr.da gullaydi, may—iyunda pishadi. Yozi issiq xududlarda yaxshi oʻsmaydi. Namga talabchan. Asosan magellab olchasi yoki yovvoyi olchaga payvandlab koʻpaytiriladi. Koʻchati sugʻorilib, tagi yumshatilib turiladi. G. yoshartirish maqsadida 2—3 yillik shoxlari butalib, daraxti qoʻshimcha oziqlantiriladi. G. uchun ayniqsa yelim oqish kasalligi gʻoyat xavfli. Erta bahor va yozda insektitsidlar va fungitsidlarning biron turi bilan 2— 3 marta ishlov beriladi.

Navlari. G.ning 100 ga yaqin navi maʼlum. Oʻzbekistonda G.ning Savri surxoni, Qora gilos, Sariq gilos, Bahor, Revershon, Sariq drogana, Chkalov navlari koʻp ekiladi.

Sultan Xolnazarov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil