Fungitsidlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Fungitsidlar (lot. fungus zamburugʻ va caedo — oʻldiraman) — qishloq xoʻjaligi ekinlari kasalliklariga qarshi qoʻllaniladigan kimyoviy moddalar, pestitsidlarttt bir guruhi. F. oʻsimliklar kasalligi qoʻzgʻatuvchilarini yoʻq qiladi, ularning rivojlanishini batamom yoki qisman toʻxtatadi.

Kimyoviy xususiyatlariga qarab F. anorganik (bordo suyuqligi, ohakoltingugurt qaynatmasi, tuyilgan va kolloid oltingugurt, mis kuporosi, temir kuporosi, misning xlor oksidi va boshqalar) va organik (kaptan, vektra, karatan, topaz, bronotak va boshqalar) birikmalariga, shuningdek, antibiotiklar qatoriga kiradi. Kasallik qoʻzgʻatuvchilariga taʼsir etishiga koʻra, F. himoyaviy (oldini olish) va davolovchi turlarga boʻlinadi. Himoyaviy F. oʻsimliklarning zararlanishi va kasallik tarqalishi oldini oladi, asosan, qoʻzgʻatuvchilarning boʻlinish (koʻpayish) organlarini yoʻqotadi. Davolovchi F. oʻsimlik kasallanganidan keyin zamburugʻ mitseliysi, qoʻzgʻatuvchining koʻpayish organlari va qishlaydigan bosqichlariga taʼsir etib, ularni nobud kiladi.

Oʻsimlik toʻqimalari ichida tarqalish xususiyatiga koʻra, sirtdan va singib (ichdan) taʼsir koʻrsatadigan turlarga boʻlinadi. Sirtdan taʼsir etuvchi F. oʻsimlik sirtidagi kasallik qoʻzgʻatuvchilariga bevosita tegib, ularni nobud qiladi. Ularning samaradorligi taʼsir qilish muddati, miqdori (dozasi), ishlov berilgan sathdan ushlanib qolish darajasi, tuproqhavo sharoitlariga bogʻliq. Singib taʼsir etuvchi F. oʻsimlik toʻqimasiga barg , tana (poya), ildiz orqali oʻtib, kasallik qoʻzgʻatuvchilariga taʼsir etadi yoki oʻsimliklarda modda almashinuvi jarayonida qoʻzgʻatuvchilarning rivojlanishini toʻxtatadi; samaradorligi oʻsimlik toʻqimalariga singish tezligi (qisman meteorologik sharoitlarga bogʻliq) bilan belgilanadi. Ishlatilish sharoitlariga koʻra, F. urugʻlikni dorilashda, tuproqdagi kasallik qoʻzgʻatuvchilarini yoʻqotishda, oʻsimliklarning tinim davrida (erta bahor — kurtak koʻkargunicha, kech kuz va qishda qoʻzgʻatuvchilarning qishlaydigan bosqichlariga), vegetatsiya davrida (asosan, yozda kasalliklarning oldini olish preparatlari), omborlarni dudlash va purkashda qoʻllaniladigan turlarga boʻlinadi.

Hozirgi davrda 200 dan ortiq F. maʼlum, ularning 1500 dan ortiq birikmalari va preparatlari dust, emulsiya konsentratlari, suspenziya, kukun, hoʻllanuvchi kukun, aerozol, pasta koʻrinishida ishlab chiqariladi. F.ni ishlatish usullari: purkash, changlatish, sepish, urugʻlikni dorilash, urugʻlikni va omborlarni gazlash (fumigatsiya) va boshqa F. bilan ishlashda texnika xavfsizligiga amal qilish lozim.

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida 90-yillardan boshlab Yaponiya, Germaniya, AQSH, Shveysariya, Hindiston firmalarida hamda "Navoiy elektrokimyo zavodi" aksiyadorlik jamiyatidya ishlab chiqarilgan yuqori samarador F. qoʻllanilmoqda. Koʻpgina mamlakatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda F.ni qoʻllash qonun bilan tartibga solinadi.

Adabiyot[tahrir]

  • Fungitsidi, T., 1980; Oʻzbekiston Respublikasida ishlatish uchun ruxsat etilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxati, T., 2003.

Abdukarim Zikiryoyev.